Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avstraliyadagi plyajda Birinchi jahon urushi davridagi askarlarning xatlari solingan shisha topildi
Ikki askar o‘z maktublarini frontga yo‘l olganidan bir necha kun o‘tib yozgan va kemadan dengizga tashlashgan.
Avstraliya qirg‘oqlarida Birinchi jahon urushi paytida ikki avstraliyalik askar frontga ketganidan bir necha kun o‘tib yozgan maktublar solingan shisha topildi.
ABC xabariga ko‘ra, noyob topilma 1916 yilga mansub bo‘lib, 9 oktyabr kuni Pert shahridan 600 kilometr janubi-sharqda joylashgan Uorton plyajidan topilgan.
Mahalliy aholi vakili Debra Braun va uning oilasi a’zolari plyajni tozalayotganda askarlarning xatlari solingan shishani topib olishgan.
Braunning aytishicha, ular avvaliga xatni o‘qish imkonsiz deb o‘ylashgan, chunki shisha ichida suv kirib qolgandi. Biroq uni bir necha kun quritishga qo‘yib, jarrohlik qaychisi yordamida xatni chiqarib olishga muvaffaq bo‘lishgan.
Pishiq shisha idish ichidan 27 yoshli oddiy askar Malkolm Nevil va 37 yoshli Uilyam Harli tomonidan 1916 yil 15 avgustda qalam bilan yozilgan maktublar chiqqan.
Oddiy askar Nevil 28 yoshida Fransiyada halok bo‘lgan, o‘shanda u shishani suvga otganidan bir necha oy o‘tgandi. Uilyam Harli ikki bor yaralanadi, ammo urushdan omon chiqadi. U 1934 yilda saratondan vafot etadi, qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, u xandaqdaligida gaz hujumiga uchragani tufayli unda shunday kasallik paydo bo‘lgan.
Malkolm Nevil o‘z onasiga yozgan maktubida bortdagi taomlar «juda yaxshiligi», faqat bitta ovqatni «dengiz tubiga ravona qilishayotgani»ni aytadi.
«Bizning Ballarat nomli kemamiz chayqaladi va bo‘ron turadi, ammo biz har qachongidan ko‘ra baxtiyormiz. Muhabbat bilan, o‘g‘ling Malkolm».
HMAT A70 Ballarat harbiy kemasi 12 avgust kuni Adelaidadan yo‘lga chiqqandi, uning bortidagi askarlar Avstraliyaning G‘arbiy frontdagi 48-piyodalar batalyoni saflarini to‘ldirish uchun olib ketilgan.
Oddiy askar Nevil shishani topib olganlardan xatni uning onasi, Janubiy Avstraliyadagi Uilkavett shaharchasida (hozirda bu joy amalda kimsasiz hududga aylangan) yashovchi Robertina Nevilga yetkazishni so‘ragan.
Onasi 1916 yilda vafot etgan janob Harli esa xatni topib olgan inson uni o‘zida qoldirishiga qarshi emasligini aytgan.
Qog‘ozlar ho‘l bo‘lganiga qaramay, undagi yozuvlar oson o‘qilgan va Debra Braun ikkala askarning oilasi bilan bog‘lana olgan.
«Men atigi ikkita so‘z – Nevil va Uilkavettni terdim va shu zahotiyoq Herbining profilini topdim», – dedi u ABC telekanaliga bergan intervyusida.
Malkolm Nevilning jiyani Herbi Nevilning aytishicha, «aql bovar qilmaydigan» topilma uning butun oilasini birlashtirgan.
«Xatdan ma’lum bo‘lishicha, u urushga ketayotganidan juda xursand bo‘lgan. Bo‘lib o‘tgan voqea juda achinarli. Uning halok bo‘lgani juda achinarli», – deydi u.
Herbi jurnalistlarga 101 yoshli xolasi ko‘p yillar davomida «Malkolm amaki» va uning urushdan uyga qaytmagani haqida hikoya qilib berganini aytgan.
Uilyam Harlining nabirasi Enn Tyorner ham topilma uning oilasini «hayratda qoldirgani» haqida gapirgan.
«Biz bunga ishona olmasdik. Bu haqiqatan ham qandaydir mo‘jiza va biz bobomiz bizga qabrdan murojaat qilgandek his qilamiz», – dedi u ABC telekanaliga bergan intervyusida.
Mahalliy tarixchi Morin Steynborner ABC Riverland Breakfast efirida topilma mahalliy hamjamiyatda «fantastik qiziqish» uyg‘otganini aytdi.
«Bu shunchaki odamlarni o‘z hikoyalari va aslida nima bo‘lgani haqida ko‘proq o‘ylashga majbur qiladi», – dedi u.
Mavzuga oid
22:52 / 29.03.2026
Yonilg‘i narxi oshgani sababli Avstraliyaning ikki shtatida jamoat transporti bepul bo‘ladi
12:00 / 24.03.2026
YeI va Avstraliya bojlarning 99 foizdan ortig‘ini bekor qiladi
15:09 / 15.03.2026
Avstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan 3 nafari vatanga qaytishga qaror qildi
14:29 / 11.03.2026