Iqtisodiyot | 11:44 / 29.10.2025
11345
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholi sotib olganidan ko‘ra ko‘proq valuta sotyapti

2025 yilning 9 oyida aholi banklarga sotib olganidan 6,7 mlrd dollar ko‘proq valuta sotdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 baravarga yuqori ko‘rsatkich. Iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasi ham sezilarli darajada pasaygan.

Foto: Kun.uz

2025 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston ichki valuta bozorida xorijiy valutaga bo‘lgan talab va taklifning birdek o‘sishi kuzatilgan. Bu haqda Markaziy bankning ichki valuta bozori sharhida ma’lum qilindi

Hisobot davrida xorijiy valutaga bo‘lgan talab 42,7 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,5 foiz ko‘p. Valuta taklifi esa (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda) 34,4 mlrd dollarga yetgan. Bu 2024 yilga nisbatan 24 foizga yuqori.

Valuta bozoridagi taklifning yana bir manbai Markaziy bank tomonidan sotib olingan monetar oltin doirasidagi sterilizatsiya operatsiyalari (xalqaro zaxiralarning neytrallik tamoyili asosida) orqali valuta mablag‘larining sotilishi hisobiga ta’minlangan. «Bunda ushbu operatsiyalar almashuv kursi shakllanishining fundamental omillariga ta’sir ko‘rsatmagan holda bozor mexanizmlari asosida amalga oshirildi», deyiladi Markaziy bank hisobotida.

Yuridik shaxslarning valuta operatsiyalari

Yuridik shaxslar tomonidan chet el valutasiga bo‘lgan talab 2025 yilning dastlabki 9 oyida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga o‘sgan bo‘lsa, ular tomonidan valuta taklifi hajmi 37 foizga oshgan. Valuta taklifining asosiy manbalaridan biri eksport tushumlarining hajmi ushbu davrda 18 foizga oshib, 13 mlrd dollarga yetgani bilan bog‘liq. Ushbu eksport tushumlarning 7,1 mlrd dollari yoki 55 foizi ichki valuta bozorida sotilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (5,8 mlrd dollar) 22 foizga ko‘p).

Shuningdek, ushbu davrda ichki valuta bozoriga 6,3 mlrd dollarlik valuta mablag‘lari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotilgan (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (3,9 mlrd dollar) 61 foizga ko‘p). Importni moliyalashtirishda ichki bozordan sotib olingan valuta ulushi biroz kamayib, o‘z mablag‘lari ulushida biroz oshish kuzatilgan.

Yanvar-sentabr oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki bozorda konvertatsiya qilingan valutaning ulushi 64,7 foizni (2024 yilda — 65,5 foiz), xorijiy valutadagi o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish ulushi esa 24 foizni (2024 yilda — 23,1 foiz) tashkil etgan.

Jismoniy shaxslarning banklar bilan operatsiyalari

Jismoniy shaxslar banklarga 15,2 milliard dollar sotdi — bu o‘tgan yilga (11,8 milliard) nisbatan 1,3 baravar ko‘p. Aholi tomonidan valuta sotib olish 23 foizga oshib, 8,5 milliard dollarga yetdi (6,9 milliard dollar edi).

Aholi operatsiyalarining sof ijobiy saldosi 6,7 milliard dollarni tashkil etdi, bu bir yil oldingiga nisbatan 1,4 baravar ko‘p. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, so‘mdagi omonatlar hajmi 23 foizga o‘sib, 205 trillion so‘mga yetgan. Iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi ham pasaygan: valuta kreditlari ulushi 41 foizdan 37 foizga, valuta omonatlari 26 foizdan 23 foizga qisqargan.

Aholining asosiy valuta manbai xorijdan pul o‘tkazmalari bo‘lib, ularning hajmi 13,9 milliard dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga (+2,7 milliard dollar) va 2021 yilga (+5,5 milliard dollar) nisbatan 66 foizga ko‘p.

Shu bilan birga, O‘zbekistondan xalqaro pul o‘tkazmalari orqali 1,9 milliard dollar olib chiqilgan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 127 million dollarga kam.

Mavzuga oid