Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mers Isroilning Livandagi quruqlik operatsiyasini xato deb atadi
Isroilning Livandagi quruqlik hujumi mamlakatdagi «allaqachon o‘ta tarang bo‘lib turgan humanitar vaziyatni yanada og‘irlashtiradi», dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers.
GFR kansleri Fridrix Mers Isroilning Livandagi quruqlik operatsiyasi oqibatlari haqida ogohlantirdi. Bunday hujum «allaqachon o‘ta tarang bo‘lib turgan humanitar vaziyatni va migratsiya sohasidagi holatni yanada og‘irlashtiradi», dedi Mers 16 mart, dushanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
«Shuning uchun biz isroillik do‘stlarimizga qat’iy murojaat qilamiz: bu yo‘ldan bormang. Bu xato bo‘ladi», — deb ta’kidladi u.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Eron qo‘llab-quvvatlaydigan «Hizbulloh» guruhining fevral oyi oxirida AQSh va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma zarbalari boshlanganidan so‘ng Isroilga qarshi hujumlarni qayta boshlaganini «qat’iy qoralaydi». U Livandagi harakat jangchilaridan darhol hujumlarni to‘xtatish va qurolni tashlashni talab qildi.
«Biz, shuningdek, Isroil va Livan o‘rtasida muzokaralar boshlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi kansler. Ayni paytda Germaniya hukumati Isroil armiyasini Livandagi fuqarolik obektlari va BMT tinchlikparvar kuchlariga hujum qilishdan «tiyilishga» chaqirmoqda.
Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) 16 mart kuni Janubiy Livanda «Hizbulloh»ga qarshi «cheklangan quruqlik operatsiyasi» boshlanganini ma’lum qildi. TSAHAL bayonotiga ko‘ra, gap «terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilish»ni o‘z ichiga olgan harbiy harakatlar haqida ketmoqda bo‘lib, buning maqsadi «ilg‘or mudofaa pozitsiyasini yaratish va mustahkamlash»dan iborat.
Harbiy qo‘mondonlik so‘zlariga ko‘ra, bunday quruqlik operatsiyasi «Isroilning shimolida yashovchi aholi uchun qo‘shimcha xavfsizlikni ta’minlaydi».
TSAHAL, shuningdek, quruqlik qo‘shinlari Janubiy Livanga kiritilishidan oldin Isroil harbiy-havo kuchlari va artilleriyasi mintaqadagi «ko‘plab terroristik nishonlar»ga zarba berganini qayd etdi. Bir kun oldin «Hizbulloh» Janubiy Livanda Isroil armiyasi bilan «to‘g‘ridan to‘g‘ri» jangovar to‘qnashuvlar bo‘lganini ham ma’lum qilgan edi.
Germaniya hukumati rahbari AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushida o‘z mamlakati ishtirok etishini rad etdi.
«Bizda Asosiy qonunga muvofiq talab etiladigan BMT, Yevropa Ittifoqi yoki NATO mandati yo‘q. Shuning uchun boshidanoq ayon ediki, bu urush NATO ishi emas», — dedi Fridrix Mers.
Uning ta’kidlashicha, harbiy operatsiya boshlanishidan oldin na AQSh, na Isroil Germaniya bilan maslahatlashmagan.
Bundan oldin shu ruhda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham bayonot bergan edi.
«Bu bizning urushimiz emas, biz uni boshlaganimiz yo‘q», — dedi u va Berlinning unda «hech qanday harbiy ishtiroki» bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Bundesverning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha harbiy missiyada ishtirok etishiga ham taalluqli.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful ham Germaniyaning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarish operatsiyasiga qo‘shilishini rad etdi. Uning aytishicha, u yerda xavfsiz kemachilikka faqat muzokaralar orqali erishish mumkin.
Mavzuga oid
10:40
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
09:13
«Bibi, ehtiyot bo‘l, aks holda mutlaqo yolg‘iz qolasan» – Trampning chaqiriqlardan keyin Isroil va Eron to‘xtadi
11:00 / 08.06.2026
Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkin - elchixona
09:30 / 08.06.2026