Jahon | 11:24 / 30.09.2025
4349
3 daqiqa o‘qiladi

HAMAS ishtirokidagi Falastin davlatiga G‘arb ham, arab davlatlari ham rozi emas - Shavkat Ikromov

Falastin davlat sifatida tan olinar ekan, HAMAS buni o‘z g‘alabasi sifatida talqin qilmoqda. Ammo ko‘plab muhim davlatlar Falastin davlatining tashkil topish sharti sifatida G‘azoda HAMAS hokimiyatiga nuqta qo‘yilishi kerakligini aytib keladi. Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bu murakkab vaziyatni izohladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Falastinning dunyo davlatlari tomonidan tan olinishi HAMAS uchun g‘alabami?

Shavkat Ikromov: HAMAS Falastin davlat sifatida tan olinayotganini o‘zining g‘alabasi sifatida talqin qilmoqda. Ular: “Bizning kurashimiz natijasida Falastin davlat sifatida tan olinyapti”, deya bayon qilmoqda. Lekin Falastinning rasman davlat sifatida shakllana boshlashi – uning boshqaruvidan HAMAS ketishini taqozo qiladi.

Falastinni tan olgan davlatlar G‘azo hududini Falastin yerlari sifatida e’tirof etadi, lekin ular Falastin davlatini Mahmud Abbos boshchiligidagi ma’muriyat bilan bog‘laydi. Shu sababli hech bir davlat HAMASni rasmiy boshqaruv sifatida tan olayotgani yo‘q.

Ayniqsa, arab mamlakatlari HAMASning hokimiyatda bo‘lishini istamaydi. Chunki ular radikal guruhlarga qarshi keskin siyosat yuritmoqda. “Arab bahori” va Suriya inqirozidan keyingi tajriba bu masalani yanada dolzarbroq qilgan. Misr bunga yaqqol misol: u Musulmon birodarlar harakati bilan uzoq yillardan beri keskin ziddiyatda bo‘lgani uchun, HAMASni ham o‘ziga xavf deb biladi. Xuddi shunday, Saudiya yoki Qatar ham HAMASning rasmiy boshqaruvda bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamaydi.

Shu nuqtayi nazardan, masala juda murakkab va keng muhokamaga sabab bo‘ladi. HAMAS tan olinayotgan davlatni o‘zining g‘alabasi sifatida ko‘rmoqda, ammo davlat tuzilgach, ularning kelajagi qanday bo‘lishi savol ostida qolmoqda. HAMASning o‘zi ham yaxshi biladiki, yangi davlat boshqaruvida ular uchun joy topilishi qiyin. Bu esa ular uchun amalda siyosiy mag‘lubiyat bo‘lishi mumkin.

Bu fikrlarimni Mahmud Abbos hukumatini oqlash maqsadida aytmayapman. Abbos hokimiyatda ekan, uning ma’muriyati ko‘pincha “qo‘g‘irchoq hukumat” sifatida tanqid qilingan. Shuningdek, Falastin ma’muriyati vakillari ham bu jarayonda o‘zlarini chetda his qilmayapti: ular bu tan olinishlarni “uzoq yillik diplomatik sa’y-harakatlarimiz samarasi” deb talqin qilmoqda.

Suhbatni to‘liq YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid