O‘zbekiston | 15:09 / 04.12.2025
3433
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Gulistonning Bo‘ston mahallasini modernizatsiya qilish ishlarini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida Guliston shahri Bo‘ston mahallasida 48 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan infratuzilmaviy loyihalar, yangi qozonxona va issiqlik tarmoqlarini barpo etish ishlarini ko‘zdan kechirib, aholi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalarni belgilab berdi.

O‘zbekiston prezidentining “2023-2025 yillarda O‘zbekiston ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Bo‘ston mahallasini yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Hududdagi 48 ta ko‘p qavatli uy joriy ta’mirlandi, tashqi qismlari bazalt materiallari bilan qoplandi. Issiqlik ta’minotini yaxshilash maqsadida 18 milliard so‘mlik zamonaviy qozonxona va 3,3 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi.

Ko‘p qavatli uylarda 23 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatilib, “yopiq” tizim tashkil etildi. Mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 800 ta xonadonni o‘z ichiga olgan 20 ta ko‘p qavatli uyning ichki issiqlik tizimi qayta tiklandi. Shuningdek, mahalladagi 1 ta bog‘cha markazlashgan issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlandi.

Yangi qozonxona qurilishi hisobiga yiliga 144 ming kilovatt-soat elektr energiyasi va 627 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Davlat rahbari ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratish, qozonxonalarni qurish va ulardan samarali foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, bu sohada malakali mutaxassislarni keng jalb etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Shu yerning o‘zida prezident “yettilik” vakillari hamda nuroniylar bilan suhbatlashib, mahalla va viloyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar, infratuzilmani rivojlantirish jarayonlari yuzasidan fikr almashdi.

O‘zbekiston prezidentining Sirdaryo viloyatida infratuzilmani rivojlantirishga doir qarori asosida hududda 215 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan maxsus manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu dastur doirasida uylarning tom va fasad qismlarini ta’mirlash, issiqlik ta’minotini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash hamda atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Mavzuga oid