Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev 15 may kuni Turkiy davlatlar taşkilotining “Sun’iy intellekt va raqamli rivojlaniş” mavzusidagi norasmiy sammitida iştirok etdi.
Turkiston şahrida bölib ötgan tadbirda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozoğiston prezidenti Qosim-Jömart Töqayev, Qirğiziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdöğan, TDT boş kotibi Kubaniçbek Omuraliyev qatnaşdi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almaşilib, köp qirrali hamkorlikning bugungi holati va amaliy şeriklikning ustuvor yönalişlari atrofliça muhokama qilindi.
Özbekiston rahbari nutqining avvalida Buyuk ipak yölining muhim savdo va madaniyat markazi hisoblangan Turkiston şahrida norasmiy sammit yuksak darajada taşkil etilgani uçun Qozoğiston prezidenti Qosim-Jömart Töqayevga taşakkur izhor etdi.

Şuningdek, TDTdagi samarali raisligi hamda tuzilmaning xalqaro nufuzini mustahkamlaş yölida amalga oşirayotgan sa’y-harakatlari uçun Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga minnatdorlik bildirdi.
Turkiy dunyo integratsiyasi qardoş xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor bölgan uzoq muddatli strategik masalaga aylanayotgani ta’kidlandi.
– Bugungi uçraşuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga töğri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda işonç taqçilligi yanada kuçayib, global institutlarning örni va ta’siri borgan sari zaiflaşmoqda. Bu muammolar bizdan özaro muloqotlarni faollaştirib, muhim masalalar böyiça uyğun pozitsiyalarni işlab çiqişni taqozo etmoqda, – dedi Özbekiston prezidenti.

Sönggi yillarda Turkiy davlatlar taşkiloti barqaror rivojlaniş sur’atlarini namoyiş etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Jumladan, 2025 yilda davlatlarimiz umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oşdi va uning dinamikasi global ösişdan ikki barobar yuqori böldi.
Ötgan yilning özida Özbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga ösdi. Joriy yildan Turkiy investitsiya jamğarmasi operatsion faoliyatini boşladi. Markaziy banklar kengaşi, “yaşil” moliyalaştiriş böyiça Turkiy kengaş işi yölga qöyildi.






















