Jahon | 19:09 / 13.02.2026
17545
14 daqiqa o‘qiladi

Davlatlararo vositachi: Epshteyn ishidagi siyosiy detallar

Butun dunyo hamon amerikalik pedofil Epshteynning fayllarini muhokama qilmoqda. Amerika Adliya vazirligi shunaqa ko‘p ma’lumot e’lon qildiki, xuddi kimningdir nomini chalkash, uydirma va ustiga qora tortilgan haqiqatdan iborat 6 million sahifa ichiga ko‘mmoqchi bo‘lishganday.

Bugun pedofil ishidagi fahsh mavzusiga emas, undagi siyosiy epizodlarga e’tibor qaratamiz. Fayllarda juda katta nomlar, juda jiddiy tashkilotlar haqida so‘z boradi. Epshteyn josus bo‘lgani, qaysidir davlat uchun kompromat to‘plagani haqida versiyalar ham ko‘paydi. Bunga ham to‘xtalamiz.

Sobiq va bo‘lajak prezidentlar

O‘rtamiyona moliyachi bo‘lgan Epshteyn bu sohada ham nimanidir qoyillatgani aniq emas. Shunday bo‘lsa-da, Amerikaning eng oldi odamlari bilan tanish bo‘lgan. Yetmaganiga boshqa davlat rahbarlari, milliarderlar, razvedka tashkilotlari bilan aloqa o‘rnatgan. Fayllarda nomi tilga olingan odamlar ko‘pligidan ularni alifbo tartibida joylab chiqishyapti. Keling, biz ham ba’zi nomlarga e’tibor qaratamiz.

Anil Ambani — Hindistonning eng boy odamlaridan biri. Dunyo iqtisodiy inqirozdan endi chiqqan 2010 yillarda bu odamning 14 milliard dollarga yaqin puli bo‘lgan. Anil Ambani hindistonlik boshqa bir mashhur milliarder Mukesh Ambanining ukasi. Fayllarga ko‘ra, Epshteyn milliarder Ambani bilan 2015 va 2017 yillarda yozishgan. Ularni BAAlik milliarder, dunyodagi eng yirik port operatorlaridan biriga egalik qiluvchi Sulton Ahmad ibn Sulayyem tanishtirgan. Bu mashhur arab milliarder Epshteyn bilan qalin bo‘lgan, uning uyida arabcha ovqat tayyorlayotgani tasvirlangan rasm ham bor.

Ambani Epshteyndan Hindiston va AQSh o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni yaxshilash uchun Oq uy bilan munosabat o‘rnatishda yordam so‘ragan. O‘sha vaqt AQSh prezidenti kim bo‘lgani esingizdadir — Donald Tramp. Ambani moliyachidan Hindiston rahbariyati vakillari uchun Trampning kuyovi Jared Kushner hamda prezident maslahatchisi Stiv Bennon bilan uchrashuv tashkil qilib berishni ham so‘ragan. Ular ikkisi 2019 yil moliyachining Manhettendagi uyida uchrashgan. O‘sha kuni Epshteyn Trampning asosiy maslahatchisi Bennonga «Modi bo‘yicha yaxshi suhbat o‘tkazgani» haqida yozgan.

Ishning qanchalik jiddiy ekanini tushunish uchun mana shu epizodning o‘zi yetarli. Butun boshli davlatlar Epshteyndan AQSh rahbariyati vakillari bilan uchrashuv tashkil qilish, hatto harbiy hamkorlik bo‘yicha yordam so‘ragan. Bu pedofil kim ediki bunaqa katta masalalarni hal qilgan bo‘lsa?

Barak Ehud — Isroil sobiq bosh vaziri, 6 yil mudofaa vaziri ham bo‘lgan. Yozishmalardan birida Epshteyn Isroil sobiq yetakchisiga «Sen mening Mossadga ishlamasligim haqida aniq aytishing kerak», deb yozgan. Gap oxiriga smaylik ham qo‘ygan. Epshteyn bilan yana bir yozishmada Isroil sobiq bosh vaziri Ehud do‘sti Larri Sammers AQSh Federal zaxira tizimi rahbari lavozimiga nomzodi qo‘yilishidan bosh tortgani, «bu do‘sti uchun jiddiy zarba bo‘lganini» aytgan.

Sammers ham katta odam, besh yil Harvard universiteti prezidenti, ikki yil Amerika moliya vaziri, jahon bankida bosh iqtisodchi bo‘lgan. Va ana shu mashhur iqtisodchini negadir Isroil sobiq bosh vaziri va amerikalik pedofil o‘zaro yozishmada muhokama qilgan.

Bill Klinton — AQShning 42-prezidenti, u fayllardagi eng shov-shuvli odamlardan biri. Adliya vazirligi e’lon qilgan fayllarda demokratning juda ko‘p suratini ko‘rish mumkin. Klinton pedofilning oroliga 28 marta borgani aytiladi. Suratlardan birida sobiq prezident vannada noma’lum qizlar bilan birga cho‘milayotganini ko‘rish mumkin.

Uilyam Byorns — Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq direktori. Jo Bayden prezidentlik vaqtida MRBni boshqargan Byorns 2014 yil Epshteyn bilan uch marta rejalashtirilgan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvlardan biri Vashingtonda, biri Epshteynning Manhettendagi uyida o‘tkazilgan. U vaqtlar Byorns Obama ma’muriyatida davlat kotibining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Sergey Brin – Google asoschilaridan biri. Fayllarga ko‘ra, Epshteyn oroliga borgan va pedofilning vakili Maksvell bilan Epshteynning uyidagi kechki ovqat masalasida yozishgan.

Stiv Bennon – Oq uy sobiq mulozimi. Donald Tramp prezidentlik faoliyatini boshlaganda Oq uyning eng asosiy strategi, prezident maslahatchisi bo‘lgan. 2016 yilgi Tramp prezidentlik kampaniyasini boshqargan. O‘sha vaqtda respublikachilar partiyasidagi eng ta’sir doirasi katta odamlardan biri.

Fayllarda Bennonning pedofil bilan minglab yozishmalari keltirilgan. Ular global masalalarni, xususan, Xitoyga bosim o‘tkazish, Yaqin Sharq va Yevropa koalitsiyasini muhokama qilgan. Epshteyn amalda Tramp prezident bo‘lishida katta rol o‘ynagan Bennonga o‘zining Palm-Bichdagi va Parijdagi uyidan, shuningdek, shaxsiy samolyotidan foydalanishni taklif qilgan, ular ko‘p marta birga ovqatlangan. Yozishmalarda bugun ham aktual bo‘lib turgan Tramp va Federal zaxira tizizmi rahbari Pauel o‘rtasidagi munosabatlarni ham muhokama qilishgan.

Mayl Jyekson – qo‘shiqchi. Fayllarda mashhur qo‘shiqchining Epshteyn bilan tushgan ikkita suratini ko‘rish mumkin. Bitta suratda Jyekson va Epshteyn yolong‘och ayol tasvirlangan kartina fonida rasmga tushgan. Yana bir rasmda Jyeksondan tashqari Bill Klinton va aktrissa Dayana Rays ham bo‘lgan. Lekin suratlarning hech qanday izohi yo‘q, sanasi ham ma’lum emas. Jyekson orolga borgani haqida ham ma’lumot yo‘q.

Ilon Mask fayllaridan eng yuzi yorug‘ bo‘lib chiqqan odam, menimcha. Yozishmalarga ko‘ra, moliyachi Mask bilan bir necha marta uchrashuv o‘tkazishni so‘ragan, lekin u vaqti yo‘qligini aytgan. Bir yozishmada Mask «ishdan chalg‘ib ko‘ngil yozishni istashi haqida» gapirgan, lekin katta ehtimol ular baribir uchrashmagan. Mask fayllardan nomi chiqqach tezda javob berib, pedofil bilan yozishganlarni titkilamay, u bilam birga og‘ir jinoyat qilganlarni jazolash kerakligini aytdi.

Stiven Hoking – amerikalik fizik olim. Hoking orolga borgani aytiladi. Uning ismi pedofilning vakili bo‘lish Gisleyn Maksvell ustidan sud ishida tilga olinadi. Elektron xatlardan biriga ko‘ra, Epshteyn Hoking ustidan ayblovlarni rad eta oladiganlar uchun muhofot taklif qilgan. O‘sha ayblovda Hoking Epshteyn orolidagi buzuqliklarda ishtirok etgani aytiladi. Lekin mashhur fizik olimning jismoniy holati, xususan, doim nogironlik aravachasida yurgani hisobga olinsa, bu ayblovda shubha paydo bo‘ladi.

Yagland Turbyorn – Norvegiya sobiq bosh vaziri. Siyosatchi Epshteynga oilasi bilan uning oroliga dam olish uchun bormoqchi ekani haqida yozgan. Tashrif Qrim anneksiyasi sabab bekor bo‘lgan, chunki Yagland o‘sha payt Yevropa kengashi bosh kotibi bo‘lgan. Pedofil bilan yozishgan vaqti Nobel qo‘mitasini ham boshqargan.

Va fayllarda nomi tilgan olingan eng mashur odam AQShning hozirgi prezidenti Donald Jon Tramp. Aslida ana shu Tramp saylov kampaniyasi vaqtida Epshteyn fayllari e’lon qilinishiga va’da bergandi. Va fayllarda eng ko‘p nomi tilgan olingan odamlardan biri ham uning o‘zi bo‘lib chiqdi. Trampning moliyachi bilan tushgan juda ko‘p surati, videolari bor.

Tramp bilgandi, Tramp sezgandi…

Amerikaliklar e’lon qilingan hujjatlardan keyin baribir kim Epshteyn orolida yosh bolalar bilan jinsiy aloqa qilgani haqida mash’um savolga javob topa olmadi. Bu fitna nazariyalari kupayishiga olib keldi. Keng tarqalgan versiyalardan biriga ko‘ra, Amerika Adliya vazirligi millionlab mujmal hujjatlarni e’lon qilish orqali Donald Tramp ismini bu mujmal, bir qismi maxfiylashtirilgan hujjatlar orasida yo‘qolib ketishini istagan. Yana takrorlayman, bu odamlar orasida tarqalgan versiyalardan biri.

Fayllar millionlab amerikaliklar muhokama markazida bo‘lgan, qachondir undan Trampning ismi baribir chiqardi. Prezident ham buni yaxshi bilgan. Shu bois fayllardagi hamma ismlarni birdan e’lon qilish orqali axboriy xaos yuzaga keltirishga urinishgandir balki.

Shu kunlarda fayllardagi bir epizod keng muhokama qilinmoqda. Palm-Bich shahri sobiq politsiya rahbari FQB agentlari bilan suhbatda 2006 yil Tramp unga qo‘ng‘iroq qilib, «Jyeffri Epshteynning jinoyatlari haqida hamma bilishini aytgani» haqida gapirib bergan. Tramp ofitserga «Xudoga shukur, siz uni to‘xtatdingiz, u nima bilan shug‘ullanganini hamma bilardi», degan.

Tramp politsiya rahbariga Epshteynni Mar-a-Lagodagi klubidan haydab chiqargani, Nyu-Yorkda uning qanchalik yoqimsiz odam ekanini bilishlarini aytgan. Shuningdek, pedofilning yonidagi ayol Maksvellga e’tibor berish kerakligini maslahat bergan. Oq uy ham aynan mana shu epizodga e’tibor qaratishni so‘rayotganiga qaraganda, bu hujjat bejizga ustiga qora tortmay e’lon qilinmaganga o‘xshaydi.

Josusmi yo qo‘shmachi?

Endi bu ishdagi ba’zi shubhali detallarga e’tibor bersak. Eng shubhali narsaki shuki, Epshteyn hech kim bilan suhbatlarini yashirishga urinmagan va fayllardagi odamlar bilan pochta orqali yozishgan. Odatda bunaqa katta odamlar pochta orqali yozishib o‘tirmaydi, gapi bo‘lsa, telefon qiladi, uchrashadi. Lekin tovarish pedofil model bo‘lishni orzu qiladigan, homiyga muhtoj qizlar bilan ham, butun boshli ikki davlat munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha yordam so‘raganlar bilan ham erinmay pochta orqali gaplashgan. Xuddi yozishmalarni saqlab qo‘yish uchun qilganday.

Yana bir shubhali narsa, Epshteyn uning oroliga maishat qilish uchun borganlarni hadeb rasmga olgan. Hatto yarim yolong‘och erkaklar yosh qizlar davrasida turgan kadrlar bor, e’lon qilinmagan fayllar ichida jinsiy aloqa, zo‘rlash kadrlari borligi ham taxmin qilinadi.

Mantiqan olib qaraganda, yaxshi ish qilmayotganini bilgan odamlar bu ishi rasmga olinishini istamaydi, lekin pedofil barcha jarayonni erinmay rasmga olgan. Keyin u qaysi mashhurni ko‘rsa, u bilan albatta rasmga tushgan. Buning nomini kompromat to‘plash deyishadi, men boshqacha ta’rif topolmadim.

Bu pedofil katta-katta odamlarni o‘z oroliga taklif qilib turli bazmlar tashkil qilgan, butun dunyodan model bo‘lish orzusidagi qizlarni to‘plab jinsiy aloqa qilgan, ularni boy odamlarga qo‘shgan, ba’zi qurbonlarning aytishicha, yosh qizlar hatto kimoshdi savdolarida sotilgan.

Xuddi shu pedofildan odamlar butun boshli davlatlar o‘rtasida aloqa o‘rnatish borasida yordam so‘ragan, butun boshli davlat rahbarlari Amerika markaziy banki rahbari masalasini u bilan muhokama qilgan, prezidentlarning kuyovlari bilan uchrashuv tashkil qilishni so‘rashgan.

Va yana shu pedofil barcha rasvogarchiliklarni rasmga, videoga olib go‘yoki Amerika siyosiy elitasi ustidan kompromat to‘plagan. Endi savol paydo bo‘ladi: Jyeffri Epshteyn kim o‘zi? Siyosiy masalalarni hal qiladigan o‘rtakashmi, Amerika elitasi ustidan qaysidir davlar uchun kompromat to‘plagan josusmi yoki ayollarni sotuvchi qo‘shmachimi?

Meni hayron qoldirgani, Jyeffri Epshteyn voyaga yetmagan qizlarni pul beribmi, model qilaman debmi, xullas, nima qilib bo‘lsa ham avragan, ular bilan jinsiy aloqa qilgan. Qizlarni qo‘lini qayirib oroliga olib bormagan bo‘lsa ham, keyinchalik qurbonlarning aytishicha, ularni sotish bilan shug‘ullangan, uning orolida kap katta erkaklar yosh bolalar bilan ko‘ngilhushlik qilgan. Lekin Epshteyn orolida shu ishlarni qilgan hech kim jazolanmagan.

Pedofil bu ishlar bilan bir-ikki marta emas, 20 yildan ortiq vaqt davomida shug‘ullanib kelgan. Hatto rasman qamoqqa hukm qilingan vaqtida ham orolida kayf-u safo qilib yurgan. Lekin ish bo‘yicha faqat Epshteyn va uning amalda ish boshqaruvchisi Maksvell qamalgan. Mijozlar, orolga yosh qizlar uchun borganlarning birortasi javobgarlikka tortilmagan, ularning ro‘yxati ham yo‘q.

Bunaqa shubhali faktlardan keyin Epshteyn chindan o‘lganmi o‘zi degan savol ham o‘rtaga chiqmoqda. Chunki pedofil o‘lgan tunda qamoqxonadagi kameralardan birida boshqa bir odam uning kamerasiga yaqinlashgani ko‘ringani, hammasini oydinlashtirishi kerak bo‘lgan kameralardan biri ishlamay qolgani, Epshteynning ukasi Mark akasi o‘ldirilgani haqida gapirgani bu borada shubhalarni yanada kuchaytiradi.

Xullas, kimdir butun dunyo bilan, ayniqsa Amerika elitasi bilan juda katta o‘yin o‘ynayotganga o‘xshaydi. Shunday bo‘lsa, o‘sha g‘alamis maqsadiga erishdi – zamonaviy dunyo hali bunaqa axboriy xaos bilan to‘qnash kelmagandi...

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid