Jahon | 15:02 / 03.11.2025
2621
3 daqiqa o‘qiladi

Tehron: Rossiya Eronda yana sakkizta yangi AES quradi

Eron yana bir bor Rossiya mamlakat hududida sakkizta yangi atom elektr stansiyasi (AES) qurishini ma’lum qildi. Moskva bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan. Tehron rejasiga ko‘ra, Eron AESning umumiy quvvati 20 000 MVtga yetkaziladi - bu deyarli RF darajasiga teng.

Foto: Abedin Taherkenareh/dpa/picture alliance

Eron va Rossiya hukumatlari Eron hududida sakkizta AESni birgalikda qurish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu haqda 2 noyabr kuni Eron Atom energiyasi tashkiloti (EAET) rahbari va vitse-prezident Muhammad Eslamiga tayanib, Tasnim agentligi xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘rtta AES Fors ko‘rfazidagi Bushhir janubiy viloyatida, yana to‘rttasi esa mamlakatning boshqa hududlarida barpo etiladi. Eslami yaqinda Kaspiy dengizi bo‘yidagi Guliston viloyatida yangi AES qurilishi boshlanganini ham eslatdi.

Yangi stansiyalar ishga tushganidan keyin Eron atom energetikasining umumiy quvvati 20 000 MVtga yetkazilishi kerak, dedi vitse-prezident. Taqqoslash uchun: Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi barcha AESning umumiy quvvati hozirda 28 639 MVtni tashkil qiladi.

26 sentabr kuni EAET Tehron va Moskva quvvati taxminan 1255 MVt bo‘lgan uchinchi avlod to‘rtta energoblok qurishga kelishganini ma’lum qilgan edi. «Rosatom» bu ma’lumotga izoh bermadi. Eron uchun sakkizta yangi AES haqidagi ma’lumotni Moskva ham tasdiqlamagan, ammo Eslami bu haqda oldin ham aytgandi.

2 noyabr kuni Tehronda Eron 2025 yil iyun oyida Islom Respublikasiga Isroil va AQSh zarbalari natijasida zarar yetkazilgan yadroviy obektlarni tiklashi ham bildirildi. Bu haqda prezident Mas’ud Pezeshkiyonga tayanib, Eronning ISNA agentligi xabar berdi.

Pezeshkiyonning aytishicha, hukumat yadroviy sanoatning tinch maqsadlarda rivojlanishini «kompleks va qat’iy ravishda» qo‘llab-quvvatlaydi va Eronning yadroviy obektlari «yanada kuchliroq va qat’iyroq holda» tiklanadi.

U tinch yadroviy dastur misollari sifatida radiofarmatsevtika preparatlari, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilishda yadroviy texnologiyalar qo‘llanishini sanab o‘tdi. Pezeshkiyon ta’kidlashicha, «yadroviy qurol yaratish rejalar ichiga kirmaydi», «dushman propagandasi esa “yadroviy” so‘zini ataylab atom bombalarini yaratish bilan bog‘layapti».

«Afsuski, bu yutuqlarni namoyish etish va dushman propagandasiga qarshi turishda beparvolik qildik. Bu mahsulotlarni xalqaro miqyosda ilgari surish va sotish uchun samarali mexanizm yaratish zarur», — dedi prezident.

Hukumat vakili Fotima Muchiraniy 2 noyabr kuni Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash haqida taklif olganini bildirdi. U manba va taklif tafsilotlarini ochiqlamadi, keyinroq ma’lum qilishini aytdi, deb yozadi Eronning Mehr agentligi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid