Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya, AQSh yoki Xitoy: qurollanish poygasini kim boshlayapti?
Bugun global maydonda yadro qurollar sinovlari masalasi yana eng muhim va dolzarb mavzu sifatida qayta ko‘tarildi. Katta davlatlar o‘rtasida ishonchsizlik kuchayib, sinovlar va bayonotlar soni ortmoqda. Rossiya, AQSh va Xitoy har biri o‘z qudratini namoyish etishga urinmoqda. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar katta kuch markazlarining qurollanish poygasiga kirishayotgani xususida so‘z yuritadi.
Yadro sinovlar masalasini qaysi tomon avj oldiryapti?
Shuhrat Rasul: Amerika Qo‘shma Shtatlari talqiniga ko‘ra, ushbu tashabbusning boshlovchisi shubhasiz, Rossiya tomoni hisoblanadi. Tramp esa buni eshitgan zahoti “zudlik bilan” yadro qurollari sinovlarini boshlash kerakligini aytgan. Uning fikricha, Rossiya bir emas, ikki marotaba shunday sinovlar o‘tkazgan. So‘nggi o‘n kun ichida Rossiya tomonidan “Burevestnik” qanotli raketasi va “Poseydon” deb ataluvchi yadro torpedasining sinovlari o‘tkazilgan. “Poseydon” odatiy torpedalardan o‘n baravar katta bo‘lib, u yadro kallak bilan emas, balki yadro motoriga ega ya’ni unda kichik yadroviy reaktor o‘rnatilgan. Shu reaktor qurilma motor vazifasini bajaradi. Aynan shu sababdan AQSh Rossiyani yadro sinovlari o‘tkazganlikda gumon qildi va bunga javoban Prezident Tramp “zudlik bilan yadro sinovlarini boshlash” haqida buyruq berdi. Rossiya tomoni esa o‘z navbatida: “Bizning sinovlarimizda yadro kallagi yo‘q edi. Bu to‘laqonli yadro portlashi emas, balki yadro reaktori ishlashini tekshirish mashqi edi”, deb izoh berdi. Biroq bu bayonot ilgari Rossiya o‘sha qurollarni “yadroviy reaktor bilan jihozlangan” deya reklama qilganiga ziddek tuyuladi. Boshqacha aytganda, Rossiya hozir vaziyatni yumshatishga urinmoqda. Prezident Putin esa “masalani batafsil o‘rganish uchun ekspertlar komissiyasi tuzish kerak”ligini aytdi. Umuman olganda, bu voqealar aslida yangi yadro qurollanish poygasining boshlanishi sifatida baholanmoqda.
Hamza Boltayev: Bu masalaga faqat yadro qurollari nuqtai nazaridan emas, balki keng harbiy-siyosiy kontekstda qarash kerak. Mening fikrimcha, Trampning “zudlik bilan yadro sinovlarini boshlash” haqidagi bayonoti va keyingi ekspert munozaralarini inobatga olsak, asosiy xavf Rossiya emas. AQSh uchun eng katta strategik tahdid — Xitoy. Pekinning yadroviy imkoniyatlarini va ularni yetkazib berish texnologiyalarini tez rivojlantirayotgani, shuningdek bu texnologiyalarni ishlab chiqarib harbiylarga yetkazish sur’ati juda yuqori. Taniqli mustaqil va davlatga bog‘liq tahlil institutlari Xitoy yadroviy arsenalini 2035 yilgacha taxminan 1500 tagacha yadroviy kallakka ega bo‘lishi mumkin deb baholamoqda. Bu o‘rtacha, lekin jiddiy xavotir uyg‘otuvchi raqamlar, real o‘sish undan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Xitoy uchun eng katta strategik ustunlik — qurollarni uzoq, xavfsiz hududlarda (masalan, Shinjon, Gobi sahrosi, ichki Mo‘g‘uliston) joylashtirilganligi. Bunday shaxtalar bombardimon qilinganda ham yo‘q qilib bo‘lmas darajada chuqur va uzoqda joylashgan. Ikkinchi strategik ustunlik esa chalg‘itish, ya’ni bir shaxtada haqiqiy qurol bo‘lsa, uning atrofida 15–20 ta boshqa shaxta bo‘lishi mumkin, qaysi birida qurol borligini aniqlash qiyin. Rossiyaning “Burevestnik” va “Poseydon” kabi vositalari — asosan yadro qurolini tashuvchi platformalar: ular o‘zida kallak saqlamaydi, balki tashuvchi texnologiya sifatida ahamiyatga ega.
Sinovlar masalasida gap ketganda, AQSh superkompyuter va simulyatsiya imkoniyatlari masalasida dunyoda yetakchi. Bitta haqiqiy portlash o‘tkazishdan ko‘ra simulyatsiyalar million barobar arzon va samarali hisoblanadi. Muayyan suhbatlarda Rossiya va AQSh o‘rtasidagi masala ko‘tarilganda, ko‘pchilik Xitoyga e’tibor qaratmoqda, lekin Xitoy strategik qurollanishni aniq ochiq e’lon qilmaydi. Uning ko‘plab ilmiy va harbiy sinovlari maxfiy o‘tkaziladi, faqat marosimlarda yoki paradda yangi raketalarini ko‘rsatdi, masalan: DF-26 kabi raketalar ochiq sinovlardan o‘tgan va u Guamga yetib borish qobiliyatini isbotlagan. Xulosa qilib aytganda, men uchun haqiqiy eskalator — Xitoyning tezkor va nisbatan yashirin yadroviy rivojlanishidir.
Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:53
🔴 LIVE: Xitoy Rossiyaga ta’sir qiloladimi? | "Geosiyosat"
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
11:20 / 30.11.2025