Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyning dollardan voz kechishi tezlashdi. Qanday qilib?
Rasmiy Pekin yuanni «voyaga yetgan» deb hisoblashni boshladi, deb yozadi The Economist. Bu bir qator omillar bilan xarakterlanadi. Xususan, Xitoy savdosining 30 foizi, transchegaraviy tushumlarning 50 foizi yuanda amalga oshirila boshlangan. Shuningdek, raqamli yuan, QR kod orqali to‘lovlar va SWIFT’ga o‘xshash CIPS orqali dollar tizimidan foydalanmasdan turib ham tranzaksiyalarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.
Foto: Mariaelena Caputi
Donald Trampning radikal savdo siyosati, budjet tanqisligi va AQSh Markaziy banki – Federal rezerv mustaqilligiga tahdid solinayotgani fonida dollar jiddiy zaiflashishi mumkin. Joriy yil boshidan beri AQSh valutasi o‘z savdo vaznini 7 foizga kamaytirdi, bu 1973 yildan beri qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich.
The Economist’ning yozishicha, Xitoy rahbariyati yuqoridagi holatdan katta imkoniyat sifatida foydalanmoqchi. Yuan Trampning qayta prezidentlikka kelganidan keyin o‘zining eng yuqori darajasiga yetgan. Tashqi investorlarda ham Xitoy valutasiga nisbatan qiziqish oshib boryapti. Ko‘plab hukumatlar dollarga alternativ izlashni boshlashgan.
Xitoyning yuanni xalqaro miqyosda ommalashtirish istagi ham yangilik emas. Mamlakat bunga ilk bor 2009 yilda urinib ko‘rgan va kapital nazoratlarini qisman yumshatgandi. Ammo 2015 yildagi fond bozori inqirozi va valuta qadrsizlanishidan so‘ng, pul oqimi mamlakatdan chiqib ketdi. Shundan so‘ng qat’iy kapital nazorati joriy qilindi va yuanning o‘sishi to‘xtatildi. Bu safar rasmiy Pekin erishilgan yutuq mustahkam bo‘lishi va kapital oqimlari ustidan qat’iy nazorat saqlanishini ta’minlamoqchi.
Xitoy yetakchilari xalqaro miqyosda tan olingan yuan mamlakatdagi eksportchilarni dollar qiymatining tebranishlaridan himoya qiladi, deb hisoblashadi. Bundan tashqari, bu AQSh moliyaviy sanksiyalarining ta’sirini kamaytirishi ham mumkin. Ba’zi rasmiylar xorijiy kompaniyalar va investorlar davlatning qat’iy nazoratini e’tiborsiz qoldirishiga hamda buni ustunlik deb ham ko‘rishiga umid qilyapti. So‘nggi yillarda Xitoy juda muvaffaqiyatli ishlarni amalga oshirdi. Yuanning xalqaro hisob-kitoblardagi ulushi oshdi, dollar tizimiga alternativ moliyaviy infratuzilma yaratildi.
Xitoy nimalarga erishdi?
Har qanday mezon bo‘yicha olinsa ham, yuan hali kuchli «obro‘»ga ega emas. Xitoyning dunyo iqtisodiyotidagi ulushi qariyb 20 foiini tashkil etsa-da, yuanning xalqaro to‘lovlardagi ulushi atigi 4 foiz. Dollarda bu ko‘rsatkich 50 foiz. Markaziy banklar zaxiralarida yuan faqat 2 foizni ulushga ega. Dollar esa 58 foiz. Bunday katta tafovutning asosiy sababi – Xitoydagi pul oqimi ustidan saqlanayotgan qat’iy nazorat. Ko‘plab iqtisodchilar hozirgi holatda yuanni xalqaro valutaga aylantirish deyarli imkonsiz, deb hisoblashadi.
Qayd etish lozimki, AQSh dunyodagi eng katta iqtisodiyotga aylangandan keyin ham dollarning ustunligini ta’minlash uchun o‘nlab yillar harakat qilgan. Shu jihatdan qaralsa, Xitoy juda tez rivojlanyapti. Yuanning xalqaro to‘lovlardagi ulushi 2022 yildan beri ikki baravar oshdi. Bu asosan ichki siyosatdagi o‘zgarishlar tufayli yuz berdi. Xitoy o‘zining tovar va xizmatlar savdosida yuandan ko‘proq foydalanishni boshladi — hozirda bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshgan (2019 yilda 14 foiz edi). Pekin barcha transchegaraviy tushumlarining (moliyaviy oqimlar ham kiradi) 50 foizidan ko‘prog‘ini yuan orqali amalga oshiradi — bu ko‘rsatkich 2010 yilda atigi 1 foiz bo‘lgan.

Pekindagi Trivium China konsalting firmasi eksperti Dinni MsMahonga ko‘ra, siyosatchilar yuanning ichki va tashqi bozorlarda barqaror aylanishini xohlashadi. Bu esa xorijdagi yuan savdosini kuchaytiradi va chet elliklarning valutaga kirish qulayligini yaxshilashi kerak. May oyida mamlakat regulyatori yirik banklarga savdoni osonlashtirish uchun ajratilgan kreditlarning kamida 40 foizi yuanda bo‘lishi kerakligi bo‘yicha topshiriq beradi.
Aylanmani oshirish uchun Xitoy rasmiylari savdo sheriklarini yuanni to‘lov vositasi sifatida qabul qilishga undamoqchi. Ularga yuan majburiyatlarini (qarz, obligatsiya va h. k.) taklif qilish bu borada asosiy vositaga aylangan. FZT tadqiqotchilari tomonidan may oyida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, Rossiyaga sanksiyalar qo‘yilganidan so‘ng, Xitoy banklari xorijga yangi kreditlarini deyarli to‘liq dollardan yuanga o‘tkazgan (ilgari bu ko‘rsatkich faqat 15 foiz bo‘lgan). Natijada yuandagi kreditlari uch baravar oshgan.

CIPS va raqamli yuan
Xitoy o‘z moliyaviy infratuzilmasini ham mustahkamlashni boshlagan. Endilikda Pekin boshqa davlatlar bilan dollar tizimidan foydalanmasdan turib ham tranzaksiyalarni amalga oshira oladi. Bunga raqamli yuan, QR kod orqali to‘lovlar (Osiyoda ommalashgan) va eng muhimi – SWIFT tizimiga o‘xshash CIPS yordam beradi. Atlantic Council tahlilchisi Josh Lipskiyga ko‘ra, Xitoy banklari SWIFT’dan mustaqil ishlay olgani uchun yuan orqali xalqaro to‘lovlar statistikada kamroq ko‘rsatilayotgan bo‘lishi mumkin.
CIPS’ga butun dunyo bo‘ylab 1700 dan ortiq bank a’zo bo‘lgan — bu Ukraina urushidan oldingi davrga nisbatan uchdan bir qismga ko‘p. Birgina 2024 yilda tranzaksiyalar hajmi 43 foizga o‘sib, 175 trillion yuanga (24 trln dollar) yetgan. Shuningdek, 33 ta bozorda yuandagi to‘lovlarining hisob-kitobini amalga oshiruvchi kliring banklar ish boshlagan. Xususan, bu ro‘yxatga joriy yilda Turkiya va Mavrikiy ham qo‘shildi. Iyun oyida Xitoy BAA bilan Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi CIPS tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
O‘tgan yilda Xitoyning boshqa markaziy banklar bilan birga ishlab chiqqan mBridge raqamli valuta tarmog‘ida milliardlab dollar tranzaksiya amalga oshirilgan. AQSh rasmiysi bu hajm iqtisodiy nuqtayi nazardan kichik bo‘lsa-da, geosiyosiy ta’sir jihatdan ahamiyatli ekanini tan olgan. Avgustda Shinjondagi kompaniya xorijiy aksiyadorlariga mBridge orqali to‘lov qilgan.
Mavjud vaziyatdan foydalangan holda Xitoy o‘z moliyaviy bozorini chet elliklar uchun kengaytirishga harakat qilyapti. Bu yil xorijiy investorlarga ochilgan moliyaviy shartnomalar soni ikki baravar oshdi. Mahalliy investorlar uchun xorijga sarmoya kiritish kvotalari ham kengaydi. Dollarga ishonch pasayishi va qulay makroiqtisodiy muhit Xitoyning harakatlarini qo‘llab-quvvatlayapti. Fond bozori o‘smayapti, bu esa chet elliklarga yuandagi aktivlarini ushlab turish uchun moliyaviy rag‘bat beradi. Foiz stavkalari pasayib, deflyatsiya boshlangani sababli offshor yuan bozorida qarz olish narxi 2 foizdan pastga tushdi — bu 2013 yildan beri eng past daraja.
Yil yakuniga qadar «dim sum» deb nomlanuvchi yuan obligatsiyalari rekord miqdorda chiqarilishi kutilyapti. Iyul oyida Vengriya 5 milliard yuanlik “panda obligatsiyalar” chiqardi — bu suveren emitentlar orasida eng katta ko‘rsatkich. 8 sentabrda Financial Times Rossiya energetika kompaniyalari yuanli obligatsiyalar chiqarishga ruxsat olganini xabar qildi. Keniya Xitoyga bo‘lgan dollar qarzlarini yuanga almashtirmoqchi. Braziliya yangi emissiyani ko‘rib chiqyapti, Pokiston rasmiylari sarmoya jalb qilish uchun Pekinga tashrif buyurishdi.
Shov-shuvlarga qaramay, rasmiy Pekin uzoq muddatli strategiyaga amal qilyapti. Iyun oyida Xitoy Markaziy banki rahbari Pan Gongshen global moliyaviy tizim «ko‘p qutbli» bo‘layotganini ta’kidlab o‘tdi va kelajakda dollar boshqa valutalar, xususan yuan bilan raqobatga duch kelishini aytdi.
Mavzuga oid
20:08 / 22.11.2025
Keyingi 3 yilda dollar kursi qanday bo‘ladi? S&P prognozi
11:45 / 20.11.2025
Deyarli barcha banklarda dollar kursi 12 ming so‘mdan pastga tushdi
13:30 / 18.11.2025
Plaza kelishuvi: AQSh nega dollarni “sindirgan” edi?
21:08 / 07.11.2025