Nima sababdan blefaroplastikaga ehtiyoj tug‘iladi?

Yillar o‘tishi bilan ko‘z atrofidagi hududda o‘zgarishlar boshlanadi. Teri yupqalashadi, elastikligini yo‘qotadi, mushaklar bo‘shashadi, yog‘ to‘planmalari joyidan siljiydi. Natijada yuqori qovoqlar pastga osilib tushadi, pastki qovoq ostida esa “sumkalar” hosil bo‘ladi. Shu holat insonni charchagan, g‘amgin ko‘rsatadi.

Mazkur jarayonning birinchi sababi — tabiiy qarish. Qarish hayotiy muvozanatning sekin, lekin uzluksiz o‘zgarishidir. Har kuni teri kollagen ishlab chiqarishni biroz kamaytiradi, suyak va mushak tizimi esa sekin-asta o‘z shaklini o‘zgartiradi. Ayniqsa, ko‘z atrofidagi nozik teri mazkur jarayonga nisbatan sezgir bo‘ladi. Buning ta’sirida yillar davomida yuzda “osilgan” qovoqlar, ajinlar hamda yorqinlikni so‘ndirishga moyil ifoda paydo bo‘ladi. Shu bois, blefaroplastika, ya’ni ko‘z qovoqlarini yoshartirish amaliyoti tabiiy ko‘rinishni qaytarish usuli sifatida qo‘llanadi.

Ikkinchi omil — genetik moyillik. Ba’zan ko‘z qovog‘idagi muammolar yillar o‘tishi yoki qarilik kelishi bilan bog‘liq bo‘lmaydi. Ayrim insonlarda yoshligidan ko‘z ostida yog‘ to‘planishi, shishlar yoki qosh ostidagi terining qovoq ustiga osilib turishi (hooded) kabi holat kuzatiladi. Bunday anatomik xususiyatlar nasldan naslga o‘tadi va estetik jihatdan ko‘zni toraytirib, yuz ifodasini biroz “og‘irlashtirib” ko‘rsatadi. Shu kabi vaziyatlarda blefaroplastika yosh bemorlar uchun yuz proporsiyasini muvofiqlashtiruvchi yechim o‘rnida tavsiya etiladi.

Uchinchi sabab — funksional omillar. Ko‘pchilik blefaroplastikani faqat tashqi ko‘rinishni sayqallash va go‘zallashish amaliyoti deb biladi, ammo ayrim hollarda u tibbiy zaruratga aylanadi. Qovoqlardagi ortiqcha teri yoki yog‘ to‘planmalari ko‘zning yuqori qismini yopib, ko‘rish maydonini cheklaydi. Oqibatida inson tez charchaydi, bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi, hatto ko‘z atrofi mushaklari zo‘riqib qoladi. Bunday paytda blefaroplastika qulaylik va sog‘lom ko‘rish uchun mo‘ljallangan jarrohlik amaliyotiga aylanadi.

Blefaroplastika turlari va farqlari

Yuqori qovoq blefaroplastikasi (upper blepharoplasty). Ko‘zning yuqori qismidagi ortiqcha teri va bazida preaponevrotik yog‘ pufakchalarini olib tashlash yoki tartibga solish orqali amalga oshiriladi. Ushbu amaliyotdan asosiy maqsad qovoq “osilishini” kamaytirib, ko‘zni ochiqroq, ifodali ko‘rsatish va zarur hollarda ko‘rish maydonini kengaytirish.