Jahon | 16:13
2562
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina havo mudofaa tizimi urib tushirayotgan Rossiya raketalari ulushi kamaydi

The Kyiv Independent nashri Dragon Capital ekspertlariga tayanib yozishicha, 2026 yil yanvarining birinchi yarmida Ukraina havo mudofaa tizimi Rossiya tomonidan uchirilgan raketalarning 36 foizinigina yo‘q qila olgan. 2022 yil oktyabridan beri o‘rtacha ko‘rsatkich 60 foiz atrofida bo‘lgan.

Foto: Getty images

Ukraina havo hujumidan mudofaa (HHM) vositalari yordamida yo‘q qila olayotgan Rossiya raketalari ulushi so‘nggi vaqtda qisqargan. Bunday xulosalarni 14 yanvar, chorshanba kuni The Kyiv Independent onlayn-nashri Dragon Capital investitsiya kompaniyasi ekspertlariga tayanib e’lon qildi.

Mualliflar Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari hisobotlarini tahlil qilib, 2026 yil yanvarining ilk ikki haftasida Ukraina Rossiya uchirgan 73 ta raketadan 26 tasini urib tushirishga muvaffaq bo‘lganini hisoblab chiqqan. Bu 36 foizga to‘g‘ri keladi. Nashrda qayd etilishicha, 2022 yil oktyabridan beri mazkur sohadagi o‘rtacha ko‘rsatkich 60 foizni tashkil etgan.

12–13 yanvar kunlari kechasi Rossiya tomonidan Ukrainaning bir necha shahriga qilingan havo hujumini qaytarish chog‘ida, Ukraina Havo kuchlari, o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, 18 ta raketadan atigi ikkitasini yo‘q qilgan, deb yozadi mualliflar.

Shuningdek, yangi yilning ilk ikki haftasida Rossiya Ukrainaga qarshi 1852 ta dron uchirgan, ularning 83 foizi urib tushirilgan.

Rossiya Ukrainaga hujumlarda dronlar, ballistik, gipertovushli va qanotli raketalardan foydalanadi, ular asosan mamlakat energetika tizimiga zarba bermoqda. The Kyiv Independent qayd etishicha, bu hujumlarni qaytarish uchun Ukraina raketaga qarshi tizimlar, ushlab qoluvchi dronlar, mobil mudofaa vositalari (pulemyot o‘rnatilgan pikaplar), shuningdek qiruvchi samolyotlar va vertolyotlardan foydalanadi.

Biroq havo mudofaasini samarali olib borish imkoniyati o‘q-dorilar zaxirasiga bog‘liq — jumladan Patriot ZRKda ishlatiladigan PAC-3 raketalariga ham. Ukrainada esa bunday raketalar yetishmasligi aytilmoqda. Nashr Ukraina Sharqiy havo qo‘mondonligida xizmat qilayotgan, Free chaqiruv belgisiga ega podpolkovnikning so‘zlarini keltiradi: “Bizda o‘z vazifamizni bajarish uchun yetarlicha raketa va radarlar yo‘q”. Uning aytishicha, Ukraina radarlari har kuni dushman tomonidan yo‘q qilinadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir necha bor G‘arb hamkorlarini Kiyevga HHM sohasidagi yordamni kuchaytirishga chaqirgan.

Mavzuga oid