O‘zbekiston | 12:50 / 14.10.2025
2614
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston startap ekotizimi 13 barobar o‘sib, 3,9 milliard dollarga yetdi

Dealroom.co xalqaro tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston startap ekotizimining qiymati 13 barobar o‘sib, 3,9 milliard dollarga yetdi. Bu o‘sish tezligi bo‘yicha dunyoda yetakchi ekanligi e’tirof etilgan.

Foto: Dealroom

Tez rivojlanayotgan ekotizim

Bugungi kunda O‘zbekistonda fintech (moliyaviy texnologiyalar), sun’iy intellekt, ta’lim texnologiyalari, logistika va raqamli kommunikatsiyalar sohalari faol rivojlanmoqda.

“Dealroom” ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda:

· 54 ta startap ta’lim (EdTech);

· 51 tasi — moliyaviy texnologiyalar (FinTech);

· 31 tasi — transport va logistika;

· 27 tasi — marketing va raqamli sohalarda;

· 26 tasi — sun’iy intellekt (AI) sohasida faoliyat yuritmoqda.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ta’kidlaganidek, sohaning jadal o‘sishi raqamlashtirish borasidagi izchil siyosat natijasidir:

“Prezidentimizning IT sohasini rivojlantirishga alohida e’tibori tufayli O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimiga ega bo‘ldi. Bu xalqaro tahliliy kompaniya Dealroom.co tomonidan ham e’tirof etildi.

Bunday yangiliklar venchur fondlari va startap ekotizimining boshqa ishtirokchilarining mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, shuningdek, yoshlarga o‘z startap g‘oyalarini rivojlantirish va ilgari surish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.”

 

Dealroom asosidagi milliy platforma

IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda “Dealroom.co” kompaniyasi tahliliy platformaning milliy versiyasini ishga tushirdi — uzbekistan.dealroom.co. U mamlakatimizdagi startaplar, investorlar, akseleratorlar, venchur fondlari va texnologik kompaniyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlaydi.

Platforma bozor shaffofligini oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida yaratilgan. Yaqin kelajakda u “StartupBase” mahalliy tizimi bilan integratsiya qilinadi, bu esa mamlakatimizning barcha loyihalari haqidagi ma’lumotlarni yagona raqamli makonda joylashtirish imkonini beradi.

IT Park Uzbekistan rahbari Abdulaxad Kuchkarov ushbu resurs investorlar va tahlilchilar uchun asosiy vositaga aylanishini ta’kidlab o‘tdi:

“Platforma startaplarga o‘zlarini namoyon qilish, investorlarga esa ishonchli ma’lumotlar asosida hamkorlar topish va bozor salohiyatini baholash imkoniyatini beradi.”

Xalqaro e’tirof 

“Dealroom.co” asoschisi va bosh direktori Yoram Viyngaard O‘zbekiston jahon startap xaritasidagi eng qiziqarli nuqtalardan biriga aylanayotganini ta’kidladi:

“Yosh aholi, AKT sohasining jadal rivojlanishi va innovatsiyalarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatni mintaqadagi eng istiqbolli bozorlardan biriga aylantirmoqda.”

“Dealroom” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar tomonidan asos solingan 50 dan ortiq startap bugungi kunda AQSh, Buyuk Britaniya, BAA, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda o‘z faoliyatini kengaytirmoqda. O‘zbekiston loyihalari tomonidan jalb qilingan investitsiyalarning umumiy hajmi 9 million dollarga yaqinlashmoqda.

Bozor yetakchilari orasida “Uzum”, “Click”, “Billz”, “IMAN”, “Alif”, “Oson” va “Smartup” kompaniyalari bo‘lib, ular mamlakatning texnologiya sohasiga asos solmoqda. “Uzum” va “TBC Bank Uzbekistan” kompaniyalari qiymati 1 milliard dollardan oshib, mamlakatdagi birinchi “yakkashox”lar maqomiga erishdi.  

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, platformaning ishga tushirilishi va startaplar baholanishining tez sur’atlarda o‘sishi O‘zbekistonda yangi IT-voqelik shakllanayotganini tasdiqlaydi. Bu esa qisqa vaqt ichida mamlakat mahalliy ishtirokchidan Yevrosiyoning texnologik rivojlanish bo‘yicha dinamik markaziga aylanganini namoyon etmoqda.  

 
Tayyorlagan:  Kun.uz Admin