Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nyu Yorkning ilk musulmon meri, iqlim masalasida kelisholmayotgan Yevropa va F-35 xohlayotgan Saudiya – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Mamdaniy — Nyu Yorkning ilk musulmon meri
AQShdagi eng yirik musulmon aholiga ega, 11 sentabr voqealaridan keyin hamon islomofobiya sezilib turgan, ilgari hech qachon musulmon meri bo‘lmagan shaharda Zohran Mamdaniy tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdi va Nyu York meri etib saylandi.
Mamdaniy ikki raqibini — respublikachi Kyortis Sliva va mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Nyu York shtatining sobiq gubernatori Endryu Kuomoni ortda qoldirdi.
Zohran Mamdaniy ham migrantlik ildizlariga ega amerikalik. U Ugandada, asli kelib chiqishi hindistonlik oilada tug‘ilgan. Zohran 5 yoshida oilasi bilan Ugandadan Janubiy Afrikaga, keyin Nyu Yorkka ko‘chib o‘tgan. AQSh fuqaroligini 2018 yilda olgan.
Mamdaniy Nyu Yorkdagi siyosiy sahnaga — yashash xarajatlari masalasiga doimiy urg‘u berish va tinimsiz tashviqot olib borish orqali ko‘tarildi. U saylovchilar doirasini kengaytirib, turli etnik guruhlarning ilgari unchalik e’tibor markazida bo‘lmagan koalitsiyasini safarbar etdi.
U o‘z iqtisodiy dasturini shahardagi yuz minglab osiyoliklar va musulmonlarga yetkazishni asosiy maqsadga aylantirdi. U tungi smenalarda ham tashviqot olib bordi. U Isroilning AQShdagi kuchli lobbisiga qaramay, Falastin masalasida qat’iy pozitsiyasini saqlab qoldi. Mamdaniy — o‘zini «musulmon nomzod» emas, balki barcha nyu yorkliklar manfaatini himoya qiluvchi siyosatchi ekanini ta’kidlaydi.
AQSh prezidenti Donald Tramp saylov yakunlanishidan oldinroq shaharliklarni Zohran Mamdaniyni saylashdan qaytargandi. U saylovchilarni mustaqil nomzod Endryu Kuomoga ovoz berishga chaqirib, aks holda megapolisga ajratiladigan mablag‘larni qisqartirish bilan tahdid qilgan.
Saudiya Arabistoni F-35 qiruvchilarini olmoqchi
AQSh prezidenti ma’muriyati Saudiya Arabistonining 48 tagacha F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish haqidagi so‘rovini ko‘rib chiqmoqda. Reuters nashri manbalariga ko‘ra, bu milliardlab dollarlik bitim bo‘lishi mumkin. Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning AQShga tashrifi arafasida ushbu bitim Pentagon ichida muhim bosqichdan o‘tgan.
Amaldorlardan biri, Pentagonning siyosat bo‘limi ushbu bitim ustida bir necha oy ishlagani va ish hozirda Mudofaa vazirligining kotib darajasiga yetganini aytgan. AQSh rasmiylari ham, qiruvchilarni ishlab chiqaruvchi «Lockheed Martin» kompaniyasi ham hozircha izoh bermadi.
AQSh Yaqin Sharqqa qurol sotishda – Isroilning «sifatli harbiy ustunligi»ni saqlab qolishni kafolatlaydigan yondashuvni qo‘llaydi. Bu tamoyilga ko‘ra, Isroil mintaqadagi arab davlatlaridan doimo texnologik jihatdan ustunroq AQSh qurollarini oladi.
F-35 — dushman radaridan yashirinib uchish imkonini beruvchi «stels» texnologiyasi bilan yaratilgan va dunyodagi eng ilg‘or qiruvchi samolyot sifatida qaraladi. Isroil ushbu samolyotdan qariyb o‘n yildan beri foydalanadi.
Saudiya Arabistoni esa AQSh qurollarining eng yirik xaridori. Qirollik bir necha yildan beri F-35 samolyotlarini olishga urinmoqda, bu orqali havo kuchlarini modernizatsiya qilmoqchi.
F-35 masalasi faqat pul emas, balki diplomatik jarayonlar va siyosat bilan ham chambarchas bog‘liq. Turkiya ham ancha vaqtdan buyon ushbu qiruvchilarini olishga oshiqmoqda.
Sharqiy Osiyoda yangi to‘fon
5 noyabr holatiga Kalmayegi to‘foni oqibatida Filippinda halok bo‘lganlar soni 66 nafarga yetdi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan Sebu viloyatida aholi vayron bo‘lgan uylari, chiqindilarga to‘lgan ko‘chalar va butkul o‘zgargan hayoti bilan yuzma-yuz turibdi.
Qurbonlar orasida insonparvarlik missiyasi chog‘ida halokatga uchragan vertolyot va undagi 6 nafar harbiy ham bor. Favqulodda vaziyatlar agentligi 26 kishi bedarak yo‘qolgani va 10 nafari jarohatlangani haqida xabar berdi.
«Biz bu uy uchun yillar davomida ishlab, jamg‘ardik. Ammo bir zumda hammasi yo‘q bo‘ldi», — dedi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Kalmayegi — bu yil Filippinga urilgan 20-to‘fon bo‘lib, Janubiy Xitoy dengizini kesib o‘tayotganda biroz kuchaydi va hozir Vetnamga tomon harakatlanmoqda.
Vetnamda to‘fon juma kuni quruqlikka chiqishi kutilmoqda, mamlakatda tayyorgarlik ishlari boshlangan. Janubiy Luzon va shimoliy Mindanao hududlarida 200 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilindi.
AQShda aviahalokat
4 noyabr kuni UPS kompaniyasining yirik yuk samolyoti Kentukkidagi Luisvill xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilganidan biroz o‘tib qulab tushdi va kuchli portlash bilan yonib ketdi. Rasmiylarga ko‘ra, halokatda bortdagi 3 ekipaj a’zosi halok bo‘lgan, yana 11 kishi jarohat olgan.
Halokat aeroport yaqinidagi sanoat hududida yuz berdi. Natijada yong‘inlar zanjiri ko‘tarilib, aeroport faoliyati butun tun davomida to‘xtatildi.
Uchta dvigatelli MD-11 samolyoti Gonoluluga 8,5 soatlik parvoz uchun yoqilg‘i bilan to‘ldirilgan edi. Kentukki gubernatori Endi Beshir umumiy halok bo‘lganlar soni kamida 7 nafar ekanini aytib, bu raqam ortishi mumkinligini ta’kidladi. U ba’zi tirik qolganlarning «juda og‘ir» tan jarohatlari olganini ham ma’lum qildi.
WLKY telekanali halokatni videoga olib ulgurdi — kadrda samolyot havoga ko‘tarilayotganda qanot ostida olov paydo bo‘ladi, so‘ng yerga urilishi bilan portlash yuz beradi. Qo‘nish yo‘lagidan tashqaridagi sanoat hududida bir necha bino yonib ketgan, osmonga qalin qora tutun ko‘tarilgan.
Tekshiruvchilar endi bir dvigatel samolyotdan ajralib chiqqan degan taxminni o‘rganmoqda. Havo maydonida topilgan dvigatel qoldiqlari bunga ishora qilgan. Yong‘in sababi hali noma’lum.
Yevropa iqlim masalasida kelisha olmayapti
Avstriya Yevropa Ittifoqining 2040 yilga mo‘ljallangan iqlim maqsadini hozirgi shaklda qo‘llab-quvvatlay olmasligini ma’lum qildi. Bu qaror muhim ovoz berish arafasida ittifoqning tarixiy chiqindi qisqartirish rejasini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Mazkur taklifga ko‘ra, Yevropa 2040 yilgacha 1990 yil darajasidan 90 foizga kam issiqxona gazlarini chiqarishi kerak. Bu maqsad Yevropaning asr o‘rtalariga qadar iqlim neytralligiga erishish strategiyasining markaziy qismi sifatida baholanmoqda.
Euractiv xabariga ko‘ra, hujjat loyihasi ustida uzoq muzokaralar olib borilgan, sanoat va aholi farovonligi ta’siriga oid xavotirlarni yumshatish uchun bir qator murosalar kiritilgan.
Ammo rejaning qabul qilinishi uchun kamida 15 davlat va Yevropa aholisining 65 foizini ifodalovchi koalitsiya kerak. Shu sababli Avstriyaning qarori hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.
Garchi Vena o‘zi 2040 yilgacha iqlim neytral davlatga aylanishni maqsad qilgan bo‘lsa-da, mamlakat atrof-muhit vaziri Norbert Tochshnig Yevropa Ittifoqining 90 foizlik maqsadini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.
«Biz bu yerda tuzatishlar uchun o‘rin bor deb hisoblaymiz», dedi u.
Avstriya ichki sanoatni himoya qilish maqsadida olti banddan iborat talablar ro‘yxatini taqdim etdi.
Daniya raisligi hozircha o‘zining nozik ko‘pchiligini Germaniya, Fransiya va Ispaniya atrofida shakllantirgan. Biroq aholi mezoniga erishish uchun yana Polsha, Italiya yoki bir necha kichik davlatlarning qo‘llab-quvvatlovi zarur.
Polsha allaqachon taklifga qarshi chiqishini bildirgan. Italiya ham bitimni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Energetika vaziri Gilberto Pikhetto bu hujjatda «zaruriy elementlar» yo‘qligini aytdi. U 2035 yildan boshlab benzin va dizel avtomobillarini taqiqlashga oid qarorga o‘zgartirish kiritishni talab qildi.
Mavzuga oid
16:20
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025