Muhabbat Fayzullayeva Toshkentda tug‘ilib o‘sgan. Yoshi 24 da. U hozirda AQShning Illinoys shtatidagi Lyuis universitetida yozuvchilik yo‘nalishida tahsil oladi. U o‘zbek tilidan tashqari rus, ingliz, italyan, ispan hamda turk tillarida gaplasha oladi. Muhabbat Kun.uz'ga bergan intervyusida chet tillarini qanday o‘rgangani, qolaversa, Amerikaga qanday kelib qolgani, nima sabab iqtisodiyot sohasidan ketib san’at yo‘nalishida o‘qiyotgani haqida gapirib berdi.
Muhabbat o‘zbek, rus, ingliz, italyan hamda turk tillarini juda yaxshi biladi. Ammo ispanchasi u darajada emas, qisman gaplasha oladi va tushunadi.
“Rus tilini juda yaxshi bilaman, chunki rus maktabi va rus litseyida o‘qiganman. Shuning uchun rus adabiyoti, madaniyati, musiqasi menga juda yaqin. Keyin ingliz tiliga keladigan bo‘lsak, uni o‘rganishni 15 yoshdan boshlaganman. IELTS’dan sakkiz ball olganman. Sharqshunoslik litseyida ispan tilini o‘rganganman.
Keyin Italiyaga o‘qishga ketdim. Italyan oilada yashadim. Shu oilada yosh boladek bir marta ham kitob ochmasdan italyan tilini og‘zaki o‘rganganman. Turk tilini esa seriallar ko‘rib o‘rganganman”, - deydi u.
Suhbatdoshimiz 18 yoshida Italiyaga o‘qishga ketgan. Rimdagi Tor Vergata universitetida grant asosida bepul tahsil olgan. Iqtisodiyot va siyosiy boshqaruv yo‘nalishida bakalavriatni yakunlagan. Keyin Dubayda ham ishlaydi.
“Keyin nima qilishni o‘yladim. Xolam bilan pochcham Dubayda yashardi. Ular Yevropa diplomi bo‘lsa, Dubayda judayam yaxshi ish topsa bo‘lishini aytishgandi. Shunga bordim. Keyin Future Insurance Broker Service degan kompaniyada 1 yil broker bo‘lib ishladim. Dubay zo‘r joy, judayam xavfsiz va zamonaviy. Lekin men baribir san’at odami bo‘lganim uchun tabiat, arxitektura, eskiroq joylarda yashash yoqardi. Dubayda faqat yoz bo‘lganiga ham charchadim va O‘zbekistonga qaytdim. O‘sha payt ta’tilim edi. Dubayga qaytib ketishim kerak edi, ketgim kelmadi. O‘zbekistonda juda oilamni ham sog‘ingandim.
Keyin O‘zbekistonda yarim yil o‘qituvchi bo‘lib ishladim. Shu orada Amerikaga hujjatlarimni yig‘ib yubordim. Keyin talaba vizasini oldim. Qishlarda Amerikaga keldim. Hozirda Lyuis universitetida o‘qiyapman”, – deydi Muhabbat.







