Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindistonga kelgan Putin, Trampning yana bir «g‘alabasi» va G‘azoda o‘ldirilgan «Isroilning odami» – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Putin Hindistonga keldi
4 dekabr kuni Nyu-Dehliga kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan muzokaralar o‘tkazadi.
Moskva esa o‘n yillardan beri Hindistonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi. Ular savdoni 2030 yilga borib 100 milliard dollarga yetkazmoqchi. Putinga safari davomida Mudofaa vaziri ham hamrohlik qilmoqda.
Ikki hind rasmiysi ma’lum qilishicha, Rossiyaning «Suxoy-30» qiruvchi samolyotlari Hindistonning 29 ta qiruvchi eskadronlarining asosiy qismini tashkil etadi. Moskva, shuningdek, o‘zining eng ilg‘or jangovar samolyoti — Su-57ʼni ham hindlarga taklif qilgan. Bu masala Putin bilan muzokaralarda muhokama qilinadi. Rasmiylar so‘zlariga ko‘ra, Hindiston hali bu samolyotni sotib olish bo‘yicha qaror chiqarmagan.
Shuningdek, Hindiston ruslarning C-400 havo mudofaasi tizimining qo‘shimcha birliklarini xarid qilish masalasini ko‘taradi.
Ukrainadagi urush boshlangach, Yevropa davlatlari Rossiyaga bo‘lgan energiya qaramligini kamaytirishga kirishdi. Shundan so‘ng, Hindiston arzonlashtirilgan rus neftini xarid qilishni keskin oshirdi.
Lekin AQSh sanksiyalari tahdidi ortida bu yo‘nalish endi kuchini yo‘qotmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, shu sababli munosabatlarda faqat mudofaa sohasi qolgan va aynan shu ikki davlatni bir-biriga «bog‘lab turadi».
«Savdo siyosatida Hindiston dilemmaga duch kelgan: Moskva yoki Vashington bilan aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi qadam — boshqa tomon bilan munosabatlarga ziyon yetkazish xavfini tug‘diradi», deydi tahlilchilar.
Isroil tufayli 4 davlat “Eurovision"ni boykot qildi
4 dekabr kuni Isroilga 2026 yilgi «Eurovision» (Yevrovideniye) qo‘shiqlar tanlovida ishtirok etish uchun ruxsat berildi.
Jyenevada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng Yevropa Teleradioittifoqi Isroil ishtiroki bo‘yicha ovozga qo‘yishga ehtiyoj yo‘qligini bildirdi. Ular buning o‘rniga hukumatlarning tanlovga aralashuvini cheklashga qaratilgan yangi qoidalarni qabul qilgan.
Tashkilotchi bayonotidan so‘ng Niderlandiya, Ispaniya, Irlandiya va Sloveniya telekanallari tanlovdan chiqishini bildirdi. Bu esa — ijrochilari millionlab tomoshabinni jalb etadigan davlatlar musobaqada qatnashmaydi degani.
Boykot bilan tahdid qilgan telekanallar G‘azodagi o‘limlar sonini tilga olib, Isroil — tanlov betarafligini saqlashga qaratilgan qoidalarni buzganini aytdi.
«Eurovision» bo‘yicha ekspert, sharhlovchisi Ben Robersonning aytishicha, tanlovning obro‘si hozir eng past darajaga tushgan.
Isroil teleradiokompaniyasi KAN rahbari Golan Yochpaz Isroilni chetlatish harakatlarini «madaniy boykot» deb atadi.
Avvalroq, «Eurovision» homiylaridan biri bo‘lgan Germaniya – Isroil tanlovdan chetlatilsa, musobaqada ishtirok etmaslikni bildirgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1956 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «Yevrovideniye» tanlovi har yili 160 millionga yaqin tomoshabinga namoyish etiladi. Tanlov 2026 yil may oyida Vena shahrida o‘tkaziladi.
AQSh yana bir kemaga zarba berdi
AQSh harbiylari payshanba kuni Tinch okeani sharqida giyohvand moddalar tashiyotgani gumon qilingan kemaga zarba berdi. Oqibatda to‘rt nafar erkak o‘ldirildi.
AQSh Janubiy qo‘mondonligi zarba – urush vaziri Pit Hegsetning buyrug‘i bilan amalga oshirilganini bildirdi.
Qo‘mondonlik ma’lumotlariga ko‘ra, razvedka kemada «yashirin narkotiklar bo‘lganini va Sharqiy Tinch okeanidagi narkotrafik marshruti bo‘ylab harakatlanayotganini» ko‘rsatgan.
AQSh sentabr oyidan beri Karib dengizi va Sharqiy Tinch okeanida narkotik tashishda gumon qilingan kemalarga kamida 22 ta zarba bergan, natijada 87 kishi o‘ldirilgan.
Ayni vaqtda AQShda bundan oldingi hujumlardan biri bahsga sabab bo‘lmoqda. Xususan, sentabrda Karib dengizidagi kemaga uyushtirilgan zarbadan keyin omon qolganlar ham Pentagon rahbarining farmoni bilan o‘ldirilganiga doir xabarlar tarqaldi.
Oq uy o‘sha kemaga ikkinchi zarbani tasdiqladi, biroq Hegset omon qolganlarni o‘ldirishni buyurganini inkor etdi. Rasmiylar vazir – «o‘z vakolatlari va qonun doirasida» harakat qilganini aytmoqda.
G‘azodagi Hamasga qarshi guruh yetakchisi o‘ldirildi
G‘azoda Hamasga qarshi qurollantirilgan jangarilar yetakchisi Yasir Abu Shabab 4 dekabr kuni o‘ldirilgan. Reutersʼning yozishicha, bu Hamasga qarshi mahalliy klanlarni qo‘llayotgan Isroil sa’y-harakatlariga zarba sifatida baholanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shabab oilaviy mojaro vaqtida o‘q jarohatidan halok bo‘lgan. Uni Hamas o‘ldirgani haqidagi xabarlar — Shababning guruhi tomonidan «chalg‘ituvchi» deb rad etildi.
Yasir Abu Shabab — G‘azoning janubida, Isroil nazoratidagi Rafahda joylashgan badaviy qabilasi yetakchisi. U ikki yildan ortiq davom etayotgan urushda Isroildan qurol va ta’minot olgani aytiladi.
Abu Shababning o‘limi haqidagi dastlabki xabarlar Isroil OAVlari, jumladan, davlat teleradiokompaniyasi tomonidan xavfsizlik manbalariga tayangan holda tarqatilgan. Hatto Shabab Isroilga olib kelib davolangani haqida ham ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Bosh vazir Binyamin Netanyahu iyun oyida G‘azoda Hamasga qarshi klanlarni qurollantirganini tan olgan, biroq hukumat bundan boshqa tafsilotlarni deyarli ochiqlamagan. Abu Shababning guruhi esa Isroil tomonidan moliyalashtirilganini rad etgan.
Hamas va Isroil AQSh vositachiligida sulhga kelishganidan beri, Abu Shabab guruhlari Isroil kuchlari nazoratidagi hududlarda faoliyatni davom ettirayotgandi. Sulh davrida eng keskin to‘qnashuvlar aynan Rafahda kuzatilgan.
Tramp uchun yana bir «g‘alaba»
4 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Kongo va Ruanda yetakchilarini tinchlik kelishuvini imzolash uchun Vashingtonga jamladi.
Ruanda prezidenti Pol Kagame va Kongo prezidenti Feliks Tshisekedi o‘tgan oyda tuzilgan iqtisodiy integratsiya kelishuvini hamda AQSh vositachiligida erishilgan tinchlik bitimini tasdiqlashdi.
Bu imzolash marosimi Trampga — diplomatik «g‘alabalar»dan yana birini taqdim etdi.
«Biz o‘n yillardan beri davom etayotgan urushni tugatyapmiz. Ular uzoq vaqt bir-birlarini o‘ldirish bilan band bo‘lishdi, endi esa vaqtlarini bir-birini qo‘llashga sarflaydi», dedi Tramp.
Reutersʼning yozishicha, ammo hozir ham o‘sha davlatlarda qon to‘kilishi davom etmoqda. Xususan, imzolash paytida Ruanda qo‘llab-quvvatlayotgan M23 qo‘zg‘olonchilari va Kongo armiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar haqida xabarlar kelib tushgan. M23 vakili hukumat qo‘shinlarini tinch aholiga bomba tashlashda aybladi.
Tahlilchilarga ko‘ra, AQSh diplomatiyasi janglarning kengayishini vaqtincha to‘xtatgan, ammo asosiy muammolarni hal qila olmagan. Vashington esa Kongodagi tabiiy resurslarga keng yo‘l ochishni va strategik xomashyo bo‘yicha Xitoy ustunligiga qarshi choralar topishni istaydi.
M23 guruhi delegatsiyasi Vashingtondagi uchrashuvlarga chaqirilmagan. Ular Kongo–Ruanda kelishuvi shartlariga bog‘lanmaydi va alohida ravishda Qatar vositachiligidagi muzokaralarda ishtirok etmoqda.
Mintaqada 1996–2003 yillarda yuz bergan urushlar millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgandi. So‘nggi yillardagi to‘lqinlar esa minglab odamlarni o‘ldirib, yuz minglab kishilarning uy-joyidan ayrilishiga olib keldi.
Mavzuga oid
15:03 / 04.12.2025
Rafah o‘tish punktini ochmoqchi bo‘lgan Isroil, Xitoyga kelgan Makron va yo‘qolgan samolyot qidiruvini boshlagan Malayziya – kun dayjesti
14:59 / 03.12.2025
Putinning Yevropaga tahdidi, AQShda yangi migratsion cheklovlar, Janubiy Osiyodagi suv toshqinlari va Kremldagi muzokaralar – kun dayjesti
15:56 / 02.12.2025
«Muddati» tugayotgan Maduro, Pokrovsk egallanganini aytgan rus qo‘mondonlari va Xitoyga kelayotgan Makron – kun dayjesti
16:58 / 01.12.2025