Jahon | 21:11 / 23.12.2025
2921
2 daqiqa o‘qiladi

Sotsiologlar rossiyaliklar uchun 2025 yilning asosiy voqealarini aytdi

Aksariyat rossiyaliklar 2025 yilni «o‘rtacha» deb atadi va uning asosiy voqeasi narxlar, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tariflari, QQS va utilizatsiya yig‘imining o‘sishi bo‘ldi. Ukrainadagi urush bilan bog‘liq mavzular reytingning ikkinchi, uchinchi, beshinchi va sakkizinchi o‘rinlarida.

Foto: The New York Times

Aksariyat rossiyaliklar narxlar, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tariflari, QQS va utilizatsiya yig‘imi o‘sishini 2025 yilning eng muhim voqeasi deb hisoblaydi. Bu haqda 23 dekabr kuni e’lon qilingan «Levada-sentr» so‘rovnomasi ma’lum qildi.

So‘ralganlarning 34 foizi narxlar, soliqlar va yig‘imlarning oshishini asosiy voqea deb atadi. Ikkinchi o‘rinda - Vladimir Putin va Donald Trampning Alyaskadagi sammiti (29 foiz), uchinchi o‘rinda - Ukraina dronlarining Rossiya shaharlari va korxonalariga hujumlari (28 foiz).

To‘rtinchi o‘rinda - internet va Telegram va WhatsApp kabi messenjerlar bilan bog‘liq muammolar (25 foiz). Beshinchi o‘rinda - Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyati va Suja shahridan siqib chiqarilishi (23 foiz).

Ukrainadagi urushning o‘zi 17 foiz bilan atigi sakkizinchi o‘rinda qoldi. So‘rovnomada u «maxsus harbiy operatsiyaning davomi» deb atalgan. Oltinchi o‘rinni (19 foiz) Ukraina bilan harbiy asirlar almashinuvi egalladi.

So‘ralganlarning aksariyati (63 foiz) yakunlanayotgan 2025 yilni «o‘rtacha» deb ta’riflagan. Faqat 22 foizi yaxshi, 15 foizi yomon degan. Yilning eng ko‘p ijobiy baholari 18-24 va 25-39 yosh guruhlari orasida.

Vladimir Putin siyosatini ma’qullaydiganlar orasida yilni respondentlarning 22 foizi yaxshi, 9 foizi yomon deb atadi.

So‘rov 11-19 dekabr kunlari Rossiyaning 50 ta mintaqasida 1618 kishi o‘rtasida o‘tkazildi.

Mavzuga oid