Jahon | 22:46 / 06.11.2025
2654
2 daqiqa o‘qiladi

Misrning sobiq turizm vaziri YuNeSKO yangi bosh direktori bo‘ldi

54 yoshli Xolid Al-Anoniy bu lavozimda Odre Azule o‘rnini 4 yillik muddatga egallaydi.

Foto: YuNeSKO

Samarqandda o‘tayotgan YuNeSKO bosh konferensiyasida misrlik Xolid Al-Anoniy tashkilotning bosh direktori etib saylandi.

Al-Anoniy 179 ovozdan 172 tasini oldi. U 2017 yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan Odre Azule o‘rnini 4 yillik muddatga egallaydi.

Xolid Al-Anoniy 1971 yilda tug‘ilgan. U misrshunos va Hilvon universitetida misrshunoslik professori bo‘lib, 30 yildan ortiq vaqt davomida dars bergan.

2014-2016 yillarda Al-Anoniy Misr sivilizatsiyasi milliy muzeyiga, 2015-2016 yillarda Qohiradagi Misr muzeyiga rahbarlik qilgan. 2016 yildan 2022 yilgacha Misrning qadimiy yodgorliklarni muhofaza qilish ishlari bo‘yicha vaziri, so‘ngra turizm va qadimiy yodgorliklarni muhofaza qilish vaziri lavozimlarida ishlagan.

2024 yilda u Jahon sayyohlik tashkilotining madaniy turizm bo‘yicha maxsus elchisi etib tayinlandi, keyinchalik Afrika Jahon merosi jamg‘armasining vasiysi bo‘ldi.

Al-Anoniy YuNeSKO o‘n ikkinchi bosh direktori bo‘ldi. U 1974-1987 yillarda senegallik Amadu-Maxtar M'Boudan keyin arab mamlakatidan bo‘lgan birinchi bosh direktor va Afrikadan bu lavozimni egallagan ikkinchi vakil hisoblanadi.

YuNeSKO (The United Nations Educational, Scientific and Cultural Organization, UNESCO) - madaniyat, fan, ta’lim va axborot texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali dunyoga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan BMT ixtisoslashgan muassasasi. Tashkilot 194 ta davlat va xalqaro munosabatlar sub’yekti bo‘lmagan 12 ta assotsiatsiyalangan a’zolarni birlashtiradi.

YuNeSKO vazifalari - Butunjahon merosi obektlarini muhofaza qilish, barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish va savodsizlik va biologik xilma-xillikning kamayishi kabi muammolarni bartaraf etish. Tashkilot madaniy va tabiiy boyliklarning kelajak avlodlar uchun saqlanishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid