O‘zbekiston | 23:12 / 19.11.2025
3033
2 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda 50 ta «mikrosanoat markazi» ishga tushiriladi

Markaz hunarmandchilik, tikuvchilik va boshqa sohalarga ixtisoslashgan mahallalarda tadbirkorlar ishini kengaytirish maqsadida tashkil qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda ma’lum qilinishicha, kelgusi yilda hududlardagi korxonalarda 52 milliard dollarlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish reja qilingan.

Mutasaddilar mahalliy sanoat tarmoqlarida 22 milliard dollarlik 3,5 mingta loyihani ishga tushirib, 130 ming doimiy ish o‘rni tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, hozir G‘ijduvon tajribasi asosida 400 ta mahalla mebelchilik, hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan. Tadbirkorlarning joyi kengaytirib berilsa, har biri yana 5-10 kishini ishga olishga tayyor.

Shu munosabat bilan tuman hokimlariga kelasi yilda sanoatga ixtisoslashgan bunday mahallalarda 50 ta «mikrosanoat markazi»ni ishga tushirish, banklar bilan birgalikda kamida 800 milliard so‘mlik 1,5 ming kichik sanoat loyihasini amalga oshirib, 10 ming nafar odamni ishli qilish topshirildi.

Bu markazlarning infratuzilmasi uchun 200 milliard so‘m ajratiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid