Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bloomberg: Rossiyaning neft mahsulotlari eksporti 2022 yil boshidan beri minimal darajaga tushdi
Rossiya oktyabr oyida neftni qayta ishlash zavodlari Ukraina hujumlari ortidan qisman to‘xtab qolgani va G‘arb sanksiyalari kuchaygani sababli neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini qisqartirdi, deb xabar berdi 30 oktyabr kuni Bloomberg agentligi Vortexa tahlil kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1–26 oktyabr kunlari Rossiya dengiz orqali o‘rtacha kuniga 1,89 mln barrel neft mahsulotlari jo‘natgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yil boshidan beri eng past daraja hisoblanadi.
Agentlik yozishicha, jami yetkazib berish hajmi, asosan, nafta va mazut bo‘yicha kuchsiz dinamika tufayli kamaygan — mos ravishda 3 foiz va 10 foizga pasaygan. Shu bilan birga, dizel yonilg‘isi va gazoyl yetkazib berish hajmi 2 foizga ozgina oshgan.
Bloomberg ta’kidlashicha, hozircha dizel eksporti nisbatan barqaror turibdi, chunki yuklarning katta qismi qo‘shni bozorlarga — jumladan, Turkiya va Afrika davlatlariga — yo‘naltirilgan. Rossiya 21 noyabrda «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan sanksiyalar kuchga kirguncha yetkazib berishni amalga oshirishga ulgura oladi.
Shu bilan birga, nafta va mazut yetkazib berish ko‘proq xavf ostida, chunki bu mahsulotlar asosan Osiyo mamlakatlariga jo‘natiladi va sanksiyalar kuchga kirguncha manzilga yetkazib berishga ulgurmaslik xavfi bor.
AQSh 22 oktyabr kuni «Rosneft», «Lukoyl» va ularning shu’ba korxonalariga nisbatan sanksiyalar joriy etganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng Rossiya neftini sotib olayotgan yirik Xitoy va Hindiston kompaniyalari (ikkisi ham RF neftining asosiy xaridorlari) buni to‘xtatishini bildirgan.
Sanksiyalar fonida «Lukoyl» xorijdagi aktivlarini Gunvor kompaniyasiga sotishini e’lon qildi.
Yoz oxiri va kuz boshida Ukraina zarbalari tufayli Rossiyada qator NQZ (neftni qayta ishlash zavodlari) ishida uzilishlar kuzatilgan, bu esa mamlakatda yonilg‘i tanqisligiga olib kelgan edi.
Mavzuga oid
10:35
Rossiyada safarbar etilganlar uchun tibbiy ko‘rik tartibi o‘zgarishi mumkin
09:50
Sumidagi hujumda besh yoshli qizaloq va onasi halok bo‘ldi
21:48 / 03.07.2026
Ukraina Rossiyani tinchlikka majburlash operatsiyasini boshladi - NYT
21:11 / 03.07.2026