Jahon | 09:37
1306
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV rossiyaliklarni Germaniyaga safar qilmaslikka chaqirmoqda

RF Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaga borishdan voz kechish “Germaniyaga xizmat safariga yuborilayotgan jurnalistika korpusi vakillari uchun ham foydali bo‘lishi mumkin, chunki muammolar bor”.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Germaniyaga borishdan tiyilishga chaqirayotganini 25 dekabr, payshanba kuni RF TIVning rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi. “Biz mamlakatimiz fuqarolarini juda zarur holatlardan tashqari GFRga safar qilmaslikka qat’iy chaqiryapmiz. Tegishli tavsiyalar vazirlik va chet eldagi muassasalarning rasmiy resurslarida e’lon qilingan”, — deya “Interfaks” agentligi Zaxarovaning brifingdagi so‘zlarini keltirdi.

Zaxarovaning aytishicha, “Germaniyada davlat amaldorlari tomonidan Rossiya fuqarolari va vatandoshlarga nisbatan asossiz ta’qiblar davom etmoqda”. U yana: “Bu Germaniyaga xizmat safariga yuborilayotgan jurnalistika korpusi vakillari uchun ham foydali bo‘lishi mumkin, chunki muammolar bor”, — dedi.

Shuningdek, RF TIV vakili Germaniya tarixi haqida ham o‘z talqinini bildirgan: “Eslatib o‘taman: Germaniya tarixida shunday davrlar bo‘lganki, aynan mana shunday millatchilik ruhining namoyon bo‘lishi bu mamlakat hokimiyati tomonidan go‘yoki yangi me’yor sifatida qabul qilingan. Bu esa jahon miqyosidagi fojiaga olib kelgan”, — deya Zaxarovaning so‘zlarini keltirdi Rossiya OAV.

Misol tariqasida Zaxarova Peterburgning “Zenit” futbol klubi murabbiyi Sergey Semak va uning rafiqasi bilan bog‘liq holatni tilga olgan. Uning aytishicha, Semakning rafiqasi dekabr oyi boshlarida blogida o‘zi va turmush o‘rtog‘i Myunxen aeroportida tax free rasmiylashtirayotganda to‘xtatilgani, shundan so‘ng 300 yevrodan qimmat xaridlari musodara qilingani va natijada oila o‘z reysiga kechikib qolganini yozgan.

Germaniyaning Deutsche Welle (DW) jamoat-huquqiy mediakompaniyasi Rossiya tomonidan rasman “nomaҡbul tashkilot” deb e’lon qilindi. Bu haqdagi yozuv RF Adliya vazirligining reyestrida 16 dekabr kuni paydo bo‘lgan, DW'ni ushbu ro‘yxatga kiritish haqidagi qaror esa bir kun oldin qabul qilingan.

DW bosh direktori Barbara Massing shunday dedi: “Rossiya rejimi erkin OAVni sukutga majburlashga qaratilgan navbatdagi urinish orqali so‘z erkinligini naqadar kam hurmat qilishini va mustaqil axborotdan qanchalik qo‘rqishini ko‘rsatmoqda”. U, shuningdek, DW “Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush va Rossiyada axboroti deyarli yetib bormaydigan boshqa mavzularni ham mustaqil yoritishni davom ettiradi”, deb ta’kidlagan.

Rossiya fuqarolari uchun “nomaҡbul tashkilotlar” bilan hamkorlik qilish taqiqi RF hududidan tashqarida ham amal qiladi. Shu sabab, DW'ni Rossiyada “nomaҡbul tashkilot” deb topish to‘g‘risidagi qaror DW'ning rossiyalik xodimlariga bevosita ta’sir qiladi.

Rossiyada “nomaҡbul tashkilot” maqomiga ega bo‘lgan tuzilmalar qatorida bir qator media tashkilotlari, NNT va fondlar ham bor. Ular qatorida Radio Free Europe/Radio Liberty, Bellingcat surishtiruvlar portali, “Chegara bilmas muxbirlar”, “Dojd” telekanali zikr etiladi.

Mavzuga oid