O‘zbekiston | 21:41
2288
2 daqiqa o‘qiladi

Fevral oyi yanvarga nisbatan iliqroq bo‘lishi kutilmoqda – Gidrometeorologiya xizmati

Qishning so‘nggi oyida ob-havo sharoiti o‘zgaruvchan bo‘lishi, iliq havo sovuq havo oqimi bilan almashib turishi, yog‘ingarchilik bo‘lishi bashorat qilindi.

Foto: Kun.uz

Fevral oyi yanvarga nisbatan o‘rtacha 2-3 darajaga, tog‘larda 1-1,5 darajaga iliqroq bo‘ladi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati agentligi bashorat berdi.

Fevral oyining birinchi besh kunligi nam ob-havo bilan boshlanadi, respublika bo‘yicha asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin kechalari 5-10 darajaga, kunduzi 13-18 darajaga ko‘tariladi.

Keyinchalik, oyning oxirigacha, harorat kechalari 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 5-10 daraja iliqdan 13-18 daraja iliqqacha o‘zgarib turadi. Har o‘n kunlikda 2-3 kun davomida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin.

Qayd qilinishicha, O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun fevral oyidagi maksimal haroratning mutlaq rekordlari 24-29 daraja issiqni, janubda ba’zi joylarda 30-32 daraja issiqni tashkil etgan. Respublika hududining katta qismida bu rekordlar 2016 va 2021 yillarda o‘rnatilgan.

Iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida fevral oyi yil uchun yog‘ingarchilik eng ko‘p kuzatiladigan oydir. Shunga qaramay, fevral oyi yog‘ingarchilik miqdori, hamda harorat tartibi bo‘yicha ham turli xil bo‘ladi.

Ushbu asrda 2016 yilning fevral oyi eng quruq bo‘lib, barcha hududlar bo‘yicha yog‘ingarchilik oylik me’yorning 20 foizdan kam bo‘lgan.

Hududning katta qismida 2010 yil fevral oyida yog‘ingarchilik eng ko‘p bo‘lib, oylik miqdori me’yordan 200-300 foiz ko‘p bo‘lgan.

Bu asrda qor qoplami eng uzoq kuzatilgan davr 2008 yil fevral oyida qayd etilgan. Respublikaning markaziy hududlari bo‘yicha qor qoplami kuzatilgan kunlar soni 20-25 kunni, janubiy viloyatlarda 8-15 kunni tashkil etgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid