New York Times nashri Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod Isroil bilan aloqalarga egaligi haqida yozib chiqdi. Siyosatchining idorasi bu da’volarni rad etdi. Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar bunday xabarlardan maqsad Eron ichkarisida tarqoqlik keltirib chiqarishga urinish bo‘lishi mumkinligini aytmoqda, chunki Ahmadinajod prezidentligi davrida Isroilga qarshi murosasiz ritorikasi bilan tanilgan edi.
New York Times va Isroildagi ayrim nashrlaridagi da’volarga ko‘ra, Isroil razvedkasi Mossad 2022 yildan boshlab Mahmud Ahmadinajod bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilgan. 2024-2025 yillarga kelib, Vengriyaning Budapesht shahrida yashirin uchrashuvlar bo‘lib o‘tgani, hatto o‘sha paytdagi Mossad rahbari David Barnea ham uchrashuvlardan birida qatnashgani aytilyapti.
Xabarlarda Isroil tomoni go‘yoki Ahmadinajodni Eronda rejim almashgan taqdirda yangi hokimiyatning yuzi sifatida ko‘rishni istagani, shuningdek, uning safarlari va yashash xarajatlarini Isroil tomoni qoplagani haqida ham da’volar keltirilgan.
Ahmadinajodning rasmiy idorasi bu xabarlarni qat’iy rad etdi va ularni “to‘liq yolg‘on” deb atadi.
Yuqoridagi nashrlar Ahmadinajod Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan uy qamog‘iga olingani haqida ham yozmoqda.
“Provokatsiya ehtimolini soqit qilib bo‘lmaydi”
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:
— O‘tgan yil iyun oyida va joriy yil fevralida Eronga yirik hujumlar uyushtirildi. Fevral oyidagi hujumda Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy hamda siyosiy va harbiy elitaning muhim vakillari halok bo‘ldi. Shu voqealar ortidan axborot maydonida bir da’vo faol tarqatildi, go‘yoki barcha yuqori martabali qo‘mondonlar yo‘q qilingan, faqat “Al-Quds” kuchlari qo‘mondoni general Qosimiy tirik qolgan va bu uning kimlargadir xizmat qilayotganidan dalolat emish. Biroq keyinchalik Imom Xominaiyning dafn marosimida general Qosimiy ishtirok etdi.
Eron – mafkuraviy davlat bo‘lib, siyosiy elita ichidagi xiyonat masalasiga keskin munosabat bildiradi. Agar yuqori lavozimli amaldorning xiyonati isbotlansa, uning javobgarliksiz qolishi deyarli mumkin emas. General Qosimiyga nisbatan ilgari surilgan da’volar esa tasdiqlanmadi. O‘sha paytda bu mavzu asosan Amerika va Isroil axborot maydonida faol muhokama qilingan edi.
Bugun Mahmud Ahmadinajod haqida ham shunga o‘xshash da’volar ilgari surilmoqda. Biroq Toshkentda turib, ishonchli dalil va faktlarsiz u yoki bu xulosani chiqarish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday masalalarda vaziyatni kuzatish va tasdiqlangan ma’lumotlargagina tayanish lozim.






