O‘zbekiston | 19:42 / 22.09.2025
19863
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga uchastkaning bir qismini boshqa foydalanuvchiga o‘tkazishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda endi yer ijarachilari qishloq xo‘jaligi yerlarining bir qismini ijaraga bera oladi. Prezident farmonida bunday holatlar uchun uchastkani ajratish va yangi chegaralarni belgilash bo‘yicha yangi davlat xizmati ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi yerlarida mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yerdan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmon imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, tumanlar va shaharlar hokimlari barcha bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi yerlarining kadastrga o‘z vaqtida kiritilishi, foydalanish huquqining bekor qilinishi va ro‘yxatga olinganidan keyin 10 kundan kechiktirmay elektron auksionga qo‘yilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Bunday yerlardan mahalliy budjetga tushadigan ijara daromadlari xalq deputatlari kengashlari qarori bilan faqat qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini — irrigatsiya, suvni tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirish, yangi va tashlandiq hududlarni o‘zlashtirish, ilmiy yangiliklarni joriy etish uchun ajratiladi.

Ijarachilarga yer uchastkalarining bir qismini (bungacha to‘liq yoki qisman ijaradagi) minimal maydon talablariga (Yer kodeksining 46−1-moddasi bo‘yicha) amal qilish hamda chegaralar va mavjud sug‘orish tizimlarini saqlanib qolish sharti bilan boshqa shaxslarga ijaraga berish huquqi berildi. Bunday holatlar uchun uchastkani ajratish va yangi chegaralarni belgilash bo‘yicha yangi davlat xizmati ishga tushiriladi.

Farmonda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlariga mulkchilikning yagona shakli faqat ijara huquqi ekani belgilandi. Mulkchilikning boshqa shakllari ro‘yxatga olinmaydi, bundan quyidagilar mustasno:

  • davlat organlari, muassasalar va korxonalarning ijara huquqidan boshqa turdagi huquq bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi yerlari, shuningdek, yer fondining boshqa toifalaridagi qishloq xo‘jaligi yerlari;
  • 2021 yil 1 avgustga qadar yakka tartibda uy-joy qurish huquqi bilan dehqon xo‘jaligi va tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun hamda bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlariga ajratilgan yerlar.
  • 2027 yilning 1 yanvariga qadar mulkdorlar va foydalanuvchilar mahalliy kengashlar qarorlari asosida ijaraga berish huquqlarini o‘zgartirishi mumkin. O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslari uchun ijara muddati 30 yil, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun 25 yil.

Mutasaddi tashkilotlarga jarayonning shaffofligini ta’minlash, ma’lumotlarni E-ijara tizimiga o‘z vaqtida kiritish, doimiy foydalanishdagi yer uchastkalarini qayta taqsimlashni 2026 yil 1 yanvarga qadar yakunlash hamda ikki oy muddatda ijaraga berish bo‘yicha yangi normalarni hisobga olgan holda yer qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qonun loyihasini kiritish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid