Jahon | 15:59 / 28.11.2025
4838
9 daqiqa o‘qiladi

Janglar qachon to‘xtashini aytgan Putin, migratsiya siyosatini kuchaytirayotgan AQSh va Turkiyaga kelgan Rim papasi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh migratsiya siyosatini kuchaytirmoqda

26 noyabr kuni Oq uy atrofida otib ketilgan AQSh Milliy gvardiyasi a’zosi 20 yoshli Sara Bekstrom olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Uning safdoshi 24 yoshli Endryu Volf esa «hayoti uchun kurashmoqda». Rasmiylar chorshanba kungi otishma yuzasidan «terrorizm» bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qildi.

FQB tergov doirasida bir nechta manzillarda tintuv o‘tkazdi. Gumonlanuvchi 29 yoshli afg‘on – Rahmonulloh Lakanvaning qarindoshlari so‘roq qilindi va qurilmalari musodara qilingan. Ma’lum bo‘lishicha, Lakanva Afg‘onistonda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) qo‘llab-quvvatlagan bo‘linmada xizmat qilgan. 2021 yilda ko‘chirilish dasturi orqali AQShga kelgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi «.357 Magnum revolveri»dan o‘q uzgan va ikki gvardiyachini yaralagan. So‘ng boshqa askarlar bilan otishmada o‘zi ham yaralangan. U ham hozir kasalxonada og‘ir ahvolda.

Bosh prokuror Pam Bondi gumonlanuvchiga nisbatan terrorizm bo‘yicha «kamida umrbod qamoq» talab qilishini aytdi. Milliy gvardiya a’zosi vafotidan so‘ng u o‘lim jazosi talab qilinishini ham aytdi. Hozircha rasmiylar jinoyatning motivi haqida ma’lumot bermagan.

Otishmadan 24 soat o‘tmasdan, immigratsiya siyosati yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruvlar boshlandi. Ichki xavfsizlik vazirligi – Bayden davrida tasdiqlangan barcha boshpana ishlarini, shuningdek, 19 davlat fuqarolariga berilgan «Green card»larni qayta ko‘rib chiqishni boshlagan.

Bundan tashqari, Donald Tramp AQSh tizimi to‘liq tiklanishiga imkon yaratish uchun barcha «Uchinchi dunyo mamlakatlari»dan migratsiyani doimiy to‘xtatishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, u o‘z postida «fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga barcha federal imtiyozlar va subsidiyalar tugatilishi, osoyishtalikka putur yetkazadigan migrantlarni fuqarolikdan mahrum qilish, xavfsizlikka tahdid soladigan yoki G‘arb sivilizatsiyasiga mos kelmaydigan har qanday xorijiy fuqaroni deportatsiya qilishini» qo‘shimcha qildi.

Putin urush tugashi va muzokaralar haqida gapirdi

Bishkekdagi KXShT (ODKB) sammitidan so‘ng matbuot anjumanida chiqish qilgan Vladimir Putin Ukrainadagi urush masalasiga to‘xtaldi. Uning aytishicha, hozirgacha AQSh bilan olib borilgan muhokamalar hech qanday kelishuv loyihasi haqida emas, balki masalalar majmui haqida bo‘lgan.

Jyenevada AQSh va Ukraina 28 bandni to‘rt alohida blokka ajratishga qaror qilgan va nusxasi Moskvaga yuborilgan.

«Umuman olganda, bu kelgusidagi kelishuvlar uchun asos bo‘lishi mumkinligiga rozimiz», — dedi Putin. «Biz Amerika tomoni pozitsiyamizni inobatga olayotganini ko‘ryapmiz».

Putin ayrim masalalar hali muhokama talab qilishini aytdi. «Agar Yevropa unga hujum qilinmaslikka oid kafolat xohlasa, Rossiya bunday rasmiy kafolatni berishga tayyor, ammo «Rossiya Yevropaga hujum qiladi», degan fikr «mutlaq bema’ni», dedi Putin.

Putinning aytishicha zarurat tug‘ilsa, Rossiya jangni davom ettirishga va yana hududlarni egallashga tayyor.

«Ukraina qo‘shinlari ular egallab turgan hududlardan chiqib ketishi kerak, shunda janglar to‘xtaydi. Agar chiqmasa, biz buni qurolli yo‘l bilan amalga oshiramiz. Tamom», — dedi Putin.

Shuningdek, Putin Ukrainaning hozirgi rahbariyatini noqonuniy deb hisoblashini, shu sababli Kiyev bilan rasmiy bitim tuzish noqonuniy ekanini aytdi.

Uitkoff va Ushakov o‘rtasidagi qo‘ng‘iroq yozuvining oshkor bo‘lishiga izoh bergan Putin, AQSh rasmiysi Moskvaga yon bosgan degan da’volarni rad etdi.

Hongkongda qurbonlar soni ortmoqda

Hongkongdagi ulkan turar joy majmuasida chiqqan yong‘in qurbonlari kamida 94 kishiga yetdi. Bundan tashqari yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgan, hodisa yuzasidan qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Chorshanba kuni tushdan keyin yong‘in boshlangan bino — ta’mirlanayotgan bo‘lgan, uning tashqi qismi bambuk konstruksiyalari va yashil to‘r bilan o‘ralgan edi. Politsiya qurilish kompaniyasining 3 nafar mansabdorini hibsga olgan.

O‘t o‘chiruvchilar hamon qidiruvni davom ettirmoqda.

«Biz yetti binoning barcha xonalariga majburiy kirish choralarini ko‘ramiz. Toki boshqa ehtimoliy jabrlanuvchilar qolmaganiga to‘liq ishonch hosil qilaylik», — dedi yong‘in xizmati direktori o‘rinbosari Derek Chan. Hozircha rasman 279 kishi bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida turibdi.

Hongkong rahbari Jon Li – hukumat aholiga yordam berish uchun 39 million dollarlik jamg‘arma ajratilishini aytdi. Xitoyning bir nechta yirik kompaniyalari ham xayriya e’lon qildi.

Ko‘ngillilar evakuatsiya qilinganlarga – kiyimlar, yegulik va gigiyena buyumlarini tarqatmoqda.

Rim Papasi Turkiyaga keldi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an payshanba kuni Rim papasi Leo XIVning Anqarada qabul qildi. Erdo‘g‘an bu tashrifni «umumiy zaminimizni mustahkamlaydigan juda muhim qadam» deb atadi. Vatikan rahbari birinchi chet el safarida — Turkiya va Livanni qamrab olmoqda.

Anqaradagi prezidentlik majmuasida so‘zlagan Erdo‘g‘an Papa tashrifi mintaqaviy va global tarangliklar kuchaygan «nihoyatda muhim bir pallaga» to‘g‘ri kelayotganini ta’kidladi. Turkiya prezidenti mamlakatdagi ko‘plab shaharlarda masjidlar, cherkovlar va sinagogalar yonma-yon joylashganini eslatdi.

Kamsitish va hamjihatlik haqidagi bahslar haqida gapirarkan, Erdo‘g‘an: «Bag‘rikenglik yetishmasligi mojaroni kuchaytiradi, mojaro esa bo‘linish va nafratni kuchaytiradi. G‘arbdagi o‘sib borayotgan islomofobiya va ksenofobiya – ana o‘sha o‘ta zararli zanjirning ko‘rinishidir», — dedi.

Uning aytishicha, Turkiya — Papa Leo XIV va uning avvalgi rahbarlarini Falastin masalasidagi qat’iy pozitsiyasi uchun doimo qadrlab keladi. «Sharqiy Quddusning tarixiy o‘ziga xosligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tajovuzga qarshi birgalikda harakat qilishda davom etamiz», — dedi Turkiya prezidenti.

Tomonlar «Quddusning tarixiy status-kvosini saqlab qolish» ahamiyatga ega ekanini urg‘uladi.

Lukashenko Bakiyevni Qirg‘izistonga qaytarmoqchi emas

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Bishkekka tashrifida —Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevni vataniga qaytarmasligini aytib hazillashdi.

«Bakiyev ham yaxshi yashayapti... Ba’zan mehmonga chaqirsa, uyiga borib turaman. Hech qayerga bormaysan, tamom, Belarusda yashaysan, deb aytganman. Shuning uchun biz uni sizga bermaymiz», dedi Lukashenko Qirg‘iziston OAV savollariga javob berar ekan.

Belarus rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Bakiyev Qirg‘izistonni «juda sog‘ingan va iztirobda», shuningdek, otasining qabrini ziyorat qilmoqchi. Belarus rahbari qirg‘izlar o‘z prezidentiga bunday qilishga yo‘l qo‘ymasligini boshboshdoqlik deb atadi.

«O‘ylaymanki, biz bu masalani [Qirg‘izistonning] hozirgi rahbariyati bilan hal qilamiz», deb xulosa qildi Lukashenko.

Qurmanbek Bakiyev 2005-2010 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. U 2010 yilgi «aprel inqilobi» paytida hokimiyatdan ag‘darildi va Belarusga qochib ketdi. Bakiyev 2014 yilda sirtdan sudlandi va namoyishchilarni o‘qqa tutgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Keyinroq sud jazoni umrbod qamoqdan 30 yilgacha tushirgan.

 

Mavzuga oid