O‘zbekiston | 20:07 / 29.11.2025
1445
3 daqiqa o‘qiladi

Isitish mavsumida yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga 1,2 trillion so‘m yo‘naltirildi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bir martalaik yordam oladigan 1 million 162 mingdan ziyod ehtiyojmand oila ro‘yxati shakllantirildi.

Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

Isitish mavsumida yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik yordam uchun ajratilgan 1,2 trillion so‘m tijorat banklariga to‘liq yo‘naltirildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tayanib O‘zA xabar berdi.

Qayd qilinishicha, prezident qaroriga muvofiq, 2025/2026 yilgi isitish mavsumida har bir ehtiyojmand oilaga 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishi belgilab qo‘yilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 1 million 162 mingdan ziyod ehtiyojmand oila ro‘yxati shakllantirildi. Unda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Kambag‘al oilalar reyestri”dagi 822 ming oila, reyestrlarda bo‘lmagan, ammo “mahalla yettiligi” tomonidan ehtiyojmand deb topilgan qo‘shimcha 290 ming oila ro‘yxatga kiritildi.

Bundan tashqari, kambag‘allikdan chiqqan, ammo qayta ehtiyojmand bo‘lib qolish xavfi yuqori bo‘lgan 53 ming oila, shuningdek, oilaviy bolalar uyi ochgan yoki bolalarni patronatga olgan 360 ta oila ham yordam bilan ta’minlandi.

Ta’kidlanishicha, moddiy yordamning asosiy maqsadi – isitish xarajatlarini qoplash. Masalan, o‘tgan mavsumda kam ta’minlangan oila o‘rtacha 254 kVt elektr va 514 kub metr gaz iste’mol qilib, 4 oy davomida 815 ming so‘mgacha xarajat qilgan. Shu bois, 1 million so‘mlik yordam miqdori belgilangan.

Ro‘yxatni shakllantirishda oilalarning mol-mulki va iqtisodiy imkoniyatlari axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda baholangan. Natijada, 99,3 ming iqtisodiy jihatdan ta’minlangan oilaning asossiz ravishda ro‘yxatga kirishi oldi olindi.

Bir martalik yordam uchun ajratilgan 1,2 trillion so‘m tijorat banklariga to‘liq yo‘naltirildi. 30 oktabr kuni bank kartasiga ega bo‘lgan fuqarolar mablag‘ini to‘liq qabul qildi. Bank kartasi yo‘q oilalarga esa sayyor kassa orqali naqd pul to‘lab berilmoqda.

Shu bilan birga, ehtiyojmand oilalar uchun elektr va tabiiy gazni bazaviy me’yordan ortiq iste’moli bo‘yicha kompensatsiya to‘lash tizimi yil davomida amal qilmoqda.

Mavzuga oid