Jahon | 23:06 / 13.10.2025
5275
2 daqiqa o‘qiladi

Sarkozi 21 oktyabrda qamoqxonaga jo‘natiladi

Fransiyaning sobiq prezidenti 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. U hukm ustidan apellyatsiya bergan.

Foto: IPA

Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 21 oktyabr kuni qamoqxonaga jo‘natiladi. U sentabr oyi oxirida 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

Sarkozi Parijning 14-ma’muriy okrugida joylashgan Santa qamoqxonasiga joylashtiriladi, deb yozdi Le Figaro. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, katta ehtimol bilan u izolyatsiya qilingan bo‘limga (ya’ni boshqa mahbuslardan alohida) joylashtiriladi, ammo qat’iy choralar bilan emas, balki odatdagi rejim bilan.

Sobiq prezident hukmdan keyin apellyatsiya bergan, biroq u baribir qamoqqa olinadi - sud «hukmni darhol ijro etish» to‘g‘risida qaror chiqardi, bu esa ushbu holatda apellyatsiya natijalari kutilmasligini anglatadi, deb ta’kidladi BFM TV.

25 sentabr kuni Parij jinoyat sudi Nikolya Sarkozini 2005-2007 yillarda Liviya prezidenti Muammar Qazzofiy hukumati tomonidan o‘z saylov kampaniyasini moliyalashtirish ishi doirasida jinoiy til biriktirishda aybdor deb topdi. Sarkozi «hukm ijrosi kechiktirilgan» besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi, shuningdek, 100 ming yevro miqdorida jarimaga tortildi. Butun jarayon davomida sobiq prezident ayblovlarni rad etdi.

Sarkozi 2007-2012 yillarda Fransiya prezidenti bo‘lgan. 2011 yilda u Muammar Qazzofiyga qarshi qo‘zg‘olon boshlangan Liviyadagi harbiy aralashuvning eng faol tarafdorlaridan biri edi. Xorijiy bombardimonlar qo‘zg‘olonchilarga yordam berdi, Qazzofiy rejimi ag‘darildi va uning o‘zi o‘ldirildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid