Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Stressdan xalos bo‘lishning eng oddiy yo‘li: tabiat qo‘ynida 20 daqiqa vaqt o‘tkazish tanamizni qanday quvvatlaydi?
Zamonaviy hayotning shovqin-suronida biz tabiatni tobora unutmoqdamiz. Aslida u tana uchun eng arzon va tabiiy dori. Olimlarning ta’kidlashicha, atigi 20 daqiqa daraxtlar orasida sayr qilish yurak urishini sekinlashtiradi, stressni kamaytiradi va immunitetni kuchaytiradi. Mazkur maqolada “yashil retsept”ning tanada qanday ishlashi va foydalari haqida so‘z boradi.
Foto: Getty images
Tabiat inson tanasini sokinlik bilan davolaydi. Yashil daraxtlar, qushlar sayrashi va shamol shovqini tanadagi asab tizimini osoyishta holatga keltiradi. Yashil olamda qisqa muddat bo‘lishning o‘zi yurak urishini sekinlashtiradi, qon bosimini me’yorga keltiradi va tanadagi stress gormonlarini kamaytiradi.
Xotirjamlik kuchayadi
Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan yirik ilmiy tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, insonning sog‘lom hayoti va ruhiy farovonligi tabiat bilan qay darajada aloqada bo‘lishiga bevosita bog‘liq. Exeter universiteti olimlari olib borgan tadqiqotda 20 mingga yaqin ishtirokchi qatnashgan. Ularning kundalik hayot tarzi, sog‘lig‘i va tabiatda o‘tkazgan vaqti tahlil qilinganda haftasiga kamida 120 daqiqa (ya’ni ikki soat) tabiat qo‘ynida bo‘lgan odamlar o‘zlarini sog‘lomroq, tinchroq va baxtliroq his qilishlarini bildirgan.
Bu ikki soatni bir kunda yoki hafta davomida qisqa muddatlarga bo‘lib o‘tkazish ham yetarli bo‘ladi, muhim jihati, inson organizmi tabiat bilan bevosita aloqa qilayotganini his qilishi. Daraxtlar orasidagi, bog‘da ishlash yoki oddiygina parkda o‘tirish ham bu ta’sirni beradi.
Gormonlaringiz muvozanatga keladi
Ochiq havoda, ayniqsa, daraxtzor yoki o‘rmon muhitida vaqt o‘tkazish natijasida tanadagi kortizol va adrenalin miqdori, ya’ni stress gormonlari tabiiy ravishda kamayadi. Shu bilan birga, immun tizimining himoya hujayralari, xususan, “natural killer” (NK) hujayralar faollashadi. Ushbu hujayralar organizmni virus va yallig‘lanishlardan himoya qiladi.
Yaponiyada o‘tkazilgan mashhur “shinrin-yoku” (o‘rmon vannasi) tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, uch kunlik qarag‘ay o‘rmonida dam olgan insonlarning tanasida NK hujayralari soni sezilarli darajada oshgan va bu ko‘rsatkich kamida bir haftagacha yuqori darajada saqlanib qolgan. Olimlar mazkur holatni daraxtlar chiqaradigan tabiiy aromatik moddalar – fitonsidlar ta’siri bilan izohlaydi. Fitonsidlar nafas yo‘llari orqali tanaga kirganda asab tizimini tinchlantiradi, yurak urishini sekinlashtiradi va immunitetni faollashtiradi.
Shu boisdan, ayrim mamlakatlarda shifokorlar bemorlarga dori-darmon bilan bir qatorda “yashil retsept” (green social prescribing), ya’ni haftasiga kamida bir necha marta tabiat qo‘ynida sayr qilishni ham tavsiya etishmoqda. Bunday “yashil retsept”lar Buyuk Britaniya, Kanada va Yaponiyada allaqachon tibbiy amaliyotga kirgan. Shifokorlar fikricha, bu oddiy, bepul va tabiiy usul orqali odamlar ruhiy zo‘riqish, charchoqdan va depressiyadan xalos bo‘lishi mumkin.
Ifor ham davolaydi
Qiziq tomoni shundaki, tabiatning tinchlantiruvchi xususiyati faqat ko‘rish yoki yurish bilan cheklanmaydi, hid sezish orqali ham bu ta’sir yuzaga chiqadi. Qarag‘ay, yomg‘ir yoki nam tuproqning tabiiy hidi inson miyasida “xavfsizlik” va “xotirjamlik” bilan bog‘liq neyronlarni faollashtiradi. Shuning uchun, hatto qisqa muddat, masalan, atigi bir necha daqiqa o‘rmon yoki bog‘da bo‘lishning o‘zi stressni kamaytiradi, kayfiyatni ko‘taradi va uyqu sifatini yaxshilaydi.
Ichakdagi foydali bakteriyalarni ko‘paytiradi
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, tabiatda ko‘p vaqt o‘tkazadigan insonlarda mikrobiota, ya’ni ichakdagi foydali bakteriyalar xilma-xilligi yuqori bo‘ladi. Bu bakteriyalar ovqat hazmini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi va kayfiyatni barqaror saqlashda muhim rol o‘ynaydi.
Shahar shovqini va havo ifloslanishi esa, aksincha, foydali mikroorganizmlarni kamaytiradi, ushbu jarayon ichak faoliyati buzilishi, surunkali charchoq va hatto ruhiy tushkunlikka olib kelishi mumkin. Shuning uchun olimlar haftasiga kamida bir necha marta ochiq tabiatda yurishni tavsiya etadi.
Tabiatni uyga ko‘chiring!
Bugungi tezkor hayotda tabiatda sayr qilish uchun doimiy vaqt ajratish oson emas. Ammo uni xonadonga ko‘chirish imkoni bor. Uyni o‘simliklar, havo va yorug‘lik bilan to‘ldirish bu borada eng samarali yo‘ldir.
NASA olimlari o‘tkazgan tadqiqotda aniqlanishicha, aloye vera, xlorofitum, drasena, spatifillum kabi o‘simliklar havodagi toksik moddalarni 80 foizgacha kamaytiradi. Bunday yashil muhit inson kayfiyatini yaxshilaydi, stress gormonlarini pasaytiradi va konsentratsiyani oshiradi.
Mutaxassislar, shuningdek, efir moylari bilan aromaterapiya qilishni ham tavsiya etadi. Lavanda, qarag‘ay, limon va evkalipt hidlari asab tizimini tinchlantiradi, yurak urishini me’yorga keltiradi va uyqu sifatini yaxshilaydi.
Tabiatni his qilish uchun uzoqqa borish shart emas, derazani oching, xona burchagiga kichik gul idishi qo‘ying yoki lavanda moyi bilan havoni tozalang. Bu orqali siz har kuni tabiatning kuchini o‘zingiz bilan olib yurasiz.
Diyoraxon Nabijonova
Mavzuga oid
07:43 / 14.01.2026
Dunyoning 10 ta hayratlanarli geologik mo‘jizasi
20:58 / 02.11.2025
Sirdaryoda elektr qarmoqda baliq ovlaganlar tabiatga 512 mln so‘mlik zarar yetkazdi
13:39 / 02.11.2025
Surxondaryodagi ayiqlar makoni – Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘i | Manzil
14:07 / 14.10.2025