Jahon | 22:07 / 21.10.2025
6345
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp Avstraliya yordami bilan Xitoyning «nodir minerallar hukmronligini» sindirmoqchi. Nima uchun bu oson emas?

AQSh va Avstraliya yetakchilari 8,5 milliard dollarlik muhim minerallarga doir bitim imzoladi. «Bir yil ichida shunchalik ko‘p minerallar bo‘ladiki, nima qilishni bilmay qolasiz», dedi Tramp. AQSh, bu kelishuvlar - nodir minerallarning eng arzon yetkazib beruvchisi hisoblangan Xitoyning global bozordagi ustunligini kamaytirishiga ishonmoqda. Mutaxassislar esa «bu narsa tez sodir bo‘lmasligini» bildirdi.

Foto: White House

20 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonga kelgan Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze bilan Xitoy ta’siriga qarshi kurashish maqsadida muqobil minerallar bo‘yicha strategik bitim imzoladi. Reuters nashrining yozishicha, 8,5 milliard dollarlik minerallar loyihasi bo‘yicha bitim imzolangan uchrashuvda Xitoy masalasi markaziy o‘rinda bo‘ldi.

Tomonlar tarqatgan hujjat nusxasida aytilishicha, AQSh va Avstraliya keyingi olti oy ichida qazib olish va qayta ishlash loyihalarining har biriga 1 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritadi hamda muqobil minerallar uchun minimal narx chegarasini belgilaydi. Bu G‘arbdagi konchilik kompaniyalari uzoq vaqtdan beri kutayotgan qaror edi.

Oq uy bayonotida ta’kidlanishicha, ushbu sarmoyalar 53 milliard dollarlik muhim mineral zaxiralarini o‘z ichiga oladi. Biroq rasmiylar ularning turi va joylashuvi haqida ma’lumot bermadi.

«Taxminan bir yil ichida bizda shunchalik ko‘p muhim minerallar va nodir yer elementlari bo‘ladiki, ularni nima qilishni bilmay qolasizlar», — dedi Tramp jurnalistlarga. So‘ngra hazil aralash «Ular taxminan 2 dollarga teng bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi.

Keyinroq, AQShning Eksport-import banki (EXIM) Avstraliyadagi minerallar loyihalarini ilgari surish maqsadida yettita kompaniya yuborilgan 2,2 milliard dollarlik xatlarni e’lon qildi. Tashkilotga ko‘ra, bu loyihalar – ilg‘or mudofaa tizimlari, aerokosmik komponentlar, aloqa uskunalari va yangi avlod sanoat texnologiyalari uchun zarur bo‘lgan minerallarni o‘z ichiga oladi.

Sarmoyalar AQShning yuqori texnologiyali ishlab chiqarish bazasini qayta sanoatlashtirishga va Xitoyning eksportdagi ustunligiga qarshi turishga yordam berishi aytilmoqda.

Qo‘shimcha ravishda, Pentagon G‘arbiy Avstraliyada galliyni qayta ishlash zavodi qurishni rejalashtirgan. Chunki, Xitoy o‘tgan yil dekabr oyida AQShga galliy eksportini to‘xtatgan edi.

Foto: Reuters

Bitim doirasida Tramp va Albaneze konlarga ruxsatnomalarni soddalashtirish hamda minerallarni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarishni tezlashtirishga kelishib oldi. Shuningdek, ular geologik xaritalash, minerallarni qayta ishlash va qayta foydalanish, hamda «milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim minerallar aktivlarini xorijga sotishni to‘xtatish» bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishgan.

AQSh–Xitoy ziddiyatlarining bunga qanday aloqasi bor?

Trampning kelasi hafta Janubiy Koreyada Si Jinping bilan bo‘ladigan uchrashuvi arafasida savdo ziddiyatlari kuchayib bormoqda. Xitoy ushbu tovarlarning global ta’minoti ustidan nazoratni kuchaytirayotgan bir paytda, AQSh butun dunyoda muhim minerallar manbalariga kirishni kengaytirishga intilmoqda. Xususan, nodir yer elementlari bo‘yicha bitim ham Xitoyning eksport nazoratini kengaytirgani haqidagi tanqidlaridan bir hafta o‘tib e’lon qilindi.

«Muhim minerallar» atamasi nodir yer elementlari, litiy va nikel kabi resurslarni qamrab oladi. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy dunyodagi eng katta zaxiralarga ega, biroq Avstraliya ham sezilarli ulushga ega. Ushbu minerallar esa elektr avtomobillardan tortib, harbiy radarlar va samolyot dvigatellarigacha bo‘lgan ko‘plab mahsulotlar uchun zarur xomashyo hisoblanadi.

Foto: AFP

Reutersʼning yozishicha, bu kelishuvlar Xitoyga ishora hisoblanadi. Chunki, Xitoy so‘nggi o‘n yillikda butun dunyo bo‘ylab yirik konlarni, jumladan 2016 yilda AQSh kompaniyasidan Kongoda joylashgan dunyodagi eng katta kobalt konini sotib olgan edi.

Avstraliya kompaniyalari Xitoy o‘rnini bosa oladimi?

AQShning Avstraliyadagi muhim minerallar sanoatini qo‘llab-quvvatlashi soha uchun zarur moliyaviy turtki beradi. Biroq ekspertlar fikricha, ta’minot zanjirini Xitoydan uzoqlashtirish va uning bozordagi ustunligini zaiflashtirish uchun uzoqroq muddat kerak.

Reutersʼning yozishicha, Sidneyda o‘tkazilgan konchilik konferensiyasida global sanoat mutaxassislari yangilikni ijobiy qabul qilgan, lekin ular ham Trampning tezkor natijalar haqidagi da’volariga shubha bildirishdi.

«2027 yilgacha ko‘plab loyihalarni ishga tayyor holatga keltirish — bu deyarli mo‘jiza bo‘ladi. Ko‘pchiligi uchun bu amalda imkonsiz», — degan Barrenjoey kompaniyasi tahlilchisi Den Morgan.

«Nodir yer elementlari sohasida hech narsa tez sodir bo‘lmaydi. Bozorni bir yil ichida yangi ta’minot bilan to‘ldirish imkoni yo‘q. Balki 5-7 yil ichida ta’minot o‘sishi mumkin», deydi u.

Xitoy hozirda dunyo bo‘yicha nodir yer elementlarini qayta ishlash quvvatining 90 foizini nazorat qiladi. Bu elementlar toza energiya, mudofaa va avtomobilsozlik kabi strategik tarmoqlar uchun muhim. Goldman Sachs hisobotiga ko‘ra, Xitoy global qazib olishning 69 foizini va magnit ishlab chiqarishning 98 foizini ham nazorat qiladi.

China National Petroleum Corporation'ga qarashli Dalian neftni qayta ishlash zavodi. 2018 yil, Xitoy / Foto: Reuters

Bu minerallar yer yuzining ko‘plab joylarida mavjud bo‘lsada, Xitoy murakkab va ekologik zararli qayta ishlash jarayonini eng arzon va samarali tarzda yo‘lga qo‘ya olgan.

AQSh va uning G‘arbdagi ittifoqchilari savdo va xavfsizlik ziddiyatlari kuchaygan bir paytda Xitoyning bozordagi ustunligini kamaytirishga urinmoqda. Sababi shu yil aprel–may oylarida rasmiy Pekin nodir elementlar va magnitlar eksportini cheklab, global avtomobil ishlab chiqaruvchilarni bosim ostiga qo‘ydi. Oktabr oyi boshida esa eksport nazoratini yanada kengaytirdi. Natijada, Xitoydagi eng mashhur NdPR oksidi (nodir yer elementi turi) narxlari avgust oyida 40 foizga oshib, 1 kg uchun 88 dollarga yetgan, biroq hozir 71 dollargacha tushgan.

Syrah Resources bosh direktori Shon Vernerning so‘zlariga ko‘ra, yangi muhim minerallar loyihalari – xaridorlar Xitoyning eng arzon ta’minotiga bo‘lgan «qaramligini» tark etmaguncha iqtisodiy jihatdan barqaror bo‘la olmaydi:

«Agar mijozlar Xitoydan eng arzon ta’minot olish odatidan voz kechmasa, boshqa joylarda yangi loyihalar uchun rag‘bat bo‘lmaydi», degan u.

Xitoyning javobi

Xitoy tashqi ishlar vazirligi bu bitimga bevosita izoh bermadi, biroq seshanba kuni «Asosiy mineral resurslarga ega davlatlar sanoat va ta’minot zanjirlarining xavfsizligi hamda barqarorligini ta’minlashda faol rol o‘ynashi lozim», deya qisqa bayonot berdi.  

Mavzuga oid