Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tailand va Kambodja yana urushmoqda
Navbatdagi tinchlik shartnomasi tuzilganiga bir yarim oy ham bo‘lmadi. Tramp ularni birgina telefon qo‘ng‘irog‘i bilan yarashtirishni va’da qilmoqda, ammo endi unga ishonch yo‘q.
RUNGROJ YONGRIT / EPA / Scanpix / LETA
Tailand va Kambodja o‘rtasida uzoq tarixga ega chegara nizosida yana keskinlashuv yuzaga keldi. 6 dekabrdan buyon ikki mamlakat askarlari Dangrek tog‘larida bir-birini artilleriya va o‘qotar qurollardan o‘qqa tutmoqda. Tailand aviatsiyani ham ishga soldi.
Hozirgi vaziyat iyul oyidagi to‘qnashuvlarning takrorlanishi bo‘lmoqda. O‘shanda chegaradagi janglar besh kun davom etib, kamida 40 kishi halok bo‘lgan, yuz minglab kishilar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgandi. 28 iyul kuni Tailand va Kambodja Malayziya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan, 26 oktyabr kuni esa tinchlik kelishuvi imzolangandi – bu safar Malayziyadan tashqari AQSh ham vositachilik qilgandi. Shundan keyin tomonlar yuz yildan ortiq vaqtdan buyon noaniq bo‘lib qolayotgan chegarani demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarga boshlagandi.
Ammo amalda bu kelishuvlarning hech biriga rioya qilinmadi. Har ikki tomon harbiylari vaqti-vaqti bilan o‘zaro otishmalarga kirishgan, noyabr oyida esa tailandlik ikki askar kambodjaliklar o‘rnatgan minani bosib olish oqibatida portlab ketgan (har ikki tomon uzoq vaqtdan beri chegarani minalashtirib keladi). Shundan so‘ng Tailand muzokaralar jarayonidan chiqishini e’lon qildi.
Har ikki tomon an’anaviy ravishda bir-birini sulhni buzganlikda aybladi. Navbatdagi eskalatsiya kim tufayli boshlanganini aniq aytishning imkoni yo‘q: o‘t ochishni to‘xtatish keskinlashuv bilan almashgan nuqta sifatida ko‘rsatish mumkin bo‘lgan yagona aniq hodisani aniqlab bo‘lmaydi.
7 dekabr kuni Tailand armiyasi vakillari o‘z pozitsiyalari Kambodja hududidan turib o‘qqa tutilgani, natijada bir askar halok bo‘lib, yana sakkiz nafari jarohatlanganini ma’lum qildi. Bunga javoban Tailand F-16 qiruvchilarini havoga ko‘tarib, Kambodja harbiy obektlarini bombardimon qildi.
Kambodja esa, aksincha, aynan Tailand tomoni 7 dekabr kuni birinchi bo‘lib og‘ir artilleriya qo‘llaganini aytmoqda. Kambodja hukumati tinch aholi vakillari bo‘lgan to‘rt kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Keyingi kunlarda tez-tez to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi, dronlar va «Grad» baravar o‘t ochish tizimlari ishga tushdi. Natijada, Tailand rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 438 mingga yaqin odam maxsus jihozlangan markazlar va vaqtinchalik boshpanalarga ketishga majbur bo‘lgan. Kambodja rasmiylari esa o‘n minglab kishilar uylarini tark etganini ma’lum qildi.
CHINE NOUVELLE / SIPA / Scanpix / LETA
RUNGROJ YONGRIT / EPA / Scanpix / LETA
Ikki mamlakatning chegaraoldi hududlarida samarali gumanitar yordam ko‘rsatish imkonini beradigan infratuzilma mavjud emas. Odamlar suv, dori-darmon, turar joy va evakuatsiya uchun transport yetishmovchiligiga duch kelmoqda.
Ziddiyatning yangi bosqichidagi qurbonlar soni allaqachon bir necha o‘n kishini tashkil etmoqda. Ikki tomondan ham turar joy binolari, shifoxonalar, ibodatxonalarga zarar yetkazilgani haqida xabarlar berilmoqda. Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida sovuq va nam mavsum boshlangani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda, hozirgi ob-havo sharoiti tinchlik davrida ham kasalliklar ko‘payishi va epidemiya xavfi oshishiga sabab bo‘ladi.
Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi yana Tailand va Kambodjani muzokaralar stoliga o‘tkazishga harakat qilmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp «qo‘ng‘iroq qilish» va harbiy harakatlarni to‘xtatish niyatida ekanini ma’lum qildi. Yoz va kuzda u hamda uning safdoshlari Tramp bir yildan kamroq vaqt ichida butun dunyo bo‘ylab bir nechta urushlarni, jumladan, Tailand va Kambodja o‘rtasidagi urushni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganini bot-bot aytishgandi.
Harbiy jihatdan zaifroq bo‘lgan Kambodja xalqaro vositachilikni bajonidil qabul qiladi, Tailand esa mojaroni faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar orqali hal qilish mumkinligini ta’kidlaydi.
ROYAL THAI NAVY / Reuters / Scanpix / LETA
TANG CHHIN Sothy / AFP / Scanpix / LETA
Bundan tashqari, Tailand siyosiy inqirozni boshdan kechirmoqda: yozdagi eskalatsiya avgust oyida bosh vazir Petongtarn Chinavat hukumatining qulashiga sabab bo‘lgandi. Endi boshqaruvga zaif koalitsion hukumat kelgan, o‘tgan vaqt ichida bir necha bor bosh vazirlar almashdi. Urushdagi nafaqat operativ, balki siyosiy rahbarlik ham amalda murosaga moyil bo‘lmagan Tailand bosh shtabi qo‘lida.
Tailand harbiylari Kambodjaga ancha vaqtgacha tahdid qila olmaydigan darajada zarar yetkazish niyatida ekanini ma’lum qilishgan. Bu reja doirasida qo‘shni davlatning ichkari hududlariga ham zarbalar yo‘llanishi mumkin: Tailand F-16 samolyotlariga ega, Kambodjaning esa o‘z harbiy-havo kuchlari mavjud emas. Ammo hozircha Tailand bu imkoniyatdan foydalanmayapti.
Shu bilan birga, mojaro hamon chegaraviy masala bo‘lib qolmoqda va uning ramziy markazi ikki davlat chegarasidagi qadimiy Preahviheya ibodatxonasidir. Ibodatxona qaysi tomonga tegishliligi haqidagi bahs nafaqat hudud, balki milliy g‘urur haqidagi bahsdir. Kambodja tomonidan ham, Tailand tomonidan ham millatchilar ibodatxonani nazorat qilish mamlakatning qadr-qimmati masalasi ekanini ta’kidlashmoqda.
Mavzuga oid
13:28
O‘zbekistonliklarning Tailandga turistik safarlari 55 foizga oshdi
13:17 / 08.12.2025
Tailand Kambodjadagi obektlarga havo zarbalari yo‘lladi
19:20 / 30.11.2025
Indoneziyada suv toshqinlari oqibatida 440 dan oshiq kishi halok bo‘ldi
09:52 / 14.11.2025