Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush. Arablar nega jim?
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi davom etmoqda. Tehron ikki ittifoqchi kutganidek qulagani yo‘q, davlatning vaqtincha rahbarlarini tayinlab, saylovga tayyorgarlikni ham boshladi. Forslar tinmay arab davlatlarini o‘qqa tutmoqda, lekin biror arab davlati javob bermayapti. Dunyodagi eng mashhur shahar Dubay jang maydoniga aylandi hamki, arablardan sado chiqqani yo‘q. Nega? Quyida buning sabablarini izlab ko‘ramiz.
Amerikaga bog‘liqlik
Donald Tramp prezidentlikka kelganidan keyin arab davlatlari bilan juda katta, trillion dollarlik bitimlar imzoladi. Keyin arablardan ana shuncha pul olyapman, deb maqtandi. Mister Trampni olisni ko‘zlab ish tutuvchi dono siyosatchi deb bo‘lmaydi, lekin arab davlatlari bilan o‘tkazilgan uzoq muzokaralar, katta-katta kelishuvlar, Isroil bosh vaziri bilan seriyali uchrashuvlar yaqin kelajakda nimadir bo‘lishidan darak berayotgandi. Balki arab davlatlarining jimligi o‘sha kelishuvlarga bog‘liqdir.
Tramp urush boshlanganidan keyingi birinchi chiqishida arab davlatlari ham operatsiyada qatnashmoqchi ekanini aytdi. Uning gaplaridan arablarga ruxsat bermadik, deganini uqish mumkin. Xullas, arablar Amerikaga o‘z mudofaasini butkul ishonib qo‘ygani va bu unchalik ishonchli kelishuv bo‘lmagani shu kunlarda yaqqol ko‘rinmoqda.
Birgina BAA misolida olsak, Dubay daqiqasiga millionlab dollar pul yo‘qotmoqda. Dubay aeroporti dunyodagi eng ko‘p reyslarni amalga oshiradigan tayyoragohlardan biri, mamlakat iqtisodining qon tomiri, pul oqimi shu yerdan boshlanadi, daqiqasiga uchib qo‘nayotgan uchoqlar mamlakatga tinimsiz pul olib keladi. Hozir reyslar qotib qolgan, odamlar uchib ketolmayapti, sayyohlik shirkatlari mijozlari mehmonxonada rejadan tashqari qolishi uchun o‘z hisobidan pul to‘lashga majbur.
Va eng yomoni urush tugaganidan keyin ham odamlar ancha vaqt Dubayga safardan tiyilib turadi, bu – mamlakat uchun katta zarar. Kecha amirliklar prezidenti Dubay shahzodasi bilan Dubai Mall'da iftorlik qildi, odamlarga shahar xavfsiz ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Bu mamlakat rahbariyati zarbalar yetkazayotgan zarardan qanchalik xavotirga tushib qolganini ko‘rsatadi.
Putin Eronni tanqid qildi
Sarlavhani o‘qib hayron qolgandirsiz, lekin aynan shunday bo‘ldi – Vladimir Putin BAA prezidenti bilan telefon suhbati chog‘ida «Eronning BAAga zarbalarini oqlab bo‘lmasligini, chunki Amerika zarbalar uchun bu davlat hududidan platsdarm sifatida foydalanmaganini» aytdi. Chindan shunaqa, Amerika Eronga dengizdan turib zarba beryapti, Dubayda harbiy bazasi yo‘q.
Eron nega bu shaharga hujum qilayotganini tushunish qiyin emas. Birinchidan, yaqin, raketalar, dronlar oson yetib boradi. Ikkinchidan, arab olamining eng mashhur turistik shahri Dubay. Eron arablarga Amerika bilan ittifoqchi ekaningiz badalini to‘laysiz, degan ko‘yi Dubayni bombalayapti.
BAA-ku mayli, sayyohlikka asoslangan kichik davlat deylik. Lekin Eron arab davlatlarining eng kattasi Saudiyaga ham zarba beryapti. Yana dunyodagi eng katta zavod Aramco'ni nishonga oldi. Saudiya nega javob bermayapti?
Amerikalik jurnalist Donald Trampning do‘sti Taker Karlson shu kunlarda qiziq gap aytib qoldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qatar va Saudiya Arabistoni hukumati mamlakatda portlash sodir etishni ko‘zlagan Mossad agentlarini qo‘lga olibdi. Karlsonning fikricha, Isroil nafaqat Eronni, balki mintaqadagi barcha arab davlatlarini kuchsizlantirishni istaydi.
Eronni bombalashga qaror qilgan Amerika va Isroil Tehron javob o‘laroq arab davlatlarini nishonga olishini yaxshi bilgan. Balki ular chindan Eron va arab davlatlari urushib ketishini istagan, arab davlatlari shu uchun bosiqlik qilayotgandir? Bo‘lishi mumkin. Taker Karlson Saudiyadagi Aramco zavodiga eronliklar emas, isroilliklar zarba bergan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani ilgari surdi. Bu mantiqda jon bor, axir Isroil musulmon davlatlar birlashish o‘rniga bir-biri bilan urushib ketishini orzu qiladi!
Arab davlatlari mintaqaviy urushning oldini olish, Isroil va Amerika provokatsiyasiga uchmaslik uchun Eronga javob bermayotgan bo‘lsa, ularning bosiqligi hurmatga munosib. Lekin Amerika ruxsat bermagani uchun o‘z hududiga raketa tushganiga jim qarab turgan bo‘lsa... buning nomi nima deyilishini yaxshi bilasiz.
Mavzuga oid
22:56 / 03.03.2026
Tramp Eronning yangi rahbariyatiga zarba berilganini aytdi
21:52 / 03.03.2026
Eronni qo‘rquvda ushlab turgan kema – “Avraam Linkoln” aviatashuvchisi haqida
21:00 / 03.03.2026
Isroil Livan bo‘ylab zarbalar berdi va quruqlik amaliyotini boshladi
20:57 / 03.03.2026