Asrlar davomida Nil daryosi Misr sivilizatsiyasining asosiy hayot manbai bo‘lib kelgan. Mamlakatning deyarli butun qishloq xo‘jaligi va aholisi daryo hamda uning deltasi atrofida jamlangan. Bugungi kunda ham Misr aholisining qariyb 95 foizi aynan Nil sohillari va O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi delta hududida yashaydi. Uning tashqarisida esa cheksiz sahrolar yoyilgan.

Biroq aholi sonining keskin o‘sishi, iqlim o‘zgarishi va suv resurslariga bosimning kuchayishi tufayli Nil vodiysi tobora o‘z imkoniyatlari chegarasiga yaqinlashmoqda.

Nega «Yangi Nil» kerak bo‘ldi?

1990 yilda Misr aholisi taxminan 60 million nafar edi. Hozir esa mamlakatda 100 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu o‘sishning asosiy qismi Nil vodiysi hissasiga to‘g‘ri keldi. Natijada shaharlar kengayib, qishloq xo‘jaligi yerlari qisqarmoqda, oziq-ovqatga bo‘lgan talab esa yil sayin oshib bormoqda.

Shu bilan birga, Efiopiyada qurilgan yirik gidroelektr to‘g‘oni ham Misr uchun xavotir manbaiga aylangan. Chunki mamlakat toza suvning deyarli barchasini Nil daryosidan oladi. Daryo suvi oqimining hatto ozgina kamayishi ham Misr iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Yangi delta» qanday ishlaydi?

2018 yilda boshlangan «Yangi delta» loyihasining asosiy maqsadi qariyb 9 200 kvadrat kilometr cho‘l hududini unumdor qishloq xo‘jaligi yerlariga aylantirishdir. Agar reja to‘liq amalga oshsa, Misrdagi ekiladigan yerlar maydoni uchdan bir qismdan ko‘proqqa kengayadi.

Loyihaning asosini suvni qayta ishlash va uni cho‘l hududlariga yetkazib berish tizimi tashkil etadi.

Buning uchun uzunligi qariyb 170 kilometr bo‘lgan Al-Hammam kanali qurilgan. Ilgari O‘rta Yer dengiziga oqizib yuborilgan qishloq xo‘jaligi drenaj suvlari endi tozalanib, mamlakat ichkarisiga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, tizim Nil daryosidan keladigan suv bilan ham ta’minlanadi. Shu tariqa G‘arbiy sahroda yangi qishloq xo‘jaligi hududi shakllantirilmoqda.