O‘zbekiston | 17:00
1462
7 daqiqa o‘qiladi

Yashirin iqtisodiyot bilan kurash: majburlash va rag‘bat tarozisi

Soliq qo‘mitasi yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan yangi choralarni joriy etmoqchi. TDYuU katta ilmiy xodimi Ibrohim Said o‘z maqolasida taklif etilayotgan choralardan ayrimlari muayyan risklarni keltirib chiqarib, biznes uchun qo‘shimcha yukka aylanishi mumkinligi haqida so‘z yuritadi.

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot muammosi biznesda halol raqobatga ham, investitsiya muhitiga ham salbiy ta’sir qilmoqda. Soyadagi iqtisod kengaygani sari, davlat budjeti kamroq daromad oladi. Budjet kamaysa, soliq bazasi torayadi, natijada yuk ko‘pincha halol ishlayotgan biznes zimmasiga tushadi.

Eng muhimi, budjetdagi mablag‘lar kamaygani uchun ta’lim, tibbiyot va infratuzilma kabi jamiyat uchun eng zarur sohalarni moliyalashtirish imkoniyati ham qisqaradi. Ya’ni yashirin iqtisodiyotning zarari faqat davlatga emas, oxir-oqibat har bir fuqaroga ta’sir qiladi.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni oqartirish uchun bosqichma-bosqich choralar ko‘rib kelinyapti. Shu maqsadda soliq tizimi raqamlashtirildi, savdo-sotiqdagi operatsiyalar elektron tarzda ko‘proq qayd etiladigan bo‘ldi. Masalan, onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimlari keng joriy qilindi. Buning natijasida chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasida tushumlar deyarli real vaqtda hisobga olina boshladi.

Naqdsiz to‘lovlarni ko‘paytirish, biznesda sog‘lom raqobatni kuchaytirish va eng muhimi yashirin iqtisodiyotni kamaytirish uchun Soliq qo‘mitasi yangi qaror loyihasini tayyorlagan. “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi ushbu loyiha hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Loyihaning asosiy maqsadi – naqdsiz to‘lovlarni ko‘paytirish orqali soyadagi pul aylanmasini kamaytirishdan iborat. Buning uchun savdo-sotiqda har bir to‘lov va operatsiya “raqamli iz” qoldiradigan qilib qo‘yiladi. Ya’ni har bir savdo va to‘lov elektron tizimda qayd etiladi va kuzatib boriladi. Bu esa noqonuniy aylanmalarni yashirishni qiyinlashtiradi.

Ammo shu o‘rinda muhim savol tug‘iladi: yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda faqat qonun hujjatlarini qabul qilishning o‘zi yetarlimi? Nega shuncha qonun va qarorlar chiqarilayotgan bo‘lsa ham, soyadagi iqtisodiyot hali ham saqlanib qolmoqda? Balki muammo faqat qonunlarda emas, balki ularning amalda qanday ishlayotganida hamda tadbirkor va fuqarolarning bu jarayonga qanday munosabatda ekanligiga bog‘liqdir.

Xorij tajribasi shundan dalolat beradiki, hatto eng yaxshi qonunlar ham odamlar uni qabul qilmasa, kutilgan samarani bermaydi. Qonun ishlashi uchun tizimga ishonch bo‘lishi shart. Agar tadbirkor yangi qoidalarga faqat jarima yoki jazodan qo‘rqib amal qilsa, imkoniyat topishi bilan yana soyaga qaytishi mumkin.

Shuning uchun muammoni faqat majburlash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Bunda iqtisodiy rag‘batlar (masalan, yengilliklar va qo‘llab-quvvatlash), tushuntirish ishlari va adolatli, teng shart-sharoit yaratish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, qaror loyihasidagi ba’zi takliflar amalda muayyan xavflarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Eng birinchi xavf – kichik tadbirkorlar uchun xarajatlar oshishi. Loyihaga ko‘ra, umumiy ovqatlanish korxonalari 2026 yil 1 iyunga qadar buyurtmalar hisobini yuritish axborot tizimi bilan to‘liq jihozlanishi va bu jihozlar nazorat kassa texnikalariga integratsiya qilinishi kerak.

Umumiy ovqatlanishdagi bu yangi talabni bajarish uchun biznesga qo‘shimcha uskuna kerak bo‘ladi, dastur o‘rnatish, kassa tizimiga ulash va doimiy texnik xizmat haqini to‘lashga to‘g‘ri keladi. Ko‘p hollarda bu kichik biznes uchun og‘ir yuk bo‘lib tushadi.

Natijada, tadbirkor qonundagi talablarni “ishim osonlashdi” deb emas, aksincha “yo‘limda yana bir to‘siq paydo bo‘ldi” deb qabul qilishi mumkin. Bu esa byurokratiyani ko‘paytirishi, soliq organlari bilan munosabatlarda ortiqcha bosimni kuchaytirishi va hatto ayrim hollarda korrupsiyaga olib keladigan xavflarni ham oshirishi mumkin.

Ikkinchi muhim xavf – raqamli xizmatlar bozorida monopol tashkilotning paydo bo‘lishi. Ya’ni majburiy integratsiya, sertifikatlash va texnik talablar sabab ayrim korxonalar bozorda ustun mavqega chiqib olishi mumkin. Shu holda tadbirkorlarda tanlov kamayib, ular ma’lum bir dastur yoki to‘lov xizmatiga majburiy ravishda bog‘lanib qoladi. Masalan, hozirda bozorlar va savdo komplekslarida QR-to‘lov xizmatini taqdim qiluvchi yagona tashkilotning monopollashuvi (Paynet Xolis) fikrimizga yaqqol dalil bo‘ladi.

Uchinchi xavf – shaxsiy ma’lumotlar bilan bog‘liq. Tizimlar o‘zaro ko‘proq bog‘lansa, ma’lumotlar almashinuvi ham keskin ortadi. Masalan, notarius, bank, to‘lov tizimlari va soliq organlari o‘rtasida real vaqtda ma’lumot almashish kuchayadi: bitimlar, to‘lovlar va shaxsga doir ma’lumotlar tez-tez harakat qiladi.

Loyihada keltirilishicha, bozorlar va unga tutash hududlarda joylashgan avtoturargohlarni videoidentifikatsiya qilish imkonini beradigan videokuzatuv kameralari bilan jihozlash orqali tushumlar hisobini to‘liq raqamlashtirish ko‘zda tutilyapti. Agar bu ma’lumotlar yaxshi himoya qilinmasa, ularning sizib chiqishi xavfi ortadi. Shuning uchun bunday choralar bilan birga, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va ma’lumotlarni qattiq nazorat qilish ham shart.

Shuni ham unutmaslik kerakki, yashirin iqtisodiyot faqat qonun bilan hal bo‘ladigan muammo emas. Bu odamlarning kundalik odatlari va xulq-atvori bilan ham bog‘liq masala. Masalan, aholi chek talab qilmasa, “qonuniy savdo qilish kerak” degan fikr jamiyatda kuchli bo‘lmasa, soliqlardan yig‘ilgan mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha aholida e’tirozlar bo‘lsa, qonunlar qog‘ozda yaxshi ko‘ringan qoidalar amalda to‘liq ishlamaydi.

Shuning uchun yashirin iqtisodga qarshi kurash faqat nazorat va jarima bilan cheklanmasligi kerak. Aholini chek talab qilishga qiziqtiradigan rag‘batlar ham zarur. Masalan keshbek, ball tizimi, turli lotereyalar kabi mexanizmlar keng joriy etilsa, odamlar chek talab qilishga ahamiyatsiz harakat deb qaramaydi. Bunda fuqarolar shunchaki “beparvo iste’molchi” bo‘lib qolmay, balki qonuniy savdoni qo‘llab-quvvatlaydigan “hamkor nazoratchi”ga aylanadi.

Ibrohim Said,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Biznes huquqi va sud himoyasi” tadqiqot markazi
katta ilmiy xodimi

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов

Mavzuga oid