O‘zbekiston | 14:31 / 20.11.2025
1908
3 daqiqa o‘qiladi

Amerika nashri: O‘zbekiston prezidenti “Markaziy Osiyo hamjamiyati” tashabbusini ilgari surdi

AQShning yetakchi nashrlaridan biri - Eurasianet Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi haqida maqola e’lon qilib, unda prezident Shavkat Mirziyoyevning maslahat formatini “Markaziy Osiyo hamjamiyati”ga aylantirish tashabbusi va Ozarboyjonni mintaqaviy hamjamiyatga to‘liq ishtirokchi sifatida qo‘shish g‘oyasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Telegram / emomalirahmontjk

“Dunyo” axborot agentligi muxbiri xabariga ko‘ra, AQShning yetakchi Eurasianet nashrida “O‘zbekiston prezidenti ‘Markaziy Osiyo hamjamiyati’ni tuzish tashabbusi bilan chiqdi” sarlavhali maqola chop etildi.

Maqolada ta’kidlanishicha, Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur uchrashuvlarni mintaqaviy muloqotning maslahat shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” deb nomlanuvchi strategik formatga aylantirishni taklif qildi.

Materialda qayd etilishicha, 2025 yil boshidan buyon mintaqaviy yetakchilar AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Rossiya bilan “Markaziy Osiyo plyus” formatida sammitlar o‘tkazib kelmoqda. Prezident Mirziyoyevning so‘zlariga tayanib, nashr shunday deb yozadi: bugungi sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari savdo imkoniyatlarini kengaytirish uchun yagona ovoz bilan muzokara yuritishi zarur, kuch — birdamlikda, muvaffaqiyat esa do‘stlik va hamkorlikda ekani ta’kidlangan.

Maqolada Toshkentdagi uchrashuvda Ozarboyjonning ishtirokiga alohida urg‘u beriladi. Ta’kidlanishicha, kelgusida tuzilishi mumkin bo‘lgan “hamjamiyat” faqat beshta Markaziy Osiyo davlati bilan cheklanib qolmaydi. Ozarboyjon hududdan kelib chiqib Qozog‘iston va Turkmanistondan Kaspiy dengizining qarshi qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lsa-da, ruhan Markaziy Osiyo davlati sifatida qabul qilingani qayd etiladi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning Toshkentdagi muzokaralarda ishtirok etgani, prezident Mirziyoyev esa uni kelgusi mintaqaviy sammitlarga “to‘liq ishtirokchi” sifatida qo‘shish tashabbusini ilgari surgani yoziladi. Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston rahbari Ozarboyjonning qo‘shilishi barqaror iqtisodiyotni ta’minlash, Markaziy Osiyo va Kavkazni bog‘laydigan mustahkam ko‘prikni shakllantirish hamda yagona hamkorlik makonini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan.

Eurasianet shuningdek, Toshkent anjumani arafasida e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” siyosiy maqolasiga ham to‘xtalib, unda O‘zbekiston prezidenti Afg‘onistonni ham har qanday mintaqaviy birlashuvdan chetda qoldirmaslik, uni ham integratsiya jarayonlariga qamrab olish zarurligini ilgari surganini yozadi.

Maqolada Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedov nutqlarida savdo sohasida yanada muvofiqlashgan sa’y-harakatlarni amalga oshirish lozimligi urg‘ulangani qayd etiladi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning chiqishi ham umumiy masalalarga birgalikda yechim izlash zarurligi borasida O‘zbekiston pozitsiyasiga yaqin ekani ta’kidlanib, mintaqada hamjihatlik kayfiyati kuchayib borayotgani haqida xulosa yasaladi.

Mavzuga oid