Jahon | 15:08 / 03.11.2025
3040
3 daqiqa o‘qiladi

GFRdagi dronlar firmasi: Ukrainga zirhli texnika o‘rniga dronlar kerak

Dronlar ishlab chiqaradigan Myunxendagi Helsing nemis kompaniyasining hammuassisi Gundbert Sherf G‘arb Ukrainga zirhli texnika o‘rniga ko‘proq dron yetkazib berishi kerakligini aytdi, chunki hozir jang maydonida uchuvchisiz apparatlar ustunlik qilmoqda.

Gundbert Sherf Foto: Jens Kalaene/dpa/picture alliance

Ukrainaga G‘arb qurol-yarog‘i yetkazib berishida hozircha asosiy urg‘u zirhli texnikaga qaratilgan, dronlar esa yetarlicha taqdim etilmayapti. Bunday fikrni Myunxendagi dron ishlab chiqaruvchi Helsing startapi hammuassisi Gundbert Sherf bildirdi. Menejyer bilan suhbatni dpa axborot agentligi 2 noyabr kuni e’lon qildi.

«Dron operatorlari bilan yaqin hamkorlik va Ukrainadan kelayotgan ma’lumotlarning oshkoraligi tufayli manzarani juda ravshan ko‘ryapmiz: yo‘qotishlarning 80–90 foizi har ikki tomonda ham dronlar sabab yuz bermoqda», — dedi Sherf.

«Biz ustuvor jihatlarni to‘g‘ri belgilaganmizmi-yo‘qmi, qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Mening tasavvurim mutlaqo aniq: bizga ikki xil tizim ham kerak — ham an’anaviy, ham avtonom. Bu mudofaa sanoatining ikki ustuni», — deya davom etdi u.

«Hozir biz go‘yo formulani topgandekmiz: zirhli texnika va dronlar. Tengdek eshitiladi, — dedi u. — Amalda esa rejalarga qaralsa, budjet nisbati hali-hamon 99 ga 1 (zirhli texnika foydasiga). Bu Ukraina tajribasini ham, yaqin yillardagi voqeiy rivojlanishni ham aks ettirmaydi».

Helsing Ukrainaga sun’iy intellekt qo‘llanadigan HF-1 va HX-2 hujumkor dron-kamikadzelarini yetkazib beradi. OAV bu dronlarni «mini-Taurus» deb atay boshlagan — bu nom Kiyev anchadan beri Berlindan so‘rab kelayotgan nemis TAURUS qanotli raketalariga ishora qiladi.

HX-2 dron-kamikadze

Myunxen startapi uzoq vaqt davomida Germaniya hukumatidan Ukrainaga yetkazib beriladigan dronlar uchun davlat moliyasini so‘ragan. 2024 yil noyabrda Germaniya hokimiyati Helsing dronlarini davlat hisobiga Kiyevga yetkazishga va’da bergan, ammo keyin bu yetkazib berishlarning taqdiri noma’lum qolgan. 2025 yil iyun oyida kompaniya 1 mlrd yevrodan ortiq xususiy investitsiya jalb etganini ma’lum qildi, davlat subsidiyalari haqida esa xabar berilmagan.

Helsing rahbarining bayonotlari snaryad va zirhli texnika ishlab chiqaruvchi Rheinmetall konserni boshqaruvchisi Armin Pappergerning yaqindagi so‘zlariga keskin zid. U Handelsblatt gazetasiga 24 oktyabr kuni bergan intervyusida bunday degan edi: «(Ukrainadagi) hozirgi urush shuni ko‘rsatmoqdaki, urushlar hali-hamon zirhli texnika va raketalar bilan olib boriladi. Bu kelajakda ham o‘zgarmaydi. Kelajak urushlarida faqat dronlar ishlatiladi, degan gap — mantiqsizlik».

Mavzuga oid