Jahon | 20:12 / 22.10.2025
2902
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya bosh vaziriga o‘q uzgan shaxs 21 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Yuray Tsintula terrorchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Foto: EPA

Slovakiyaning Banska-Bistritsa shahri sudi mamlakat bosh vaziri Robert Fitsoga qarata o‘q uzgan 72 yoshli yozuvchi Yuray Tsintulani 21 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tsintula terrorchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topildi. Himoya tomoni ishni hokimiyat vakiliga hujum qilish moddasiga qayta malakalashni so‘radi, bu esa yengilroq jazoni anglatardi.

Ayblanuvchining o‘zi Fitsoni o‘ldirmoqchi bo‘lmaganini, balki uning sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqchi bo‘lganini, shunda u bosh vazir sifatida o‘z vazifasini bajara olmasligiga umid qilganini aytdi. U o‘z xatti-harakatlarini Fitso olib borayotgan siyosatga nafrat bilan izohladi.

Fitso 2023 yil oktabr oyidan beri Slovakiya bosh vaziri lavozimida ishlab kelmoqda.

2024 yil 15 may kuni vazirlar mahkamasining Gandlova shahridagi yig‘ilishidan so‘ng, Yuray Tsintula unga qarata besh marta o‘q uzgan. Tsintula voqea joyida qo‘lga olindi, Fitso esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi, kechga borib ahvoli barqarorlashdi. May oyining oxirida Fitso shifoxonadan chiqdi.

Mavzuga oid