Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev Pokiston prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi
“Ayvoni Sadr” qarorgohida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligini mustahkamlash, savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish va hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga davlat tashrifi doirasida “Ayvoni Sadr” qarorgohida Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada hamda delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik va strategik sheriklikni mustahkamlashning joriy holati hamda dolzarb yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida Asif Ali Zardoriy davlat rahbarini strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli bo‘lgani munosabati bilan tabrikladi va mazkur davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga yangi sur’at bag‘ishlaydigan tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
“Yangi O‘zbekistonni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi” doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yuqori baholandi.
Turli darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni barqaror o‘sib borayotgani, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Islomoboddagi sammitga tayyorgarlik doirasida hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda siyosiy maslahatlashuvlar samarali o‘tkazilgani qayd etildi.
Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish, ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Hududlararo forumning birinchi yig‘ilishini shu yil Xivada o‘tkazishga kelishib olindi.
Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi bo‘yicha pozitsiyalari o‘xshash ekani, bir-birini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini yana bir bor tasdiqladi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish, ta’lim, ekologiya, sport va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga o‘zaro intilish qat’iy ekani qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Asif Ali Zardoriyni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Mavzuga oid
16:09
Islomoboddagi masjidda portlash sodir etildi
15:20
Shavkat Mirziyoyev «Nishoni Pokiston» oliy mukofoti bilan taqdirlandi
14:51
O‘zbekistonda Go Group ishtirokida qayta ishlash zanjiriga ega agroklaster tashkil etiladi
14:49