Sog‘lom hayot | 09:37 / 02.12.2025
1124
2 daqiqa o‘qiladi

Statsionar bemorlarni boshqa tibbiyot muassasasiga bepul o‘tkazish tartibi joriy etildi

Adliya vazirligi statsionar tibbiyot muassasalaridagi bemorlarni tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq boshqa tibbiyot muassasasiga o‘tkazish tartibini belgilaydigan nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Endi zarur hollarda bemorlar boshqa shifoxonaga shifokor kuzatuvida, bepul ravishda o‘tkaziladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Adliya vazirligi “Statsionar tibbiyot muassasalaridagi bemorlarni tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq boshqa tibbiyot muassasasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3715, 2025 yil 29 noyabr).

Nizomga ko‘ra, bemorlarga zarur ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rsatish maqsadida ularni bir statsionar tibbiyot muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi belgilab berildi.

Bunda:

  • bemor (yoki uning qonuniy vakili) zarur yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan shifoxonalar orasidan tibbiyot muassasasini erkin tanlash huquqiga ega;
  • bemorni o‘tkazish shifokor tomonidan berilgan tibbiy ko‘rsatma asosida amalga oshiriladi;
  • zarur tibbiy uskunalar yoki mutaxassislar mavjud bo‘lmagan, yoki ixtisoslashtirilgan yordam boshqa shifoxonada ko‘rsatiladigan holatlarda tibbiy ko‘rsatma rasmiylashtiriladi.

Bemorni qabul qiluvchi tibbiyot muassasasiga o‘tkazishdan oldin u yerdagi bo‘sh o‘rinlar, zarur tibbiy uskunalar va mutaxassislar mavjudligi aniqlanadi.

Nizomga muvofiq, statsionar bemorlar hayotiy ko‘rsatkichlari barqaror holda, shifokor kuzatuvida, boshqa tibbiyot muassasasiga bepul o‘tkaziladi.

Mavzuga oid