Jahon | 07:25
1166
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi 2,75 milliard bino uchun birinchi yuqori aniqlikdagi 3D-xarita yaratildi

Germaniyalik olimlar birinchi marta Yer sayyorasining antropogen muhitiga oid eng to‘liq raqamli tasvirni yaratdi: ular 2,75 milliard binodan iborat ulkan 3D-ma’lumotlar massivini tuzdi. Myunxen texnik universiteti (TUM) olimlari guruhi tomonidan ishlab chiqilgan GlobalBuildingAtlas yig‘indisi ilg‘or iqlim tadqiqotlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.

ERC Starting Grant granti asosida moliyalashtirilgan ushbu ma’lumotlar to‘plami 2019 yilda olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanadi. Uning aniqligi avvalgi global xaritalarnikidan 30 barobar yuqori, avvalgi to‘plamlar esa eng ko‘pi bilan taxminan 1,7 milliard binoni qamrab olgan edi.

Loyihani boshqargan Myunxendagi Texnik universitet Yerni kuzatish bo‘yicha ma’lumotlar ilmi kafedrasi professori, doktor Syaosyan Chju ta’kidlashicha, yangi xarita shaharlashuv modellarini, favqulodda vaziyatlarni boshqarish va infratuzilmani rejalashtirishni yanada aniqroq qilishga xizmat qiladi, shuningdek shaharlarni yanada inklyuziv va barqaror etishga yordam beradi.

Yangi xaritada har bir bino uch metrga uch metr fazoviy aniqlikda berilgan. Tuzuvchilarning aytishicha, bunday darajadagi aniqlik binolar balandligi, hajmi va inshootning tuzilmaviy zichligini ishonchli baholash imkonini beradi.

Bundan tashqari, barcha obektlarning 97 foizi detallashuv darajasi 1 (LoD1) modellariga tegishli. Bular binolarning asosiy geometrikasini ifodalovchi soddalashtirilgan uch o‘lchovli modellardir. Ularning detallashuvi yuqoriroq LoD darajasidagi modellarga nisbatan pastroq bo‘lsa-da, katta ko‘lamli hisoblash modellariga integratsiya qilish uchun juda mos keladi. Chjuning ta’kidlashicha, bunday ma’lumotlar shahar tuzilishi tahlili, hajmlarni hisoblash va infratuzilmani rejalashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Avvalgi ma’lumotlar to‘plamlari asosan rivojlangan mamlakatlar shaharlarini qamrab olgan bo‘lsa, yangi xarita ilgari deyarli raqamlashtirilmagan mintaqalar bo‘yicha ham keng ma’lumot beradi: Afrika, Janubiy Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek dunyo bo‘ylab qishloq hududlari to‘g‘risida.

Chjuning tushuntirishicha, binolarga oid 3D-ma’lumotlar urbanizatsiya va qashshoqlik darajasini odatiy ikki o‘lchovli xaritalarga qaraganda ancha aniqroq aks ettiradi. Uch o‘lchovli modellarda tadqiqotchilar faqat qurilish maydonini emas, balki har bir binoning hajmini ham ko‘ra oladi, bu esa yashash sharoitlarini ancha aniq baholash imkonini beradi.

Olimlar, shuningdek, yangi ko‘rsatkichni joriy etdi — aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan binolar hajmi. Ushbu global indikator muayyan hududda bir inson hissasiga to‘g‘ri keladigan umumiy qurilish hajmini o‘lchab, ijtimoiy va iqtisodiy tafovutlarni namoyon qiladi.

Uch o‘lchovli ma’lumotlar shahar rivojlanishini rejalashtirish va nazorat qilish uchun aniq asos beradi. Ular shaharlarga aholi hayot sharoitlarini adolatliroq qilish yo‘lida aniq maqsadli choralar ko‘rishga yordam beradi — masalan, aholi zich joylashgan, yetarlicha ta’minlanmagan hududlarda uy-joy fondini kengaytirish yoki qo‘shimcha ijtimoiy infratuzilma obektlarini barpo etish orqali.

Mavzuga oid