Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Hizbulloh» amaldorini o‘ldirgan Isroil, Pokistonda terakt va Ukraina ustidagi tinchlik muzokaralari – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil «Hizbulloh» rasmiysini o‘ldirdi
Bir yil avval AQSh vositachiligida o‘rnatilgan sulhga qaramay yakshanba kuni Isroil yana Livanga hujum qildi. Isroil armiyasi xabariga ko‘ra, Bayrutning janubiy chekkasini o‘qqa tutish orqali «Hizbulloh»ning eng yuqori darajadagi harbiy rasmiysi o‘ldirilgan.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi zarba oqibatida besh kishi halok bo‘lgani, yana 28 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Zarba ko‘p qavatli binoga urilgan va raketa parchalari asosiy shohbekatdagi avtomobillar ustiga tushgan.
Bu — oylar davomida Livan poytaxtiga amalga oshirilgan ilk zarba bo‘lib, «Hizbulloh»ning shtab boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Ali Tabtabaiy nishonga olingan.
«Hizbulloh» Tabtabaiy halok bo‘lganini tasdiqladi va u «oxirgi onigacha isroillik dushmanga qarshi kurashgani»ni ta’kidladi. Biroq uning aniq lavozim va vazifalari batafsil ochiqlanmadi.
«Hizbulloh» rasmiysi Mahmud Qomatiy bu zarba «qizil chiziq»ni kesib o‘tganini bildirdi va javob qaytarilishini ta’kidladi. Shuningdek, «Hizbulloh» o‘t ochishni to‘xtatish boshlanganidan beri Isroilga otish amalga oshirmaganini va kelishuvga rioya qilayotganini bildirdi.
Reutersʼning yozishicha, AQSh 2016 yilda Tabtabaiyga sanksiya joriy qilgan va uni «Hizbulloh»ning muhim rahbarlari qatoriga kiritib, u haqdagi ma’lumot uchun 5 million dollargacha mukofot taklif qilgan edi.
Zarba haqida AQShga oldindan xabar berilgan-berilmagani so‘ralganda, Isroil hukumatining so‘zchisi Shosh Bedrosian Isroil qarorlarni mustaqil qabul qilishini aytdi. Livan prezidenti Jozef Aun esa xalqaro hamjamiyatni Isroil hujumlarini to‘xtatish uchun aralashuvga chaqirdi.
Rossiya-Ukraina urushi bo‘yicha tinchlik muzokaralari
Shu kunlarda qariyb 4 yildan beri davom etayotgan Rossiya-Ukraina urushini tugatishga qaratilgan AQShning 28 banddan iborat rejasi muhokama qilinmoqda. Vashington, Kiyev va Yevropa vakillari qatnashayotgan tinchlik kelishuvi bo‘yicha Jyenevadagi muzokaralarda olg‘a qadam tashlandi.
Xususan, AQSh davlat kotibi Marko Rubio muzokaralarni maqtab, ularni «mana shu jarayondagi eng foydali va mazmunli uchrashuv» deb atadi. «Ayrim masalalarni bandma-band ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘ldik. Va o‘ylaymanki, yaxshigina siljishga erishdik», dedi u.
Rubio delegatsiyalar kelishilmagan nuqtalarni aniqlashtirish uchun vaqtincha ajralib chiqqanini va ayrim o‘zgartishlar, tuzatishlar ustida ishlanayotganini bildirdi.
«Albatta, yakuniy qaror prezidentlarimiz tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘ladi, ammo bu borada men o‘zimni ancha ishonchli his qilyapman», dedi Rubio.
Ukraina prezidenti apparati rahbari Andrey Yermak ham ijobiy sur’atni tasdiqladi. «Qadrli amerikalik delegatsiya bilan juda samarali birinchi sessiyani o‘tkazdik. Juda yaxshi siljish bor va adolatli hamda barqaror tinchlikka yaqinlashyapmiz», dedi Yermak.
AQSh loyihasiga ko‘ra, Ukraina qo‘shimcha hududdan voz kechishi, armiya hajmini cheklashi va NATOga a’zo bo‘lishdan rasman voz kechishi talab qilinmoqda. Tramp Zelenskiyga javob berish uchun 27 noyabrgacha muhlat belgilagan. Zelenskiy esa «sha’nimizni yo‘qotish yoki asosiy hamkordan ayrilish xavfi» kabi juda og‘ir tanlov oldida turganini aytgan. Yevropaliklar bu rejaga qarshi chiqqan.
G20 sammiti yakunlandi
Janubiy Afrikada o‘tkazilgan G20 sammiti «ko‘p tomonlama hamkorlik»ka sodiqlik nazarda tutadigan qo‘shma deklaratsiya bilan yakunlandi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar va iqtisodiy tengsizlik masalalarini qamrab olgan ushbu deklaratsiya — yig‘ilishni boykot qilgan AQSh e’tirozlariga qaramay qabul qilindi.
Yopilish marosimida so‘zlagan JAR prezidenti Siril Ramafosa kelishuv — «umumiy maqsadlar» mamlakatlar o‘rtasidagi farqlardan ustun kelganini ko‘rsatdi, dedi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp sammitda ishtirok etmaslikka qaror qilgandi. U sabab sifatida JARdagi oq tanli ozchilikka nisbatan ommaviy o‘ldirishlar va yerlarni egallab olish amalga oshirilyapti, degan da’voni aytgan. Shuningdek, Afrika qit’asida o‘tkazilgan birinchi G20 sammitiga Rossiya va Xitoy yetakchilari ham kelmadi.
Delegatlar Ukraina, Sudan, Kongo va bosib olingan Falastin hududida «adolatli, kompleks va barqaror tinchlik» sari harakat qilish borasida ham kelishuvga erishdi.
Pokistonda yana terakt
24 noyabr kuni uch nafar jangarining o‘zini portlatishi natijasida Pokistonning yarim harbiylashgan kuchlari — «Frontier Constabulary» shtab-kvartirasiga hujum qildi. Natijada tashkilotning uch nafar xodimi halok bo‘ldi, kamida besh kishi yaralandi.
Paramilitar kuchlar — Pokiston armiyasi va politsiyasi orasidagi tashkilot bo‘lib, harbiy intizom va tuzilma bilan ishlaydi, politsiyadan ko‘ra ko‘proq qurollangan hamda ichki xavfsizlikka ko‘proq yo‘naltirilgan.
Hujumchilar Peshavor shahridagi shtabga bostirib kirishdan oldin o‘t ochgan va kompleks ichida o‘zlarini portlatgan, dedi politsiya.
«Birinchi jangarining o‘zini portlatishi asosiy darvoza yonida sodir bo‘ldi, qolgan ikkisi maydonga kirib ketdi», dedi yuqori lavozimli rasmiy Reutersʼga.
Dushanba kuni ertalab huquqni muhofaza qiluvchi organlar hududni o‘rab oldi va ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda. Shtab ichida yana terroristlar bo‘lishi mumkin, deya gumon qilinmoqda.
Hozircha hujum uchun hech qaysi jangarilar guruhi javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
So‘nggi vaqtlarda faollashgan hujumlar uchun Pokiston «Tolibon»ni ayblamoqda: Islomobodga ko‘ra, qo‘shnilari jangarilarga panoh berib kelmoqda. Lekin rasmiy Kobul esa bu ayblovlarni rad etib keladi.
Nigeriyadagi bola o‘g‘irlash jinoyatlari
Nigeriyada juma kuni katolik maktabiga qilingan hujumda o‘g‘irlab ketilgan 315 boladan 50 nafari qochib qutuldi. Nigeriya rasmiylari ular oilalari bilan qayta birlashtirilganini tasdiqladi. Qolgan 265 nafar qiz bolalar va ular bilan olib ketilgan 12 o‘qituvchining qayerdaligi noma’lum.
Harbiylar, politsiya va mahalliy qo‘riqchilar bolalarni qidirmoqda — yaqin atrofdagi o‘rmonlar va jangarilar foydalangan deb taxmin qilingan yo‘llar ko‘zdan kechirilmoqda.
Niger shtatidagi ushbu ommaviy o‘g‘irlashdan oldin, o‘tgan hafta Kebbi shtatdagi musulmonlar o‘qiydigan maktabdan ham 20 nafar qiz bola o‘g‘irlangandi. Hodisadan so‘ng bir qator shtatlarda maktablar yopildi.
Ushbu o‘g‘irlashlar to‘lqiniga javoban, Nigeriya prezidenti Bola Tinubu qo‘shimcha 30 ming politsiya xodimini ishga olishga buyruq berdi.
Prezident Tinubu shuningdek, VIP shaxslarni himoya qilayotgan barcha politsiyachilarni o‘z asosiy vazifalariga — hujumlar tez-tez sodir bo‘ladigan olis hududlarga qayta yo‘naltirdi.
Hozirgi kunda, «banditlar» deb ataluvchi jinoiy guruhlar tomonidan odam o‘g‘irlash Nigeriyaning ko‘p hududlarida jiddiy muammoga aylangan. Jinoiy guruhlarga moliyaviy oqimni to‘sish maqsadida tovon to‘lash taqiqlangan, lekin bu deyarli ta’sir ko‘rsatmagan.
Mavzuga oid
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025
«Muddati» tugayotgan Maduro, Pokrovsk egallanganini aytgan rus qo‘mondonlari va Xitoyga kelayotgan Makron – kun dayjesti
16:58 / 01.12.2025