Jahon | 14:47 / 20.11.2025
3202
9 daqiqa o‘qiladi

Britaniya qirg‘og‘idagi rus josuslik kemasi, Epshteyn fayllarini ochiqlashga rozi bo‘lgan Tramp va yana G‘azoda sulhni buzgan Isroil – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil yana G‘azoda sulhni buzdi

Isroil chorshanba kuni yana sulhni buzib, G‘azoga bir qator hujumlar uyushtirdi. Mahalliy sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi.

Chorshanba kuni Isroil harbiylari Xon Yunus yaqinida bir necha qurolli shaxslar IDF askarlariga o‘q uzganini, biroq hech kim jarohatlanmaganini bildirdi. Bunga javoban Isroil «G‘azo bo‘ylab Hamas obektlarini nishonga olayotgani» haqida bayonot berdi.

Hamas esa Isroil qo‘shinlari nishonga olingani haqidagi da’volarni rad etdi va « jinoyatlarini oqlashga qaratilgan oshkora urinish» deb atadi. Shuningdek, Hamas AQShdan Isroil harbiy harakatlarini sulhga muvofiq jilovlashga chaqirdi.

Tramp ma’muriyati, boshqa vositachilar bilan birga, G‘azoda tinchlik bo‘yicha sulhning keyingi bosqichlari ustida ishlamoqda. Bunga Hamasning qurolni tashlashi, xalqaro xavfsizlik kuchlarining joylashtirilishi va Isroilning to‘liq chekinishi kiradi. Ammo ko‘plab kuzatuvchilar sulh bu bosqichga yetmasdan turib qulashidan qo‘rqmoqda.

Sulh kuchga kirganidan beri Isroilning G‘azoga hujumlari ortidan 280 dan ortiq falastinlik o‘ldirildi.

Rossiyaning yopirilma hujumi

19 noyabr kuni Rossiya armiyasi Ukrainaga raketalar va dronlar bilan hujum qildi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga 476 ta dron va 48 ta raketa uchirdi.

G‘arbiy Ukrainaning Ternopil shahridagi ko‘p qavatli uyga raketa urilishi oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lgan, 73 kishi jarohatlangan. Xarkovda esa ommaviy dronlar hujumi oqibatida 40 dan ortiq kishi, jumladan, bolalar jarohatlangan, uylar shikastlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi chorshanba kuni Ukraina Voronejga AQSh ishlab chiqargan to‘rtta ATACMS raketasi bilan hujum qilganini ma’lum qilgandi. Rossiya tomoniga ko‘ra, barcha ATACMSʼlar S-400 va «Pansir» tizimlari tomonidan urib tushirilgan. Raketalar bo‘laklari viloyat gerontologiya markazi va bolalar uyining tomlarini shikastlagan. Harbiylar shuningdek, MLRS uchirgichlari yo‘q qilinganini ta’kidladi.

Avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyadagi harbiy obektlarga zarba berish uchun ATACMS raketa komplekslari qo‘llangani haqida xabar bergandi. Ammo ular mintaqani aniq ko‘rsatmagan.

Zelenskiy ittifoqchilarni Rossiyaga bosimni oshirishga, jumladan, Ukrainaga ko‘proq havo mudofaasi raketalarini taqdim etishga chaqirdi.

Reuters manbalarining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Zelenskiyga urushni tugatish bo‘yicha o‘zlari ishlab chiqqan, Kiyevning hududdan va ba’zi qurollardan voz kechishini nazarda tutuvchi kelishuvni o‘tkazmoqchi. Manbalarga ko‘ra, takliflar Ukraina qurolli kuchlari sonini kamaytirishni ham o‘z ichiga oladi.

Tramp Epshteyn fayllarini ochiqlashga rozi

19 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Jyeffri Epshteyn bo‘yicha uzoq yillik tergovdan olingan hujjatlarni e’lon qilishni buyuruvchi qonunni imzoladi. Adliya vazirligi ixtiyoridagi bu materiallarni Trampning siyosiy raqiblari ham, oshkoralikni talab qilayotgan tarafdorlari ham uzoq vaqtdan beri kutayotgandi.

AQSh bosh prokurori Pam Bondi Adliya vazirligi Epshteyn bo‘yicha materiallarni 30 kun ichida e’lon qilishini tasdiqladi — bu respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasi va Senat seshanba kuni qabul qilgan qonunda belgilangan.

Reutersʼning yozishicha, e’lon qilinadigan hujjatlar to‘liq bo‘lmasligi mumkin — chunki qonun Adliya vazirligiga qurbonlarining shaxsiy ma’lumotlari va tergovga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan materiallarni yashirib qolish huquqini beradi.

Bu janjal Tramp uchun bir necha oydan beri bosh og‘rig‘i bo‘lib kelmoqda. Bunga — Epshteynning qudratli shaxslar bilan aloqalarini yashirgani, 2019 yilda jinsiy ayblovlari bilan hibsda bo‘lganida sirli ravishda «o‘z joniga qasd» qilgani kabi voqealar sabab bo‘lmoqda.

Epshteyn 2008 yilda voyaga yetmagan shaxsni fohishalik uchun jalb qilganlik aybi bo‘yicha sudlangan. Mazkur materiallar Tramp va boshqa taniqli shaxslar bilan do‘stlashgan Epshteynning faoliyatiga qo‘shimcha oydinlik kiritishi mumkin.

Britaniya qirg‘oqlarida rus josuslik kemasi

Chorshanba kuni Rossiyaning «Yantar» josuslik kemasi uni kuzatuv uchun yuborilgan britaniyalik uchuvchilarga lazer yo‘naltirgan.

Britaniya mudofaa vaziri Jon Hilining aytishicha, RAF uchuvchilariga lazer yo‘naltirilishi «juda xavfli» bo‘lgan va Britaniya Yantarning keyingi qadamiga qarab javob berishga tayyor. «Yantar kursini o‘zgartirsa, bizda tayyor harbiy variantlar bor», dedi Hili.

«Bu — Yantarning Britaniya qiruvchisiga qarshi bunday harakat qilgani birinchi marotaba. Biz buni nihoyatda jiddiy qabul qilamiz», deya qo‘shimcha qildi u.

Dengiz osti kabellarini razvedka qilish va xaritalash uchun mo‘ljallangan Yantar josuslik kemasi hozirda Shotlandiyaning shimolida, Britaniya suvlarining chekkasida joylashgan.

Rossiya elchixonasi «cheksiz ayblovlar» deb ta’riflagan holatga javoban «Rossiyaning harakatlari Birlashgan Qirollik manfaatlariga ta’sir qilmasligini» aytdi.

«Biz Britaniya suvosti aloqa tizimlariga qiziqmaymiz. Britaniya tomonini Yevropa qit’asidagi inqirozli holatlarni kuchaytiruvchi vayronkor qadamlardan tiyilishga chaqiramiz», deyiladi elchixona bayonotida.

Britaniya qirollik floti va havo kuchlari potensial tahdidlarni muntazam kuzatib boradi. 2022 yilda urush boshlanganidan buyon Rossiya kemalari, suvosti kemalarini monitoring qilish bo‘yicha bunday missiyalar yanada ko‘paygan.

Putin yana 150 yil yashash haqida gapirdi

Umr ko‘rish davomiyligi 150 yil bo‘lishi mumkin, ammo bu ham har doim kam bo‘ladi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Putin «Sun’iy intellekt olamiga sayohat» konferensiyasi davomida u bir vaqtlar inson 20, 30, 35 yil yashagani va bu normal holat hisoblanganini aytdi.

«Hozir ba’zi mamlakatlarda 80 yoshga yetdi va biz ham o‘rtacha yosh shuncha bo‘lishiga harakat qilyapmiz. U yerda ayollarda biroz ko‘proq, erkaklarda esa kamroq. Biz hatto o‘z oldimizga o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlarni qo‘yamiz. Balki 150 yilga ham yetkazish mumkindir», dedi Putin.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday uzoq yashash pul kabi hammada ham bo‘lmaydi. Kamroq insonlarga nasib qiladi.

Shu yil sentabr oyida ham Xitoy raisi Si va Vladimir Putin Pekindagi harbiy parad oldidan zamonaviy texnologiyalar yordamida umr ko‘rish davomiyligini uzaytirishni gaplashgandi. Jumladan, Si «bashoratlarga ko‘ra, bu asrda 150 yoshgacha yashash imkoniyati bor», degan edi.

Salmonning tashrifi davom etmoqda

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon AQShga tashrifining ikkinchi kunida Kongress a’zolari bilan uchrashdi.

Bin Salmonga AQSh Kongressida ko‘rsatilgan munosabat boshqa dunyo liderlariga beriladigan qabulga qaraganda anchayin sust bo‘ldi. Xususan, tadbir e’lon qilinmadi va unga OAV vakillari kiritilmadi.

Bin Salmon Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi ortidan Vashington tomonidan yakkalangan shaxs sifatida qaralgan. Ammo G‘arb OAVlari uning «reabilitatsiyasi» shu hafta bilvosita tasdiqlanganini yozmoqda.

Masalan, 2019 yilda respublikachi partiyasi senator sifatida MBSni «to‘liq g‘arazli harakatlarga o‘tib ketgan», deb aytgan Marko Rubio Oq uyda uning yonida o‘tirdi. Tramp esa MRBga zid ravishda bin Salmon hech narsadan xabardor emasligini aytdi. 

Mavzuga oid