Xalqaro munosabatlar bo‘yicha tahlilchi Mirzo Rustamov Kun.uz'ga taqdim etilgan maqolasida Ozarboyjonning G‘abala shahrida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti va O‘zbekistonning tashabbuslari haqida so‘z yuritadi.
G‘abala sammiti Turkiy davlatlar tashkilotining ramziy integratsiyadan Yevroosiyo makonida yangi kuch markazini izchil barpo etish bosqichiga o‘tganini namoyon qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari ushbu transformatsiyaning miqyosi va mazmunini belgilab, Turk dunyosi uchun kelgusi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan strategik ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab berdi.
Yaqingacha Turkiy davlatlar tashkiloti faqat madaniy hamkorlik maydoni sifatida qabul qilinardi. Endi esa u haqiqiy siyosiy va institutsional qiyofa kasb etmoqda.
Prezident Mirziyoyevning Samarqandda tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining ilk qo‘shma yig‘ilishini o‘tkazish haqidagi taklifi yangi darajadagi muvofiqlashuvga – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning milliy mexanizmlarini yaratish bosqichiga o‘tishni anglatadi.
Bu esa «turkiy barqarorlik arxitekturasi»ning shakllana boshlaganini ifoda etadi. Xavfsizlik endilikda faqat tahdidlarga qarshi kurash emas, balki ishonch, muloqot va javobgarlik tizimi sifatida talqin etilmoqda.

Asosiy tashabbuslardan biri – Toshkentda Loyiha ofisiga ega bo‘lgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha doimiy kengashni tashkil etishdir.
Bu qadam O‘zbekistonning turkiy iqtisodiy makon koordinatori sifatidagi nufuzini mustahkamlaydi hamda sanoat kooperatsiyasi, investitsiya platformalari va umumiy reglamentlar orqali funksional integratsiya sari yo‘l ochadi.
Shakllanayotgan «Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni»da asosiy mexanizmlar jamlangan: Sanoat alyansi, «Turkiy yashil yo‘laklar» tizimi va «Yashil transformatsiya» konsorsiumi. Shu tariqa Turk dunyosi barqaror rivojlanishning o‘z modeliga ega bo‘lmoqda – u yerda iqtisod, ekologiya va texnologiyalar yagona o‘sish strategiyasiga aylanmoqda.
O‘rta koridorni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘oniston yo‘nalishi bilan bog‘lash bo‘yicha taklif mintaqa uchun yangi imkoniyat ochdi.
Bu faqat transport emas – bu infratuzilma geosiyosati bo‘lib, haqiqiy o‘zaro bog‘liqlik va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratadi.

















