Jahon | 21:21
4165
8 daqiqa o‘qiladi

Seul va Vashingtonga javob: Kimning «orzu ro‘yxati»dagi yana bir qurol deyarli tayyor

So‘nggi kunlarda ehtimoliy vorisi bilan axborot maydoniga «qaytgan» Kim Chen In uzoq masofali raketalar sinovini kuzatdi va o‘q-dorilar korxonasiga bordi. KXDRning “deyarli tayyor” bo‘lgan yadro dvigatelli suvosti kemasi esa qo‘shnilarda xavotir uyg‘otmoqda.

Foto: KCNA/Reuters

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In suv sig‘imi 8,7 ming tonna bo‘lgan, yadroviy dvigatelga ega suvosti kemasining qurilishini tekshirish uchun kemasozlik zavodiga tashrif buyurdi.

KXDRning yagona rasmiy axborot uzatuvchisi – Koreya Markaziy Axborot agentligi xabariga ko‘ra, Kim bu loyihani Shimoliy Koreya flotini modernizatsiya qilish va yadroviy qurollantirish yo‘lidagi muhim qadam deb atagan. Shimoliy Koreya mazkur suvosti kemasini yadroviy qurollar bilan jihozlashni rejalashtirmoqda. Kim bu kemani «strategik yadroviy hujum suvosti kemasi» deb atagan.

Tashrif chog‘ida Kim – AQSh va Janubiy Koreyaning yadroviy dvigatelga ega suvosti kemasini qurish harakatlarini qoralagan. U bu tashabbusni xavfsizlik va dengiz suverenitetini jiddiy buzadigan «tajovuzkor harakat» deb atadi, deb yozmoqda Associated Press nashri.

Foto: KCNA/Reuters

Bundan tashqari janubliklarning rejasi – Shimoliy Koreya flotini yadroviy qurollantirish zaruratini yanada kuchaytirishini ta’kidlangan. Kimga ko‘ra, uning yadroviy suvosti kemasi qurilishi mamlakat yadroviy tiyib turish salohiyatini mustahkamlaydi.

Shuningdek, Kim bir nechta hujumchi esminetslar va yadroviy suvosti kemalari qurilayotganini ham aytgan. KXDR ushbu kemalarni qurollar bilan jihozlash uchun qurilishni tezlashtirgan.

«Kema – deyarli tayyor»

Davlat agentligi Kim Chen In zavodga qachon tashrif buyurganini aniq ko‘rsatmagan. Xabarlarda uning yuqori martabali amaldorlar va qizi hamrohligida katta kema oldidagi suratlari e’lon qilingan. Korroziyaga qarshi bo‘yoqqa o‘xshash rang bilan qoplangan suvosti kemasi – joriy yil mart oyidan beri Shimoliy Koreya OAVlari e’lon qilgan ilk to‘liq suratdir. Oldinroq asosan kemaning quyi qismlari namoyish etilgan.

Foto: KCNA/Reuters

Kema qachon to‘liq tayyor bo‘lishi hozircha noma’lum. «Ammo suvosti kemalar odatda ichkaridan tashqariga qarab qurilishini hisobga olsak, korpus deyarli bitgani ko‘rsatilgan. Bu, ehtimol asosiy komponentlar, jumladan dvigatel va reaktor allaqachon o‘rnatilganini anglatadi», deydi Seuldagi suvosti kemalari bo‘yicha mutaxassisi Mun Kun.

«Endi butun kemani ko‘rsatishlari aksariyat jihozlar o‘rnatilib bo‘linganini va u suvga tushirishga deyarli tayyor ekanini anglatadi», — deydi Janubiy Koreya dengiz flotining sobiq kemachisi. Munning fikricha, Shimoliy Koreya bir necha oy ichida dengizda kema sinovlarini boshlashi mumkin.

«Orzu ro‘yxati»dagi qurol va Rossiyaning yordami

AP’ning yozishicha, yadroviy dvigatelga ega suvosti kemasi Kim 2021 yilda e’lon qilgan murakkab qurollar «orzu ro‘yxati»dagi bandlardan biri bo‘lgan. U buni AQSh boshchiligidagi harbiy tahdidlarning kuchayishiga javob sifatida izohlagan. «Orzu»dagi boshqa qurollar qatoriga: qattiq yoqilg‘ida ishlaydigan qit’alararo ballistik raketalar, gipertovushli qurollar, razvedka sun’iy yo‘ldoshlari va ko‘p kallakli raketalar kiradi.

Shimoliy Koreya bu tizimlarning ayrimlarini ishlab chiqish uchun qator sinovlar o‘tkazdi. U yaqinda yangi harbiy esminetsni namoyish qildi. Kim uni mamlakat yadroviy kuchlarining «amaliy masofasi» va «oldindan zarba berish imkoniyatini kengaytirish»da muhim qadam, deb atadi.

Agar Shimoliy Koreya uzoq muddat yashirin harakatlana oladigan va suv ostidan raketa uchira oladigan suvosti kemasiga ega bo‘lsa, bu qo‘shnilar uchun jiddiy xavotir uyg‘otadi. Chunki bunday qurollar harakatini va yo‘nalishini oldindan aniqlash qiyin bo‘ladi, deb yozmoqda Reuters.

Foto: KCNA/AP Photo

Shu bilan birga, ko‘plab sanksiyalar ostidagi va moddiy imkoniyatlari cheklangan shimolliklar bunday kemani qurish uchun resurs va texnologiyalarni qayerdan olishi borasida savollar mavjud.

Ba’zi ekspertlar Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan yaqinlashuvi muhim texnologiyalar olishiga yordam bergan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Jumladan Ukrainadagi urushda Vladimir Putinni qo‘llab minglab askar va harbiy texnika yuborgani evaziga KXDRga ruslar yordam bergan bo‘lishi mumkin.

Ba’zi tahlilchilar esa Shimoliy Koreya Rossiyaning jangovar safdan chiqarilgan suvosti kemasidan reaktor olgan bo‘lishini taxmin qiladi. Janublik ekspert Munning fikricha, KXDR Rossiyadan ma’lum texnologik yordam olib, o‘z reaktorini loyihalagan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Yer-havo raketalarining sinovi

Bundan tashqari, Kim Chen In o‘zining ehtimoliy vorisi bo‘lgan qizi Ju Ae bilan uzoq masofali yer-havo raketalarining sinov uchirilishini ham nazorat qildi.

Foto: KCNA/Reuters

Chorshanba kuni sharqiy sohil yaqinida o‘tkazilgan sinovda yangi turdagi baland parvoz qiluvchi raketa baholangan. Rasmiy xabarga ko‘ra, u 200 kilometr masofadagi havodagi nishonlarni yo‘q qilgan.

Reutersʼning yozishicha, Janubiy Koreya Qurolli kuchlari Birlashgan shtabi raketa sinovi bo‘lib o‘tganini tasdiqladi. Shuningdek, Janubiy Koreya harbiylari uchirishga tayyorgarlikdan xabardor bo‘lgan va bunga tayyor turgan.

O‘q-dori ishlab chiqarish korxonasiga tashrif

Bugun, 26 dekabr kuni esa Shimoliy Koreya yetakchisi yirik o‘q-dori ishlab chiqarish korxonalariga tashrif buyurgani e’lon qilindi.

«Mamlakatning raketa va snaryad ishlab chiqarish sohasi urushni tiyib turish salohiyatini mustahkamlashda nihoyatda muhim ahamiyatga ega», deya Kimdan iqtibos keltirmoqda Koreya Markaziy Axborot agentligi.

Foto: KCNA/Reuters

Shuningdek, Kim yirik o‘q-dori korxonalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihaviy hujjatlarni ratifikatsiya qilgan. Bu hujjatlar asosida Shimoliy Koreyaning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan rivojlanish rejasi belgilanadi.

Janubiy Koreya ham o‘z yadroviy suvosti kemasini qurmoqchi

Joriy yil noyabr oyidagi sammitda Janubiy Koreya prezidenti Li Jaye Myung prezident Donald Tramp bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. O‘shanda Li Trampdan AQShning yadroviy dvigatelga ega suvosti kemalarini olish harakatlarini qo‘llashini so‘ragan. U, shuningdek AQSh zimmasidagi yukni kamaytirish uchun mudofaa xarajatlarini oshirishga sodiqligini bildirgan.

Janubiy Koreya va AQSh prezidentlarining Busandagi uchrashuvi. Noyabr, 2025 yil / Foto: New York Times

Keyinroq Tramp AQSh Janubiy Koreyaga shunday kemani qurishga imkon beradigan yopiq texnologiyalar bilan bo‘lishishga ochiq ekanini aytdi. Biroq kemaning qayerda va qachon qurilishi, shuningdek Seul zarur yadroviy yoqilg‘i va reaktor texnologiyasini qanday olishi hozircha noma’lum.

So‘nggi yillarda Koreya yarimorolida keskinlik kuchaydi: Kim yadroviy dasturini jadallashtirdi, Rossiyaning Ukrainadagi urushidan keyin Moskva bilan aloqalarni chuqurlashtirdi. Uning hukumati Vashington va Seulning yadroviy va raketa dasturlarini to‘xtatishga qaratilgan muzokara chaqiriqlarini rad qilmoqda. Bu muzokaralar – 2019 yilda Trampning birinchi prezidentlik davrida natijasiz yakunlangan sammitdan so‘ng barbod bo‘lgandi.

Raketa zaxiralari orasida yurgan Kim / Foto: KCNA

Mavzuga oid