Jahon | 15:30 / 26.11.2025
5303
9 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga qo‘yilgan muddatni bekor qilgan Tramp, Tailanddagi suv toshqinlari va «Luvr ishi»da yangi gumondorlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp Ukraina uchun muddat yo‘qligini aytdi

25 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga tinchlik rejasiga rozi bo‘lishi uchun belgilangan muddatidan chekindi. Floridaga uchayotgan Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga gapirarkan, Rossiya va Ukraina bilan muzokaralar olg‘a siljiyotgani va Moskva ayrim imtiyozlarga rozi bo‘lganini aytdi. Lekin tafsilotlarni keltirmadi.

Trampning aytishicha, urushda Rossiya ustunlikka ega bo‘lib ko‘rinyapti va Ukraina uchun kelishuvga erishish eng yaxshi variant bo‘ladi. Ayrim Ukraina hududlari «baribir kelasi bir-ikki oy ichida Rossiya tomonidan olinishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi u.

Tramp o‘tgan haftada e’lon qilingan AQSh tinchlik rejasini Ukraina imzolashi uchun bosim o‘tkazishi haqida xavotirlar paydo bo‘lgandi. Shuningdek, Ukrainaga 27 noyabrgacha muddat ham qo‘yilgan edi.

Biroq u va uning yordamchilari bu qat’iy muddatdan chekindi va endi ular kelishuvni imkon qadar tezroq ko‘rishni istashlarini aytishmoqda. «Men uchun muddat bu – u tugagan payt», dedi AQSh prezidenti.

Shuningdek, Tramp Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari yevropaliklar bilan muzokara qilinayotganini aytdi.

Boshqa shaklda davom etayotgan genotsid

G‘azo sektori janubidagi kuchli yomg‘irlar sharoitida falastinliklar boshpana sifatida ishlatayotgan o‘nlab chodirlarni suv bosgan. Anadoluʼning yozishicha, Xon Yunus hududida bir nechta chodir yomg‘ir yog‘ishi oqibatida qulab tushgan, boshqalari esa kuchli shamollar sabab uchib ketgan.

«Isroil urushi oqibatida — shahardagi aksariyat yo‘llar, suv va kanalizatsiya tarmoqlari vayron bo‘lgan. Vaziyat nihoyatda fojiali», dedi Xon Yunusda yashovchilardan biri.

Mahalliy hokimiyatlarga ko‘ra, Isroil armiyasi so‘nggi ikki yil davomida 200 kilometrdan ortiq yo‘l tarmoqlarini vayron qilgan. Xon Yunusda hozirga kelib deyarli 900 ming kishi yomon ob-havo sharoitlari sabab qiyin sharoitlarda yashamoqda.

HAMAS seshanba kuni bayonot berib, G‘azo sektoriga yangi bo‘ron tizimi kirib kelayotgani bildirdi. Guruhga ko‘ra, oktyabr oyida kuchga kirgan otashkesim kelishuvi bo‘yicha Isroil o‘z majburiyatlarini bajarmagani sabab qo‘shimcha boshpanalar kirib kelmayapti.

HAMAS vakili Hazim Qosimning aytishicha, Isroilning G‘azoda davom etayotgan blokadasi, chegara o‘tish joylarini yopib qo‘yishi va qayta qurish ishlariga cheklovlar qo‘llashi «genotsidni boshqa vositalar bilan davom ettirish»ni anglatadi. Qosim xalqaro tashkilotlarni G‘azo aholisi uchun yordam ko‘rsatish borasida jiddiy choralar ko‘rishga chaqirdi. Ayniqsa qish yaqinlashib kelayotganini, bu esa «ko‘chirib yuborilganlarning azob-uqubatlarini chidab bo‘lmas darajada og‘irlashtirishini» aytdi.

Luvr ishi bo‘yicha yana 4 kishi ushlandi

O‘tgan oy Luvr muzeyida qimmatbaho zargarlik buyumlari o‘g‘irlanishi bo‘yicha tergov doirasida yana to‘rt kishi qo‘lga olindi.

Parij prokuraturasining ma’lum qilishicha, seshanba kuni ikki erkak hamda ikki ayol hibsga olingan. Ularning barchasi Parij mintaqasidan. Fransuz OAVlariga ko‘ra, ular orasida o‘g‘irlikda bevosita qatnashgan to‘rtinchi shaxs ham bo‘lishi mumkin.

Politsiya ularni so‘roq qilish uchun 96 soatgacha vaqtga ega. Ish bo‘yicha oldinroq qo‘lga olingan 4 gumonlanuvchidan 2 kishi ayblovlarni inkor qilmoqda. 2 erkak esa «o‘z ishtiroklarini qisman tan olgan».

Joriy yil 19 oktyabr kuni o‘g‘irlangan va qiymati 102 million dollardan ortiq bo‘lgan zargarlik buyumlari hozircha topilmagan. Parij prokurori talon-toroj — uyushgan jinoyatchilar emas, balki mayda jinoyatchilar tomonidan amalga oshirilganini aytgan.

O‘g‘irlikdan keyin Luvr muzeyining xavfsizlik bilan bog‘liq muammolari yana kun tartibiga qaytdi. Fransiyaning boshqa madaniy muassasalari atrofidagi xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Luvr muzeyi esa o‘zining eng qimmatbaho taqinchoqlaridan ayrimlarini Fransiya Markaziy bankiga topshirdi.

Tailandda suv toshqinlari

Tailandning ayrim hududlari rekord darajadagi sel toshqinlari bilan kurashmoqda; toshqinlar kamida 18 kishining o‘limiga olib keldi. Hukumatni qutqaruv ishlariga ko‘maklashish uchun harbiy kemalar va vertolyotlarni jalb etishga majbur bo‘ldi.

O‘tgan hafta davomida mamlakat janubidagi o‘nta viloyatni suv bosdi, Malayziya bilan chegaradosh, yirik biznes markazi bo‘lgan Hat-Yai shahrida bir kunda 335 millimetr yog‘ingarchilik kuzatildi. Bu so‘nggi 300 yildagi eng kuchli yomg‘ir sifatida qayd etdi.

To‘xtovsiz yog‘ayotgan yomg‘ir qo‘shni davlatlarni ham vayron qilmoqda. Vetnamda bir haftada halok bo‘lganlar soni 91 nafarga yetgan, Malayziyada esa 19 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Tailandda ikki milliondan ortiq odam toshqinlardan zarar ko‘rgan, biroq atigi 13 ming kishi boshpanalarga ko‘chirilgan. Reutersʼga ko‘ra, aholining katta qismi yordamdan uzilgan va ularga yetib borishning iloji yo‘q.

Inqirozni boshqarish vazifasi yuklatilgan Tailand armiyasi yordam yuklari ortilgan 14 dona kema va bir aviatsiya tashuvchisini jo‘natishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, kuniga 3 000 ta taom tayyorlash imkoniga ega dala oshxonalarini yuboradi.

AQSh «Musulmon birodarlar»ni «terroristik tashkilotlar» ro‘yxatiga kiritmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp «Musulmon birodarlar» tashkilotining bir qator xorijdagi tuzilmalarini «xorijiy terroristik tashkilotlar» ro‘yxatiga kiritish yo‘lini ochadigan farmonni imzoladi.

Dushanba kuni Oq uy tarqatgan yozma bayonotda «Musulmon birodarlar»ga qarshi yo‘naltirilgan prezident farmonining to‘liq matni e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio va moliya vaziriga «Musulmon birodarlar»ning ayrim bo‘linmalarini «Xorijiy terroristik tashkilotlar» hamda «Alohida belgilangan global terrorchilar» ro‘yxatlariga kiritish uchun zarur bo‘lgan ishlarni amalga oshirish topshirilgan.

Farmon avvalo Misr, Livan va Iordaniyada faoliyat yuritayotgan tashkilot tuzilmalariga taalluqlidir; aynan shu bo‘linmalarni sanksiya ro‘yxatlariga kiritish va AQSh qonunchiligida ko‘zda tutilgan barcha cheklov choralarini qo‘llash rejalashtirilgan.

Farmon matnida alohida tarzda tilga olingan, 7 oktyabrdagi HAMAS hujumida — ushbu tashkilotning Livandagi «harbiy qanoti» ishtirok etgani aytiladi. Bu esa Qo‘shma Shtatlar milliy manfaatlariga bevosita zarar yetkazayotgan deb topilgan.

O‘rmonlarini ko‘paytirayotgan davlatlar

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti 2015 yildan beri qaysi mamlakatlar o‘rmon maydonlari o‘sishi bo‘yicha yetakchi ekani haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, o‘tgan asrning 70-yillaridan beri Xitoy «Ulug‘ yashil devor» tashabbusi doirasida millionlab daraxtlar ekib kelmoqda. Bu dastur — Gobi kabi cho‘llar qumlarining shaharga surilib borishini to‘xtatish uchun ishlab chiqilgan. Loyiha bo‘yicha hamma joyda daraxtlar yaxshi o‘syapti deb bo‘lmaydi, lekin umumiy ish hajmi juda katta. Xususan, 2015 yildan beri Xitoyda o‘rmon maydonlarining sof o‘sishi 1,7 million gektarni tashkil etdi.

Rossiya o‘n yillik davrda 942 ming gektarlik o‘rmonlarning kengayishi bilan jahonda ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bu tendensiyaga 2018 yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan.

Hindiston ham 2030 yilgacha 26 million gektar o‘rmonni tiklashni rejalashtirgan. 2015 yildan buyon bu yerda o‘rmon qoplamining sof o‘sishi 191 ming gektarni tashkil etmoqda.

Bundan tashqari, 2015 yildan buyon Turkiya, Avstraliya, Fransiya va Indoneziya kabi davlatlar ham yuz minglab gektar maydonda daraxtlar ekilgan hududlarni yaratgan.

Mavzuga oid