Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yashirin gunohlaringizni fosh etuvchi “sudya”
Dunyo adabiyotining detektiv janrida eng ko‘p o‘qilgan asarlardan biri – Agata Kristining “O‘nta negr bolasi” romanidir. “Detektiv janrining malikasi” deb tan olingan ingliz yozuvchisining bu asari dunyoda eng ko‘p tarjima qilingan kitoblar qatoriga kiradi.
O‘sha mashhur “Erkyul Puaro”ni ham aynan Agata xonim yozgan. Bu xonim saksondan ortiq romanlar muallifi.
Bugun “5 daqiqa”da Agata Kristining “O‘nta negr bolasi” (“Ular o‘nta edi”) romani haqida gaplashamiz.
Agata Kristi - “O‘nta negr bolasi”
Roman o‘n nafar odamning orolga chaqirilishi bilan boshlanadi. Ular turli qatlam vakillari: sudya, harbiy, sobiq politsiyachi, boyvachcha, xizmatchi, shifokor va shu kabilar. Har biriga turli bahonalar bilan taklifnoma yuborilgan. Ular o‘ylaydiki, orolda ularni chiroyli hordiq, shohona munosabat yoki ish yuzasidan uchrashuv kutardi. Ammo voqea umuman boshqacha tus oladi.
Orolga kelgan zahotiyoq mehmonlar devorga ilingan g‘aroyib she’r bilan tanishadi. Unda “o‘nta negr bolasi” haqida gap boradi va har misrada bitta bola qandaydir sabab bilan halok bo‘lib boradi. Bu avvaliga bolalar qo‘shig‘iga o‘xshab tuyuladi, biroq ko‘p o‘tmay, voqea hayotga ko‘chadi.
Orolda faqat o‘n kishi bor edi...
Birinchi kechadayoq mehmonlardan biri g‘alati tarzda o‘lim topadi. Qolganlar buni tasodif deb o‘ylaydi, ammo keyingi kunlarda ham o‘limlar davom etadi. Har bir o‘lim she’rdagi satrga mutanosib sodir bo‘ladi. Masalan, bir misrada bola mast holatda halok bo‘lsa, orolda ham shu voqea qaytariladi.
Mehmonlar orasida hech kimga ishonch qolmaydi. Hamma bir-birini ayblay boshlaydi, chunki orolda boshqa odam yo‘q edi. Ularning orasida kimdir qotil ekani aniq.
Vijdon - eng adolatli sudya
Asta-sekin ma’lum bo‘ladiki, orolga taklif qilinganlarning barchasi o‘tmishda biror gunoh sodir etgan. Ular qonundan qochib, jazodan qutulib qolishgan. Ammo vijdondan qochish mumkin emas. Qotil esa o‘zini “adolat” qo‘li deb hisoblaydi va har biriga qilgan ishi uchun jazo tayyorlaydi.
Asarda nafaqat qotilni topish siri, balki har bir insonning o‘tmishidan kelib chiqqan qora izlari ham ochiladi. Bu jihat romanni oddiy detektiv emas, balki falsafiy asarga aylantiradi.
Qotil kim?
Hikoyaning eng qiziq nuqtasi – qotilning kimligi. O‘quvchi har sahifada gumon qiladi, birovga ishonadi, keyin o‘sha ishongan kishisi ham yo‘q bo‘lib ketadi. Natijada asar so‘ngida chiqadigan haqiqat kutilmagan burilish sifatida o‘quvchini larzaga soladi.
Agata Kristi mahorat bilan har bir detalni o‘ylab ishlagan: qotilning o‘yini, uning rejasi va o‘limlar tartibi. Shu sababli ham bu asar dunyo bo‘ylab millionlab nusxada sotilgan va jahon adabiyotida eng ko‘p o‘qilgan detektivlardan biriga aylangan.
Bu asar nega bunchalik mashhur?
Birinchidan, syujyetning oddiy va shu bilan birga kuchli dramatizmi. Bir orol, o‘n kishi, sirli she’r va o‘limlar zanjiri. Hech qanday qochish yo‘li yo‘q.
Ikkinchidan, inson vijdoniga bevosita ta’sir qiladi. Har bir o‘quvchi o‘z-o‘ziga savol qo‘yadi: agar men ham qonundan qochgan bo‘lsam, vijdonim meni qachon va qanday jazolardi?
Uchinchidan, asar butunlay kutilmagan yakuni bilan ham mashhur.
Qotil aniq bu o‘n kishining ichida edi. U sud va jamiyat ojiz qolgan nuqtada harakatga keladi va hammani yo‘q qiladi. O‘zini ham. U bir vaqtning o‘zida vijdonli, shu bilan birga qotil edi.
Xulosa
“O‘nta negr bolasi” – bu shunchaki qotillik detektivi emas. U insonning o‘tmishi va vijdoni uni qay darajada qiynashi mumkinligini ko‘rsatadi. Qonundan qochish mumkin, ammo o‘zingizdan emas.
Asarni o‘qirkansiz, o‘zingizga savol berasiz: men bu orolga tushib qolsam, qaysi gunohim haqida o‘ylardim? Vijdonim menga nimani eslatgan bo‘lardi?
Ushbu kitobni quyidagi havola orqali yuklab olib, to‘liq audio shaklda eshitishingiz mumkin.
Isomiddin Po‘latov.