Islomiy moliyaning ötmişdagi tajribasini örganaman deb, biroz arxiv titkiladim. Va bexosdan XX asr boşida bölib ötgan qiziq jarayonlarga duç keldim.

Xulosam şuki, jadid bobolarimizni faqat ma’rifatparvarlar deb emas, millat taqdirini öylagan keng kölamli strateglar deyiş kerak. Ularning kambağallik bilan kuraşiş tajribasi bunga misol.

Ular kambağallik ilmsizlik, kasbsizlik va ijtimoiy tarqoqlik bilan boğliq murakkab muammo deb qaragan.

Hammasi jamiyatlardan boşlangan

XX asr boşlarida Turkistonning deyarli barça yirik şaharlarida bugungi tilda aytganda jamoat fondlari, ma’rifiy jamiyatlar yoki nodavlat xayriya tuzilmalariga öxşaş taşkilotlar paydo böla boşladi.

Jadidlar tarğibot qiliş bilan çeklanmadi: ular tuzgan jamiyatlar mablağ yiğiş, maktablarni qöllab-quvvatlaş, kitob va darsliklar çop etiş, iqtidorli yoşlarga yordam beriş, ma’rifat işlarini taşkil etiş kabi aniq vazifalarni bajarişga kirişdi.

Jadidlar millatni uyğotiş uçun ğoya yetarli emas, uni amalga oşiradigan taşkiliy tayanç ham kerakligini tuşundi. Turkistonning turli hududlarida “Jamiyati xayriya”, “Turon”, “Tarbiyai atfol”, “Ğayrat” va boşqa şu kabi jamiyatlar taşkil etildi. Bu tuzilmalar öz davri uçun yangilik edi, çunki şaxsiy saxovatni tizimli ijtimoiy faoliyatga aylantirdi.

Toşkentda 1909 yilda tuzilgan “Jamiyati xayriya” – misol. Jamiyat kambağal oilalar farzandlarini öqitiş, ularni kiyim-keçak, daftar-qalam, zarur öquv vositalari bilan ta’minlar edi. 1913 yilda Toşkent jadidlari taşabbusi bilan “Turon” jamiyati (va uning doirasida teatr truppasi) tuzildi. Ya’ni jadidlar taşabbuslari yakka-yakka harakatlar bölmagan, balki kölamli şaklga kirgan.

Maqsad – jamiyatni avval uyğotiş, keyin uning taşkiliy asoslarini yaratiş, undan söng ma’rifiy va ijtimoiy ğoyalarni amaliy tizimga aylantiriş.

Kambağallikka qarşi kuraşning markazida maktab turardi

Jadidlarning eng katta va eng uzoqni közlagan loyihasi yangi usul maktablari edi. Bu maktablar eski maktablarning yangi körinişi emas edi. Ular ta’lim mazmunini tubdan özgartirişni maqsad qilgan. Darslarda diniy bilimlar bilan bir qatorda matematika, geografiya, tarix, tabiatşunoslik, til va boşqa amaliy fanlar ham öqitila boşlandi. Jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy kelajagini özgartirişga qaratilgan qadam edi bu.