Jahon | 12:04 / 16.10.2025
16197
6 daqiqa o‘qiladi

Hamasga bosim ortmoqda: Isroil va AQSh urushni qayta boshlash bilan tahdid qildi

Agar sulh shartlari buzilsa, urush qayta boshlanadi. «Isroil men aytgan zahoti ko‘chalarga qaytadi”, dedi Donald Tramp. Buning ortidan Hamas o‘z qo‘lidagi barcha halok bo‘lgan isroilliklarning jasadi topshirilganini aytdi. Qolgan jasadlarni G‘azo vayronalari ostidan chiqarish uchun maxsus texnikalar zarur.

15 oktabr kuni kechqurun Hamas yana ikki jasadni topshirdi. Bungacha Hamas 28 nafar halok bo‘lgan garovdagi isroillikdan 7 nafarining jasadini topshirgan, Isroil esa sakkizinchi jasad garovdagilardan biriga tegishli emasligini bildirgan edi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Biz o‘zimizdagi barcha tirik isroillik asirlarni, shuningdek, qo‘limiz yetgan jasadlarni topshirish orqali kelishuvdagi majburiyatimizni bajardik... Qolgan jasadlarni topish va chiqarib olish esa katta sa’y-harakatlar hamda maxsus texnik vositalarni talab qiladi», deya Al-Qassam brigadalari bayonotidan iqtibos keltirmoqda The Guardian nashri.

Foto: AFP

Hamas harbiy qanotining bayonoti Isroil mudofaa vaziri Israel Katsning ogohlantiruvidan keyin yangradi.

«Agar Hamas kelishuvga rioya qilmasa, Isroil AQSh bilan hamkorlikda jangovar harakatlarni qayta boshlaydi va Hamasni to‘liq mag‘lub etish, G‘azodagi vaziyatni o‘zgartirish hamda urushdagi barcha maqsadlariga erishish uchun harakat qiladi,» — deyiladi IDF bayonotida.

Tramp ham Hamas kelishuvni bajarmasa, Isroilga jangni davom ettirishga ruxsat berishni ko‘rib chiqishini aytdi:

«Isroil men aytgan zahoti ko‘chalarga qaytadi. Agar ular kirib borib, ularni yanchib tashlashga kirishsa, shunday qiladi,» — dedi Tramp CNN’ga telefon orqali bergan qisqa izohida.

Jasadlarni qaytarishdagi bahs sulh kelishuvini izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan asosiy masalalardan biridir. Isroil keyingi bosqichda Hamasning qurolsizlanishi va hokimiyatni topshirishini talab qilmoqda, biroq Hamas bunga rozi emas.

Nima uchun jasadlarni qaytarish oson ish emas?

Isroilning mudofaa vazirligining ogohlantiruvidan keyin AQShning yuqori darajadagi maslahatchilari jurnalistlarga Hamas o‘lik garovdagilarning jasadlarini qaytarish majburiyatini bajarishga intilayotganini ma’lum qildi.

Bu vaqt oladi: chunki ular bir necha oylar oldin halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Isroilning G‘azo shahrining bombardimon qilishi esa garovdagilar va jasadlarni vayronalar ostida qolib ketishiga olib kelgan. Endi ularni qo‘l mehnati bilan olib chiqish qiyin bo‘ladi, aniq joylashuvini ham topish qiyinlashadi.

Foto: AFP

«Dastlab to‘rt jasad qaytarilganda hafsalasi pir bo‘lish holatlari bo‘ldi, lekin biz ularga razvedka ma’lumotini berishimiz bilanoq ular keyingi kun yana jasadlar topshirdi», deya AQSh rasmiysining so‘zini keltirmoqda nashr.

AQSh va boshqa vositachilar halok bo‘lgan asirlarning jasadlarini topishda yordam berayotgan shaxslarga mukofot dasturini joriy etishni ko‘rib chiqmoqda. Turkiya esa G‘azoga jasadlarni qidirish bo‘yicha mutaxassislar yuborish uchun muzokaralar olib borayotgani bildirildi.

AQShning harbiy bosimi

Hamas dushanba kuni G‘azo shahrida jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun jinoiy to‘da a’zolarini o‘ldirishi ortidan AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari admiral Bred Kuper bayonot berdi.

Kuperning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Hamasdan «to‘liq qurollarni tashlab» prezident Donald Trampning G‘azo bo‘yicha rejasi talablariga «qat’iy rioya etishini» kutmoqda.

Foto: CENTCOM

«Biz o‘z xavotirlarimizni vositachilarga yetkazdik. Ular bilan tinchlikni ta’minlash va G‘azodagi begunoh fuqarolarni himoya qilish uchun hamkorlik qilamiz», — dedi u.

Sulh doirasida AQSh Markaziy qo‘mondonligi boshchiligida Isroilga 200 nafargacha amerikalik harbiy yuborilishi kutilmoqda. Biroq ularning hech biri bevosita G‘azo hududiga kiritilmaydi.

Aslida Hamasning bu xavfsizlik amaliyoti Trampning «Hamasga G‘azoda vaqtincha tartibni saqlash uchun ruxsat berilgan» degan so‘zlaridan keyin boshlangan edi. Tramp esa jurnalistlarga «ular bir nechta jinoiy guruh a’zolarini o‘ldirishgani va bu uni bezovta qilmasligini» aytgan.

Foto: Reuters

Trampning tinchlik rejasi Hamasni hokimiyatdan chetlashtirib, qurolsizlantirilgan G‘azoda xalqaro nazorat ostidagi falastinlik qo‘mita boshqaruvini nazarda tutadi. Rejaga ko‘ra, xalqaro barqarorlashtirish missiyasi tashkil etilib, u falastinlik politsiyasini tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

Yordam karvonlari

Chorshanba kuni BMT kuzatuvchilari hamrohligida oziq-ovqat va yoqilg‘i ortilgan yuk mashinalari Kerem Shalom chegarasidan G‘azoga kiritildi. Rafah o‘tish punkti esa payshanba kuni qayta ochilish arafasida, biroq Isroil Hamas jasadlarni juda sekin qaytarayotganini bahona qilib, yordamni cheklashi mumkinligidan ogohlantirdi.

Foto: Anadolu

BMT va insonparvarlik tashkilotlari esa Isroildan «minglab yuk mashinalari»ni G‘azoga kiritish uchun ko‘proq o‘tish punktlarini ochishni talab qilmoqda.

«Bizga yordam oqimining keskin oshirilishi zarur – minglab insonlarning hayoti bunga bog‘liq. Fuqarolarga yordamni to‘sish savdolashuv vositasi emas. Bu – xalqaro huquqqa ko‘ra majburiyatdir», — deb yozdi BMTning eng yuqori darajadagi yordam koordinatori Tom Fletcher.

Falastinlik jasadlar va qiynoqlar dalillari

Kelishuvga ko‘ra, Isroil 360 nafar falastinlikning jasadini qaytarishi kerak. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hozirgacha qaytargan 90 ta jasadning aksariyati qiynoqlar izlari bilan, ko‘zlari bog‘langan, qo‘llari kishanlangan va boshiga o‘q tekkan holda topilgan.

«Olib kelinganlarning deyarli barchasi ko‘zlari bog‘langan, bog‘langan qo‘llari bilan, ko‘z oralig‘idan o‘q yegan edi. Ularning deyarli hammasi otib o‘ldirilgan», — dedi Xon Yunusdagi Nasser shifoxonasi xodimi, doktor Ahmad al-Farro. 

Mavzuga oid