Jahon | 11:55 / 31.10.2025
1913
3 daqiqa o‘qiladi

Mers Turkiyaga ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishni taklif qildi

GFR kansleri Turkiyaga birinchi rasmiy tashrifi bilan keldi. Anqarada prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda Mers ixtiloflarga qaramay Anqara bilan mustahkam strategik hamkorlikning ahamiyatini ta’kidladi.

Foto: REUTERS

Germaniya federal kansleri Fridrix Mers mavjud kelishmovchiliklarga qaramasdan Turkiya bilan ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish va strategik hamkorlikni rivojlantirishni taklif etdi. Nemis hukumatini boshqarish lavozimida Anqaraga amalga oshirgan birinchi tashrifi doirasida Mers 30 oktyabr kuni NATO bo‘yicha ittifoqdoshni tashqi siyosat va xavfsizlikning deyarli barcha masalalarida almashtirib bo‘lmas hamkor, deb atadi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvda u Germaniya va Yevropa uchun ushbu mamlakat bilan mustahkam strategik hamkorlikka muqobil yo‘l yo‘qligini qayd etdi va Anqara bilan Yevropa darajasida strategik muloqot uyushtirishni taklif qildi.

Mers shuningdek Turkiya bilan murakkab munosabatlarni yangi asosga qo‘yish istagini ta’kidladi. «Keling, munosabatlarimizdagi ulkan salohiyatdan kelasi oylar va yillarda yanada yaxshi foydalanamiz, — dedi u Erdo‘g‘an bilan qo‘shma matbuot anjumanida. — Bunga jiddiy asoslar bor, zero biz yirik davlatlar siyosati belgilayotgan yangi geosiyosiy bosqichga kirib bormoqdamiz».

Bundan tashqari, kanslerning fikricha, Germaniya va Yevropa ushbu hamkorlikda mujassam iqtisodiy imkoniyatlardan ham yaxshiroq foydalanishi lozim. Mers, jumladan, migrantlarni qaytarish masalasida Turkiya bilan hamkorlikning ahamiyatini ko‘rsatib, ikki davlatning bu sohada «bundan-da katta ilgarilash»ga erishishni maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida Mers Turkiyada Erdo‘g‘an muxoliflariga nisbatan ta’qib va Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li ishini ochiq tilga olmadi.

Turkiyaning YeIga a’zo bo‘lish istiqbollariga to‘xtalarkan, u bir qator tortishuvli masalalar borligidan «tashvish» bildirdi. Xususan, Turkiyada sud hokimiyatining mustaqilligi masalasi Yevropa Ittifoqi kutayotgan mezonlarga to‘liq mos emasligini aytdi va bu «hozirgi muhokamalar mavzusi» ekanini qayd etdi. Mers Kopenhagen mezonlarini eslatib, Turkiyada qabul qilingan ayrim qarorlar qonun ustuvorligi va demokratiya standartlariga mos kelmasligini bildirdi.

Shu bilan birga, Mers Turkiyani «Yevropa Ittifoqi bilan yaqin bog‘langan» deb hisoblashini va uning Yevropa bilan yaqinlashuvini istashini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida Mers va Erdo‘g‘an o‘rtasida Isroil va G‘azo sektoridagi urush mavzusida bahs yuz berdi. Mers Isroilni qo‘llab-quvvatlash bayonoti bilan chiqish qilganidan so‘ng, Erdo‘g‘an Isroil hokimiyatini «genotsid»da aybladi.

Turkiyaga kelgan Mers tashrif rasmiy dasturidan tashqari GFR elchisining qarorgohida fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashdi. Tashrif oldidan qator partiyalar vakillari kanslerni Turkiyada tobora avtoritarlashib borayotgan boshqaruv sharoitida demokratiya tamoyillari va inson huquqlari masalasini ko‘tarishga chaqirgan edi.

Mavzuga oid