Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Afg‘onistonda yana zilzila, Tomahawk'lar borasida fikri o‘zgargan Tramp va G‘azodagi voqealar – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azoda nimalar bo‘lyapti?
Hamas 2 noyabr kuni yana uch nafar garovdagilarning jasadlarini topshirdi. Isroil bosh vaziri idorasiga ko‘ra, Qizil Xoch orqali topshirilgan uch kishining jasadi identifikatsiya uchun olib ketiladi.
Bu jasadlar Isroil G‘azodan olishni talab qilayotgan 11 garovdagidan uchtasi bo‘lishi kutilmoqda. Isroil Hamasni ularni juda sekinlik bilan topshirayotganlikda ayblagan, Hamas esa og‘ir sharoitda imkon qadar tez ishlayotganini bildirgan.
Garchi 10 oktyabrdan beri sulh amal qilayotganiga qaramay, yakshanba kuni ertalab Isroilning havo hujumi Shimoliy G‘azoda bir kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Isroil armiyasi, ularning kuchlariga «tahdid solayotgan jangchi»ga zarba berganini aytgan.
Hamas esa Isroil tomonidan sulh buzilishining «ro‘yxatini» e’lon qildi. Falastin sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, sulh boshlanganidan beri Isroil zarbalari natijasida G‘azoda 236 kishi halok bo‘lgan. Ularning qariyb yarmi o‘tgan haftada hujumda halok bo‘ldi. Isroil tomoni esa uch askari halok bo‘lganini bildirdi.
AQSh Qurolli kuchlari yuqori martabali amaldori general Den Keynning mintaqaga tashrifi chog‘ida Netanyahu G‘azodagi har qanday harbiy harakati haqida Vashingtonga ma’lum qilishini bildirdi. Hamas esa «Isroilni sulhga rioya qilishga majburlash» uchun AQSh yetarli harakat qilmayotganini aytdi.
Hozircha sulhning keyingi bosqichlari bo‘yicha sezilarli siljish yo‘q: oldinda hanuz yirik to‘siqlar — Hamasni qurolsizlantirish va Isroilning G‘azodan chiqish jadvalini belgilash kabi masalalar turibdi.
Ukrainaga Tomahawk'lar hozircha berilmaydi
2 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp hozircha Ukraina uzoq masofali Tomahawk raketalarini olishiga ruxsat beruvchi bitimni ko‘rib chiqmayotganini aytdi.
Tramp AQShning Tomahawk raketalarini NATO davlatlariga sotish, ular esa keyinchalik raketalarni Ukrainaga topshirish rejasiga sovuqqonlik bilan qaramoqda. Uning aytishicha, bu urushni yanada keskinlashtirishi mumkin.
Prezidentning Air Force One bortida jurnalistlarga bergan so‘nggi izohlaridan snzish mumkinki, u hanuz bu masalada ehtiyotkor pozitsiyada qolmoqda. Shunga qaramay, u fikrini o‘zgartirishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.
Tomahawk raketalari 2 500 kilometr masofaga uchadi — bu ularni Rossiya hududining ichkarisiga, jumladan, Moskvagacha yetib borish imkonini beradi.
Zelenskiy anchadan buyon AQShdan bunday raketalarni so‘raydi. Kreml esa buning oqibatlari «juda yomon» bo‘lishini aytib keladi.
Eron: «Yadroviy obektlarni tiklaymiz va kuchaytiramiz»
Eron — AQSh zarbalari oqibatida zarar ko‘rgan yadroviy inshootlarini qisqa fursatda tiklaydi va yanada takomillashgan shaklda qayta ishga tushiradi. Bu haqda mamlakat prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ma’lum qildi.
IRNA agentligining xabar berishicha, prezident bu bayonotni zarar ko‘rgan yadroviy obektlarni tekshirish chog‘ida bergan.
«Yadro bo‘yicha bilimlarimiz binolarda emas, olimlarimizning ongida saqlanadi. Binolar va infratuzilmaning vayron bo‘lishi — bu falokat emas. Biz hammasini qayta tiklaymiz va yanada qudratli hamda samaraliroq qilamiz», — dedi Pezeshkiyon.
U Eron yadroviy dasturining faqat tinch maqsadlarga qaratilganini yana bir bor ta’kidladi.
«Dushmanlar Eron yadroviy qurol yaratmoqchi, degan yolg‘on gaplarni tarqatmoqda. Aslida biz Oliy rahbar fatvosiga binoan, yadroviy qurol ishlab chiqish va undan foydalanishni qat’iyan man etilgan deb hisoblaymiz», — dedi prezident.
Joriy yil 13 iyun kuni Isroil Eronning turli hududlaridagi yadroviy obektlariga zarba berib, harbiy qo‘mondonlari va 9 nafar yadro bo‘yicha yetakchi olimlarini o‘ldirgan edi. Shundan so‘ng, AQSh — 22 iyun kuni Eronning uchta asosiy yadroviy markazlariga zarbalar bergan.
Afg‘onistonda yana kuchli zilzila
3 noyabr kuni erta tongda Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif shahri yaqinida 6,3 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Mahalliy hokimiyatga ko‘ra, oqibatda kamida 10 kishi halok bo‘ldi va 260 ga yaqin odam jarohat oldi. Qurbonlar soni ortishi mumkin.
AQSh geologik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzila 28 kilometr chuqurlikda, 523 ming aholiga ega Mozori Sharif shahri yaqinida yuz bergan.
«Tolibon» mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Balx va Samangan viloyatlari eng ko‘p zarar ko‘rgan, ko‘plab fuqarolar orasida o‘lim holatlari qayd etilgan. Harbiy qutqaruv va favqulodda yordam guruhlari darhol voqea joyiga yetib borib, odamlarni qutqarish, jarohatlanganlarni ko‘chirish va jabrlangan oilalarga yordam berish ishlarini boshlagan.
Balx viloyati matbuot kotibi Hoji Zaidning ma’lum qilishicha, zilzila Mozori Sharifdagi muqaddas Ko‘k masjid (Blue Mosque)ning bir qismini vayron qilgan.
Afg‘oniston yer silkinish xavfi yuqori hududda joylashgan — u yerdagi ikki geologik faol yoriqlarning harakatlanishi, kuchli zilzilalarni keltirib chiqaradi. Xususan, avgust oyida ushbu mamlakatda sodir bo‘lgan zilzila va uning kuchli takror zarbalari oqibatida 2,2 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, minglab kishi jarohat olgan edi.
«Trampning buyrug‘i yadroviy portlashni anglatmaydi»
AQSh energetika vaziri Kris Rayt — Donald Trampning yadro qurollari sinovlarini qayta boshlash haqidagi buyrug‘i yadro portlashlari bilan bog‘liq emasligini aytdi.
«Biz hozir so‘z yuritayotgan sinovlar — bu tizim sinovlari. Bu yadro portlashlari emas, biz ularni nokritik portlashlar deb ataymiz», — dedi Rayt Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
Uning tushuntirishicha, bu sinovlarda yadro qurolining o‘zagi portlatilmaydi, balki «qurolning boshqa barcha qismlari tekshiriladi — ular to‘g‘ri geometriyani ta’minlayaptimi, yadro portlashini ishga tushirishga tayyormi» degan masalalar aniqlanadi.
«Bu — Nevada cho‘lida yashayotgan odamlar bir kuni to‘satdan osmonda qo‘ziqorin shaklidagi bulutni ko‘radi, deb o‘ylaydigan narsa emas», — dedi Rayt.
Trampning buyrug‘i AQSh 33 yil davomida yadro portlovchi sinovlar o‘tkazmaganidan so‘ng e’lon qilingandi. U bu qarorni boshqa davlatlar yadro tashuvchilarining sinov dasturlari fonida qabul qildi.
Juma kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari Sergey Shoygu agar boshqa davlatlar yadro sinovlari o‘tkazsa, Rossiya ham shunday qilishini aytgan edi. Kreml esa shu oyda yadroviy dvigatelli qanotli raketa va avtonom torpedani sinovdan o‘tkazganini bildirdi. Biroq to‘liq yadro quroli sinovi amalga oshirilmaganini ta’kidladi.
Meksikadagi fojia
1 noyabr kuni Meksikaning shimoliy-g‘arbida joylashgan Hermosillo shahridagi do‘konda katta yong‘in chiqdi. Oqibatda kamida 23 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi.
«Hodisa sabablarini to‘liq va oshkora o‘rganish uchun keng qamrovli tergov o‘tkazishni buyurdim», — dedi Sonora shtati gubernatori Alfonso Durazo.
U shuningdek, qurbonlar orasida bolalar ham borligini qo‘shimcha qildi. Shtat bosh prokurori Gustavo Salasning ma’lum qilishicha, ko‘pchilik o‘limlar yong‘indan emas, balki zaharli gazlardan nafas olish oqibatida yuz bergan.
Yong‘inning sababi hozircha noma’lum, biroq ayrim OAVlar elektr tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Shahar hokimiyati esa do‘kon hujum nishoni bo‘lmaganini ta’kidladi.
Shahar yong‘inlar boshqarmasiga ko‘ra, portlash yuz bergan-bermaganini aniqlash uchun tergov davom etmoqda.
Mavzuga oid
16:20 / 05.12.2025
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025