Jahon | 16:42
960
9 daqiqa o‘qiladi

AQShga «xavf tug‘dirayotgan» Kuba va Meksika–Yevroittifoq erkin savdo bitimi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Putin qasos olmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin juma kuni o‘z harbiylariga Ukrainadan o‘ch olish choralarini tayyorlashni buyurdi. U buni olti kishining hayotiga zomin bo‘lgan talabalar yotoqxonasiga qilingan dron hujumi bilan izohladi.

Kreml hisobotida aytilishicha, Kiyevning hujumi — Rossiya nazoratida bo‘lgan Luhansk viloyatining Starobilsk shahridagi yotoqxonaga uyushtirilgan. Putin – Kiyev harbiylari «nimalarni nishonga olayotganini aniq bilgani»ni ta’kidladi.

Putin davlat televideniyesi orqali uzatilgan o‘z bayonotida yotoqxona yaqinida hech qanday harbiy nishonlar bo‘lmaganini aytdi.

Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakilining ma’lum qilishicha, tunda Ukraina dronlari hujum qilgan paytda, kollej yotoqxonasida 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 86 nafar o‘smir bo‘lgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Ukraina zarbasi oqibatida besh qavatli yotoqxonaning yuqori uchta qavati butkul vayron bo‘lganini bildirdi.

Rossiya rasmiylari tomonidan e’lon qilingan fotosurat va videolarda qutqaruvchilar vayronalar ostidan bir kishini zambilda olib chiqayotgani, jiddiy shikastlangan binolar va hali ham davom etayotgan yong‘inlar aks etgan.

Ukraina harbiylari Rossiya ayblovlarini rad etib, ushbu hududdagi dronlarni boshqarish bo‘yicha elita bo‘linmasiga zarba berilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Kiyev xalqaro humanitar huquq me’yorlariga to‘liq amal qilganini bildirdi.

Urushda har ikki tomon ham tinch aholini qasddan nishonga olishini rad etadi. Ukraina 2022 yilda Moskva bir tomonlama tartibda o‘ziniki deb e’lon qilgan Luhanskni qaytarib olishni istaydi.

Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida ushbu hodisani muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazishini ma’lum qildi.

SpaceX sinovlari

22 may kuni SpaceX kompaniyasi o‘zining «Starship» kosmik kemasining eng so‘nggi modelini uchirdi. Bu voqea Ilon Maskning raketa kompaniyasi rekord darajadagi birjaga chiqish — IPOʼga yaqinlashayotgan vaqtda yuz berdi

Parvoz davomida bir nechta kichik muammolar kuzatildi, biroq SpaceX xodimlari jonli efir paytida quvonchdan hayqirib yubordi.

«V3» deb nomlangan uchinchi avlod Starship raketasi Texasning janubiy chekkasidan ko‘kka ko‘tarildi. Sinov – taxminan bir soatdan keyin, ulkan raketa Hind okeaniga yetib borib, suvga urilish paytida yonib ketishi bilan yakunlandi.

Balandligi 124 metr bo‘lgan ushbu qurilma avvalgi modellardan kattaroqdir. Bu kelajakda NASAning Oyga va hatto Marsga amalga oshiriladigan missiyalari uchun mo‘ljallangan raketaning 12-sinov parvozidir.

Xitoy o‘zining birinchi boshqariladigan missiyasini 2030 yilga rejalashtirayotgan bir paytda NASA «Artemis» dasturi orqali 50 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor insonlarni Oyga qo‘ndirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Buning uchun NASA oydagi qo‘nish modullarini qurish maqsadida ham SpaceX'ga, ham Jyeff Bezosning Blue Origin aerokosmik kompaniyasiga milliardlab dollar to‘lamoqda.

Meksika–Yevroittifoq kelishuvi

22 may kuni Yevropa Ittifoqi va Meksika uzoq vaqt davomida to‘xtab qolgan erkin savdo bitimini imzoladi. Bu orqali har ikki tomon Amerika Qo‘shma Shtatlariga bo‘lgan iqtisodiy qaramligini kamaytirishga intilmoqda.

«Maqsad oddiy: biz Atlantika okeanining har ikki tomonida ko‘proq ish o‘rinlari yaratishni va ko‘proq qiymat shakllantirishni xohlaymiz», dedi Yevrokomissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayyen Mexikodagi sammitda.

2000 yilgi savdo bitimini kengaytiruvchi ushbu yangi kelishuv deyarli barcha tovarlar, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ham bojsiz kirish imkoniyatini ta’minlaydi. Eski pakt faqat sanoat tovarlarini qamrab olgandi.

Meksika prezidenti Klaudiya Sheinbaum «boshqa ufqlarni ochish» zarurligini ta’kidladi.

Meksika iqtisodiyot vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kelishuv mamlakatning Yevropaga yillik eksportini hozirgi 24 milliard dollardan 2030 yilga kelib 36 milliard dollargacha oshirishi mumkin. YeI esa o‘z navbatida Meksikaga har yili taxminan 65 milliard dollarlik mahsulot eksport qiladi.

Meksika ham Yevropa kabi Donald Trampning bojlaridan jiddiy zarar ko‘rgan. Bitim imzolanganidan ko‘p o‘tmay, Yevropa Kengashi rahbari Antoniu Kosta ushbu kelishuvni «haqiqiy geosiyosiy bayonot» deb atadi.

«Kuba AQSh uchun tahdid»

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Kuba – Qo‘shma Shtatlar uchun «milliy xavfsizlikka tahdid» tug‘dirishi va ular bilan tinchlik kelishuviga erishish imkoniyatlari «juda past» ekanini aytdi.

Bu bayonotlar AQSh Kubaning sobiq prezidenti Raul Kastroga 30 yil oldingi voqea uchun qotillik ayblovi qo‘yganidan keyin e’lon qilinmoqda.

Jurnalistlar bilan suhbatda Rubio diplomatiya Kuba bilan munosabatlarni tartibga solishning afzal usuli bo‘lib qolayotganini, ammo «buning ehtimoli kam» ekanini aytdi. Rubioning ta’kidlashicha, prezident Donald Tramp mamlakatni har qanday tahdidlardan himoya qilish huquqi va majburiyatiga ega.

U, shuningdek, Kuba «butun mintaqada terrorizmning yetakchi homiylaridan biri» ekanini aytdi.

Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi. U Rubioni «yolg‘on»da aybladi va Kuba hech qachon AQSh uchun xavf tug‘dirmaganini aytdi.

Shu kunlarda AQSh Qurolli Kuchlari Janubiy qo‘mondonligi yadroviy aviatashuvchi kema boshchiligidagi zarba guruhi Karib dengizi akvatoriyasiga kirganini xabar berdi.

Shuningdek, mintaqaga aviatsiya guruhi, esminets va ta’minot tankerlari ham yetib borgan. Janubiy qo‘mondonlikning ta’kidlashicha, joylashtirilgan kuchlar «yuqori jangovar tayyorgarlik va strategik ustunlikni» namoyish etadi.

Isroil Livanda 6 nafar shifokorni o‘ldirdi

Livan janubiga 24 soat ichida uyushtirilgan Isroil zarbalari oqibatida livanlik olti nafar tibbiyot xodimi halok bo‘ldi.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Hanavey shahriga berilgan zarbada to‘rt kishi, juma kuni ertalab esa An-Nahrda ikki nafar tibbiyot xodimi hayotdan ko‘z yumgan.

Isroil harbiylari esa bu zarbalar «Hizbulloh» infratuzilma obektlari va jangchilariga berilganini ma’lum qildi.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi An-Nahrda olingani aytilgan videoni tarqatdi. Unda yo‘l chetida sariq nimcha kiygan ikki kishi kimgadir yordam ko‘rsatayotgani aks etgan. Tez yordam mashinasi ushbu ikki kishiga yaqinlashganda, chaqnash ko‘rinadi va kuchli portlash ovozi eshitiladi. Shundan so‘ng o‘sha odamlarning yerda yotgani ko‘rinadi.

2 martdan «Hizbulloh» ham urushga qo‘shilganidan beri Isroil hujumlari oqibatida Livanda 3100 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlar orasida 123 nafar tibbiyot xodimi, shuningdek, 210 dan ortiq bola va 300 ga yaqin ayol bor. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Livan janubidagi bir nechta shifoxona Isroil zarbalari oqibatida shikastlangan yoki butunlay ishdan chiqqan.

AQSh Milliy razvedka direktori iste’foga chiqdi

AQSh Milliy razvedkasi direktori Tulsi Gabbard juma kuni prezident Donald Trampga iste’fo berish haqida ariza topshirdi. U buni turmush o‘rtog‘iga yaqinda suyak saratoni tashxisi qo‘yilgani bilan izohladi.

45 yoshli Gabbard Oval kabinetdagi uchrashuvda Trampni iste’foga chiqish niyati borligi haqida xabardor qildi. Uning iste’fosi 30 iyundan kuchga kirishi belgilangan.

Tramp iste’foni qabul qildi va Gabbardning o‘rinbosari Aron Lukas Milliy razvedka direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lishini aytdi.

Sobiq demokrat bo‘lgan Gabbard o‘zining siyosiy obro‘sini – AQShning tashqi urushlardagi ishtirokiga qarshi chiqishi orqali mustahkamlagandi. Bu esa AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlaganida, uning Tramp bilan ixtilofga borishiga sabab bo‘ldi.

Uning mart oyida Kongressda aytgan so‘zlari Trampning Eronga hujum qilish qarorini ehtiyotkorlik bilan qo‘llab-quvvatlamasligi bilan ajralib turgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid